Siz tashlagan chiqindi kimnidir boy qiladi

Jamiyat

So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida har kuni o‘rtacha 12 million tonnaga yaqin chiqindi hosil bo‘ladi. Dunyoda aholi soni har yili 1,5-2 foizga, ishlab chiqarilayotgan chiqindi miqdori esa 6 foizga ortib bormoqda. Albatta, bu katta ko‘rsatkich. Shuning uchun ham keyingi yillarda dunyo bo‘ylab bu borada turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri bu chiqindi qayta samarali ishlab chiqarish texnikasidir. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi? Uning ekologiyaga tasiri qanday darajada? Bugun xuddi shunday savollar bilan soha vakillariga murojaat qilib, imkon qadar ulardan javob oldik.

Xonadonlardan chiqayotgan chiqindilar dastlab mahallalardagi chiqindixonalarda yig‘iladi. Maxsus mashinalar ularni to‘playdi hamda qayta yuklash stansiyalariga olib boradi. Poytaxt Toshkentda uchta qayta yuklash stansiyasi bo‘lib, ular Yunusobod, Yakkasaroy hamda Yashnobod tumanlarida joylashgan. Toshkent shahar “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Sa’dullayevning so‘zlariga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida kuniga 2400 tonnagacha chiqindi hosil bo‘ladi. Poytaxtdagi chiqindilarni yig‘ish uchun har kuni 260 ta maxsus mashina xizmat qiladi.

“Maxsus mashinalar ertalab soat oltidan kechki soat olti-yettigacha ishlashadi. Bundan tashqari, navbatchi ekipajlar tashkil etilgan bo‘lib, har bir tumanga ikki-uchtadan navbatchilar qoladi. Bunga asosiy sabab aholi tomonidan belgilanmagan joylarga tashlab ketilgan chiqindilarni yig‘ishdir. Toshkent shahrining o‘zida mingdan ortiq chiqindi tashlash markazilari joylashtirgan bo‘lsa, ularning har birida qog‘oz uchun, boshqa chiqidilar uchun alohida-alohida qilingan. Bundan tashqari, qurilish chiqindilari uchun alohida texnikalar mavjud. Bu yerda yig‘ilgan chiqindilar maxsus texnikalar yordamida zichlanadi. Maxsus konteynerlarga joylanib, katta poligonlarga jo‘natiladi”, deydi Ismoil Sa’dullayev.

Stansiyalarga keltirilgan chiqindilar konteynerlarga zichlab joylashtiriladi va oxirgi manzil bo‘lgan maxsus poligonlarga olib boriladi. Poligonda esa chiqindi to‘kiladi, texnikalar orqali tekislab, yoyib chiqiladi. Ustidan tuproq bilan yopib, rekultivatsiya qilinadi. Misol uchun, Toshkent shahridagi chiqindilar Ohangaron tumanida joylashgan poligonga eltib tashlandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bosh mutaxassisi Umar Abdullayevning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistoda 160 ta maishiy chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, avval bo‘lgan 243 ta poligondan 47 tasi to‘lgani sababli yopilgan.

“Butun respublika bo‘ylab 2020 yilda 780 ming tonna, 2021 yilda 560 ming tonnaga yaqin qattiq maishiy chiqindilar hosil bo‘lgan. Hozirgi kunda yana 8 ta poligonni yopib, hokimiyat zaxirasiga o‘tkazishga tayyorlab qo‘yilgan. Yana 25 tasi yopishga tayyorlanmoqda. Prezident 2022 yilning fevralida hududlar rahbarlariga resursini o‘tab bo‘lgan maishiy chiqindi poligonlarini jami 165 gektar maydondagi 24 tasini 1 mayga qadar ko‘mish choralarini ko‘rishni topshirgandi. Xususan, Prezident farmoni bilan 3 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari barpo etilishi, 103 ta chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurilishi va 558 ta chiqindi konteynerlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan”, deydi Umar Abdullayev.

Toshkent shahar “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Sa’dullayevning ta’kidlashicha, Davlat tomonidan ajratilgan 69 mln AQSH dollarlik imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lib, unga asosan yangi texnikalar xarid qilingan. Unga ko‘ra, 18 mingdan ortiq chiqindi tashlash qutilari xarid qilingan. Shuningdek, mablag‘dan 15 mln AQSH dollariga 2023 yilning oxiriga qadar yangi poligon qurib bitkazilishi kutilmoqda. Maxsus inshootda chiqindilarni qayta ishlash va saralash jarayoni olib boriladi hamda u yerdan xalq uchun elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

“2023 yilning oxiriga qadar bu poligon Toshkent viloyati Ohangaron tumanida qurib bitkaziladi. Bu jarayonda chiqayotgan chiqindilarning hammasi ajratib chiqiladi va 2 metr chiqindi yarim metr tuproq bilan ko‘miladi. Bu jarayonda utilizatsiya qilinib, 3-4 yildan keyin o‘zini foydasini beradi. Bu yerdagi chiqindidan chiqayotgan gazlardan elektr energiyasi olinadi. Bu narsa Janubiy Koreyaning kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bu xalq uchun foyda”, deydi u.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston hududida qalinligi 100 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish taqiqlanadi. Ushbu tartib eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xo‘jalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlarga tatbiq etilmaydi. Mazkur kichik band talablarini buzish tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatishi oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rmaganlik sifatida baholanadi hamda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

chiqindi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing