Aholidan qayta ishlanadigan chiqindi sotib olinadi

Jamiyat

image

Endilikda ko‘p qavatli xonadonlarda aholini chiqindini saralagan holda shoxobchaga olib borishga rag‘batlantiradigan tizim joriy etiladi. Bu haqda bugun, 29 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan  videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Ekologiya jamg‘armasi hisobidan aholiga maxsus chiqindi paketlari bepul beriladi, aholi chiqindini qayta ishlanadigan, qayta ishlanmaydigan va organik toifaga ajratib, shoxobchaga olib boradi. Tadbirkor esa qayta ishlanadigan foydali chiqindini aholidan sotib oladi. Ushbu tizim dastlabki bosqichda Toshkent, Andijon, Buxoro, Termiz, Angren shaharlari va Toshkent tumanida yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ham yangi tizim tashkil etilishi belgilandi. Mavjud 194 ta poligondan resursini o‘tab bo‘lganlari yopiladi. Har bir viloyatda 3-4 tadan chiqindi poligoni maxsus eko-sanoat zonasiga aylantiriladi hamda ularda qayta ishlash va yoqish loyihalari amalga oshiriladi.

Qolgan poligonlarda chiqindini vaqtincha to‘plab, qayta yuklaydigan stansiyalar ishga tushadi. Ular eko-sanoat zonasini kafolatlangan chiqindi massasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Mutasaddilarga investor topib, o‘z hududida kamida bittadan chiqindini yoqish zavodi qurish loyihasini boshlash topshirildi.

Shuningdek, tadbirkorlar investitsiya majburiyatini to‘liq bajarishi uchun chiqindi uchun to‘lov intizomi masalasini uzil-kesil hal qilishi lozim bo‘ladi. Chiqindi xizmati bilan barcha korxona va tashkilotlarni qamrab olish muhimligi ta’kidlandi.

Har bir viloyatdagi 2 tadan, jami 26 ta tumanda tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalari vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga o‘tkaziladi. Bunda, tadbirkorlar o‘ziga biriktirilgan hududda daraxt va gullar ekish, ularni parvarishlash, ariqlarni tozalash, ko‘chalarni yoritish bilan birga chiqindilarni olib ketish bilan ham shug‘ullanadi. Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlar tumandagi umumiy obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi va shunga yarasha haq oladi. Yil yakunigacha yangi tajribani sinovdan o‘tkazib, 2025 yildan barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, “Mahalla yettiligi”ga hududida aslida ko‘rsatilmagan xizmat bo‘yicha noreal qarzni hisobga olmaslik vakolati beriladi. Bu orqali xizmat ko‘rsatilmagan hudud uchun ham debitor qarzdorlik yozib qo‘yishdek adolatsiz amaliyotga chek qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev chiqindi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing