Kar, ko‘r, soqov edik... Shuncha bo‘lurmi hay-hay?

Tahlil

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnoma taqdim etganidan so‘ng, turli amaldorlar tomonidan aytilayotgan fikrlar haqida nima deyishingni bilmaysan kishi. Go‘yo endi uyg‘onilgandek, go‘yo barchasi endi boshlanayotgandek. Aytilayotgan fikrlardan quruq va sovuq qarsaklarning tovushi keladi. Ular bo‘g‘izdan majburan otilib chiqayotgandek eshitiladi.

Prezident, dehqonchasiga aytganda: “Bo‘ldi endi og‘aynilar, yig‘ishtiraylik bunday gaplarni. Ishni qilaylik, ishni... Gap bilan qorin to‘yadimi?”, deb turgan bir paytda, murojaatnoma tugashi bilan boshlanib ketdi: “Mana bu tizimda tub burilish qilamiz”, “Strategik islohotlarning istiqbolli ko‘lamini oshirishning zamonaviy alomatlari”,  “Biz bu yilda ma’rifatimizni oshirish borasida zamonaviy dasturlar izchilligini qo‘llash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqamiz”, xullas, o‘qisang tiling jingalak bo‘lib qoladigan balandparvoz gaplar... Yomg‘irdan so‘ng, bosib ketadigan qo‘ziqorinlarga o‘xshaydi, go‘yo. Maqolalardagi sarlavhalarni ko‘rib, ichim yonib ketdi – grammatik nuqtai nazardan ham, mantiqiy nuqtai nazardan ham barcha gaplar kelasi zamonda gapirilgan. Ha, kelasi zamon...

Eh, baraka topgurlar, 30 yillik xushomad to‘la balandparvoz gaplaringizni jamlasa, qalin bir devonni ko‘ramiz. Qilgan ishlaringizga nazar solsak xonumonni ko‘ramiz.

Biz “propiska” oyoqlarimizga zanjir bo‘layotganini oldin ko‘rmaganmidik? Korrupsiyaning botqoq ekanligini oldin bilmaganmidik? Faqat bu haqida Prezident gapirishini kutib yotgan edik. 

Kuzatganlarim, o‘zbek interneti segmentida bildirilayotgan munosabatlardir. Matbuot sahifalarini varaqlashdan cho‘chiyapman. “Munosabat bildirish kerak, albatta, munosabat beringizlar”, deydigan jurnalistlar qanchadan qancha hali matbuotimizda.

Oddiy misol: Putinning murojaatnomasidan so‘ng, sanoqli amaldorlar o‘z munosabatini bildirdi, tamom! Hamma o‘zini ishga urib ketdi. Biz esa hamon alyorlar, bitiklar, dostonlar yozish bilan ovoramiz. 

Baraka topgurlar hokim yerini tortib olgan tadbirkor uchun, gazi yo‘qligidan kechasi junjikib chiqadigan qishloq odami uchun, chaqirimlab masofadan suv tashiydiganlar uchun, kontrakt qimmatligidan bolasini o‘qita olmayotganlar uchun, xullas, tirikchiligi g‘amida g‘imirlab yurgan qora xalq uchun, chet elda sarson bo‘lib yurgan minglab odamlarimiz uchun sizning balandparvoz, shon-sharafga to‘la so‘zlaringiz emas, kichik bo‘lsa-da, amalda bir harakatingiz kerak.

Xalq uchun ham, Prezident uchun ham...

Aslida, shu tobda, Prezidentga qanchalik qiyin ekani haqida o‘ylayapman. Davlat rahbari kuyunib murojaat qilsa, vaqt sarflasa-yu, bular uning qo‘lidan tutib safdosh bo‘lish, mashvaratini tashkil qilish o‘rniga, endi uyg‘onish bilan band bo‘lsa. Necha yildan beri hokim, senator bo‘lib yurgan odamlarga bizga endi senatorlikni o‘rgatib berdingiz, deyish to‘g‘rimikan? Eplolmaganingizni o‘zingiz bilarkansiz, qo‘l ko‘tarishdan boshqasiga yaramagan ekansiz, nega mard bo‘lib tashlab ketmadingiz? O‘shanda bu burro tilingiz qayerda edi? Prezidentga oson emas, oson emas... 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

1098

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing