Oliy Bosh qo‘mondon urush faxriylarini tabrikladi

Jamiyat

image

G‘alaba bog‘idagi amfiteatrda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Marosimda urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar jam bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.

Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun o‘zbek xalqini tabrikladi.

"Bugungi qutlug‘ ayyomda barchamiz, avvalo, o‘z jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib ta’zim qilamiz. Sizlar kabi minglab urush va mehnat fronti qatnashchilarini – azmu shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz", dedi davlat rahbari.

Bu yil karantin tufayli urush va mehnat faxriylarining aksariyati bayramni o‘z uylarida nishonladi. Ular televideniye orqali bugungi tantanali marosimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bordi. 

"Siz azizlarning barchangizni g‘oyibona bag‘rimga bosib, bugungi erkin va ozod hayotni ta’minlash yo‘lida ko‘rsatgan mardligingiz, Vatanga sadoqatingiz uchun o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan rahmatlar aytib, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman".

Davlat rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan salomlashib, hol-ahvol so‘radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, elimizga farovonlik tilab duolar qildi.

Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, harbiy okruglardagi bayram ishtirokchilariga namoyish qilindi. 

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan videoaloqa tizimi orqali muloqot qildi. 

Prezident G‘alaba bog‘ining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.

Bog‘da Ikkinchi jahon urushi davridagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, temir yo‘l vokzali, okoplar barpo etilgan, harbiy texnikalar, qurol-aslahalar  ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Davlat rahbari ushbu texnikalarni ham ko‘zdan kechirdi.

"G‘alaba bog‘ida aholining tarix bilan hamnafas bo‘lib, o‘tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, mazmunli dam olish, ommaviy madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mazkur bog‘ Vatanga sadoqat, o‘z hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning o‘lmas jasorati va yorqin xotirasi oldidagi yuksak hurmat-ehtiromning amaliy namunasi bo‘lib qoladi", deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

39

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing