Chiqindi tashuvchi maxsus texnikalarga GPS tizimi o‘rnatiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda chiqindilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha maxsus texnikalarga onlayn kuzatuv (GPS) tizimi o‘rnatiladi. Bu haqda joriy yilning 26 sentyabr kuni qabul qilingan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida keltirilgan.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan hududlarda chiqindilar bilan ishlash darajasini oshirish hamda bu borada ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilikning rolini oshirish, tadbirkorlar va aholi o‘rtasida qayta aloqani to‘liq yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi quyidagilar amalga oshiriladi:

  • chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlarni tadbirkorlarga berish yuzasidan o‘tkaziladigan tender jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish;
  • sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindi to‘plash shoxobchalariga videokuzatuv kameralarini o‘rnatish va shoxobchalar faoliyatini aholi tomonidan kuzatish imkoniyatini yaratish;
  • chiqindilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha maxsus texnikalarga onlayn kuzatuv (GPS) tizimini o‘rnatish;
  • sanitar tozalash korxonalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ko‘lami bo‘yicha shikoyatlarni qabul qilish hamda sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun “Call markaz” faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • sanitar tozalash korxonalari xizmat ko‘rsatuvchi hududlarning geografik chegarasi hamda aholi va yuridik shaxslarga biriktirilgan chiqindilarni yig‘ish maydonchalari (konteyner) joylashuvi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berish;
  • abonentlarning hosil bo‘lgan chiqindilarini olib chiqib ketish grafigini ko‘rsatish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi xabar qilingandi. Agentlik chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona me’yorlar va standartlarni ishlab chiquvchi, sinovdan o‘tkazuvchi va amaliyotga tatbiq etuvchi, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqaruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston chiqindi Ekologiya GPS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing