Siyosiy maydonda rahbar ayollar ko‘payishi tarafdoriman – Robaxon Mahmudova
Jamiyat
−
28 avgust
3863“Adolat” SDP asosiy g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda xotin-qizlar ishtirokini muhim, deb hisoblaydigan siyosiy kuchdir. Partiya Saylovoldi dasturida jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar faolligi va rolini oshirishni, gender tengligiga erishish, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidorli hamda yuqori malakali xotin-qizlarni davlat boshqaruvi va siyosatga faol jalb etish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda faol ishtirokchi bo‘lishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilagan. Bu haqda “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova bilan suhbatda ma’lum bo‘ldi.
Hurmatli Robaxon Anvarovna, O‘zbekiston hayotidagi muhim siyosiy voqelik – parlament va mahalliy Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadigan kun tobora yaqinlashib kelmoqda. Albatta, saylov – demokratiya ko‘zgusi bo‘lishi bilan birga mamlakatda faoliyat olib borayotgan siyosiy kuchlar uchun jiddiy sinov, partiyaning xalq oldidagi hisoboti va kelgusi besh yillik rejalari bo‘yicha o‘ziga xos imtihoni hamdir.
Xo‘sh, o‘tgan besh yillikda “Adolat” partiyasi saylovoldi dasturida belgilangan maqsadlariga erishib, ko‘zlagan rejalarini bajara oldimi? Bir so‘z bilan aytganda, partiya saylovchilar ishonchini oqladimi?
– Avvalo, mamlakatimizda ulug‘ ayyom nafasi kezib yurgan shunday shukuhli kunlarda partiyamizga nisbatan ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.
Ayni paytda, fursatdan foydalanib, butun O‘zbekiston xalqini tobora yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin dildan muborakbod etaman! Davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!
Albatta, Istiqlol sharofatini, Istiqlol saodatini so‘z bilan ifodalash mushkul. Biz o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqiga erishganimizga endigina 33 yil to‘lmoqda. Tarix uchun “kiprik qoqqanchalik” qisqa bo‘lgan ushbu fursat ichida ona Vatanimizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, ijtimoiy himoya sohalarida amalga oshirilgan islohotlar partiyamiz tomonidan ilgari surib kelinadigan g‘oyalarga hamohang ekanligini ta’kidlash lozim. Bu borada yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb e’lon qilinishi biz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mustaqillik mamlakatimizda siyosiy partiyalar uchun aholi manfaati, haq-huquqlarini himoya qilish, ularning taklif va muammolari bilan tizimli ishlashda yangicha yondashuvlarga tayanish, muhim tashabbus va g‘oyalarni ilgari surish imkoniyatini yaratdi.
1995 yilning fevral oyidan beri samarali faoliyat yuritib kelayotgan bizning partiyamiz ham tom ma’noda istiqlol ne’matidir.
Shunday quvonchli kunlarda ona xalqimizga qarata yana bir bor Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin, deyman!
Endi savolingizga kelsak.
To‘g‘ri aytasiz. Siyosiy partiyalar uchun g‘alvir suvdan ko‘tariladigan pallalar yaqinlashmoqda. “Adolat” SDP tomonidan 2020-2024 yillar davomida partiyaning “Asosiy tamoyilimiz – adolat hamma yerda va har bir inson uchun! Qonun va adolat ustuvorligiga erishish – harakatlarimiz mezonidir!” kabi xalqchil sotsial-demokratik g‘oyalar asosida Saylovoldi dasturida ilgari surilgan davlat boshqaruvi, sud-huquq, qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy sohalar, ekologiya, tashqi siyosat yo‘nalishlaridagi 200 dan ortiq tashabbuslarning juda katta qismi mamlakat va jamiyat hayotiga tatbiq etildi.
Albatta, hozir ularni birma-bir sanasak, suhbatimiz uzoq davom etishi mumkin. Shu boisdan amalga oshirilgan ishlarimizning ayrimlarinigina qayd etib o‘tish bilan kifoyalanaman.
Partiya sotsial-demokratlarga xos tarzda jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida sud tizimini kompleks rivojlantirish, sudlarning mavqeini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash vazifasi ijrosi doirasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 136-moddasiga sudyalar daxlsizligiga oid alohida norma kiritilishiga erishdi.
Mazkur norma bilan, avvalo, sudyalarning mustaqilligi va ularning daxlsizligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi. Sudyaning vakolatlari qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin emasligi kafolatlab qo‘yildi.
Bundan tashqari, partiyaning umumiy yurisdiksiya sudlarini tashkil qilish haqidagi tashabbusi asosida viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi.
Partiyamizning bu yo‘nalishdagi yana bir tashabbusi – advokatlarning maqomini yanada ko‘tarish yuzasidan dasturimizda belgilangan vazifa ijrosi bo‘yicha yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga “Advokatura” nomli alohida bob kiritildi. Oliy hujjatda advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘lishi va qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlab qo‘yildi.
Shu bilan birga, partiya dasturida ilgari surilgan oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tartibiga o‘tkazish tashabbusi ham amaliyotga joriy etildi. Bugungi kunda 40 dan ortiq OTM o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazildi.
Ma’lumki, siyosiy partiyaning maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarishda mazkur siyosiy kuchning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi muhim o‘rin tutadi. “Adolat” SDPning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan ham o‘tgan besh yillikda qonunchilik tashabbusi huquqi doirasida partiya elektorati va xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladigan 450 dan ortiq qonun loyihalari ko‘rib chiqilgani holda ularda 30 ta qonun loyihasi qabul qilinishiga erishildi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari tomonidan fuqarolar murojaatlari asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlariga 107 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi.
Birgina misol: yoshlarimizning oliy ta’lim olish imkoniyatini yanada kengaytirish, ikki va undan ortiq farzandlari oliy ta’limda o‘qiyotgan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida fraksiya tashabbusi bilan Bosh vazirga oliy ta’lim muassasalarida shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalarga to‘lov pullarini bo‘lib to‘lash bo‘yicha so‘rov yuborilgan edi. Fraksiyamizning ushbu tashabbusi Hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi – hozirgi paytda kontrakt to‘lovlarini to‘rtga bo‘lib to‘lash tartibi joriy etilgan.
Shu bilan birga, partiya va fraksiya hamkorligida olib borilgan o‘rganishlar davomida dorixonalarda sotilayotgan tarkibi va xususiyati jihatidan bir xil bo‘lgan xorijiy va mahalliy dori vositalari o‘rtasida katta tafovut borligi hamda o‘zimizning ayrim mahalliy mahsulotlar chet davlatlarnikidan 10-15 barobar qimmat sotilayotganligi yuzasidan Bosh prokuratura hamda Raqobat qo‘mitasiga yo‘llangan deputatlik so‘rovlari ham nazoratga olinib, dorixonalarda sotilayotgan o‘nlab dori vositalari narxlarining asosiz ravishda oshirilishining oldi olindi.
O‘z navbatida, fraksiya o‘qituvchilar huquqiy maqomini yanada ko‘tarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilishda faol bo‘lishdi.
Bular, yuqorida ta’kidlab o‘tganimday, “Adolat”chilar o‘tgan besh yil davomida amaliyotga tatbiq etgan ishlarning bir qismi, xolos.
– Robaxon Anvarovna, shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Ayting-chi, shaxsan Siz o‘zingiz o‘tgan davr mobaynida partiya tomonidan amalga oshirilgan ish yoki loyihalarning qaysi biri xalqqa eng ko‘p nafi tegdi, jamiyatda mavjud bo‘lgan jiddiy, og‘riqli muammolarni hal eta oldi, deb hisoblaysiz?
– Agar faqat bittasini alohida aytish lozim bo‘lsa, men, shubhasiz, yillar davomida ko‘pchilikni qiynab kelgan “propiska” tizimiga nisbatan munosabatimizni aytgan bo‘lar edim.
Aynan “Adolat” partiyasining Saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holdagi sa’y-harakatlari, takliflari natijasida “propiska” tizimiga yangicha yondashish, fuqarolarimizning o‘z xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda doimiy yashash joyini o‘zi belgilash huquqini ta’minlovchi huquqiy asosni bosqichma-bosqich takomillashtirib borish yo‘nalishida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga erishildi. Natijada Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lish uchun bu hududlarda doimiy ro‘yxatda turish talabi bekor qilindi. Xususan, o‘tgan haftada Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. O‘ylaymanki, bunday amaliyot fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash va kafolatlash yo‘lida katta qadam bo‘ldi.
Bevosita partiya loyihalariga to‘xtaladigan bo‘lsam, hech ikkilanmasdan aytishim mumkinki, bugun partiyamizning har bir loyihasi xalqchil va natijadorligi sabab jamoatchilik ko‘nglidan joy olib ulgurgan. Jumladan, partiyaning “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida olib borilayotgan beg‘araz donorlik loyihasini partiya loyihalarining lokomotivi, deyish mumkin. An’anaviy tarzda bir yilda ikki marotaba, 1 iyun – “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” hamda 3 dekabr – “Xalqaro nogironlar kuni” va 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida tashkil etib kelinayotgan ushbu loyiha xalqimiz ko‘nglidan alohida joy egallab ulgurgan.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, bemor bolalarning hayotini saqlab qolish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat.
Aksiya doirasida o‘tgan 5 yillikda respublika bo‘yicha jami 20423 nafar ko‘ngillilar ishtirok etishgani holda bemor bolajonlar uchun qon topshirildi. Ushbu to‘plangan donorlik qonlaridan minglab qonga muhtoj bolajonlar hayotini saqlab qolishda foydalanilgan.
– Bugun asosan partiyaning 2020-2024 yillarga oid saylovoldi dasturi haqida gaplashyapmiz. Mavzuni bir savol bilan davom ettirsak. Robaxon Anvarovna, partiyaning dasturida belgilangan, biroq amalga oshmay qolgan reja va maqsadlar haqida nima deya olasiz? Ularning kelgusi taqdiri qanday bo‘ladi? Javonning quyi g‘aladoniga tashlab qo‘yiladimi yoki...
– Tan olib aytish kerak: Saylovoldi dasturimizda belgilangan ba’zi bir taklif-g‘oyalarimiz to‘liq amalga oshmay qoldi. Xususan, partiyamiz o‘z dasturida dorilarning yagona elektron bazasini shakllantirishni va unda barcha dorilarning nomi, narxi, ishlab chiqaruvchisi va savdoga chiqaruvchisi, chet eldan keltirilgan dori-darmonlar uchun esa import qiluvchining ma’lumotlarini ko‘rsatadigan elektron tizimni tatbiq qilish taklifini ilgari surgan edi.
Bugungi kungacha ushbu yo‘nalishda partiyamiz tomonidan ko‘plab amaliy ishlar qilindi va bir qator o‘rganishlar o‘tkazildi, tanqidiy chiqishlar qilindi. Ammo, hozirda dorilarning yagona elektron bazasini shakllantirish va unda barcha dorilarning nomi, narxi, ishlab chiqaruvchisi va savdoga chiqaruvchisi, chet eldan keltirilgan dori-darmonlar uchun esa import qiluvchining ma’lumotlarini ko‘rsatadigan elektron tizimni tatbiq qilish masalasi to‘liq amalga oshirilgan emas.
Biz o‘z maqsadimizga sodiq qolgan holda va, tabiiyki, mazkur pozitsiyamizda qat’iy qolgan holda ushbu dolzarb masalani yangi Saylovoldi dasturimizda ham aks ettiramiz. Biz dorilarning yagona elektron bazasini shakllantirish va mamlakat bo‘ylab yaxlit elektron tizimni joriy qilish tashabbusini ilgari suryapmiz. Zero, bizda “javonning quyi g‘aladoni”ga tashlab qo‘yiladigan masala yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!
– Siz siyosiy partiyalar rahbarlari orasidagi yagona yetakchi ayolsiz. Shu nuqtai nazardan, partiya faoliyatida xotin-qizlar, gender tenglik masalalariga qay darajada ahamiyat qaratyapsiz?
Umuman, partiya 2020-2024 yillar oralig‘ida xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi nufuzini oshirish, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish hamda oila institutini mustahkamlashga qaratilgan qanday muhim ishlarni amalga oshirdi?
– Bugungi kunda partiyamiz a’zolari 1 million 100 ming nafardan ortiqni tashkil etayotgan bo‘lsa, ulardan 52 foizi xotin-qizlardir. Partiyamizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolarining 62 foizi, partiyamiz a’zosi bo‘lgan senatorlarning esa 33 foizi xotin-qizlardan iborat. Oxirgi 4 yil davomida fraksiyamizning ayol a’zolari qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 27 ta qonun loyihasiga tashabbuskor bo‘lishdi.
Jumladan, parlamentdagi bir guruh ayol deputatlarimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Saylov kodeksining 70- va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni taklif etishdi. Ushbu taklif inobatga olinib, Saylov kodeksiga tegishli o‘zgarishlar kiritildi. Bu esa, o‘z navbatida, partiyamizning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va, eng muhimi, ishonchi yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Yana shuni ham aytib o‘tishim joizki, “Adolat” SDP asosiy g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda xotin-qizlar ishtirokini muhim, deb hisoblaydigan siyosiy kuchdir. Partiyamiz Saylovoldi dasturida jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar faolligi va rolini oshirishni, gender tengligiga erishish, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidorli hamda yuqori malakali xotin-qizlarni davlat boshqaruvi va siyosatga faol jalb etish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishda faol ishtirokchi bo‘lishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilagan.
Shu maqsadda, partiyamizning “Adolatchi ayollar” qanoti tomonidan qator samarali loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, birgina “Bir adolatchi – yuz ayolga himoyachi” loyihasi doirasida partiyaning barcha darajadagi deputatlik korpuslari, partiya faollari, “Adolatchi ayollar” qanoti tomonidan 5 300 ga yaqin yuzma-yuz muloqotlar, uchrashuv va davra suhbatlari olib borilgani holda ular 234 045 nafar ishtirokchini qamrab oldi. Yuqorida qayd etilgan muloqotlar va tadbirlar natijasida oilalarda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida 579 nafar ayolga partiya ko‘magida “Himoya order”lari olib berildi.
Agar ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilsak, partiyamiz tomonidan salmoqli natijalarga erishilganini ko‘rish qiyin emas. Qolaversa, kelgusida ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalasida partiyamizning bir qator dolzarb g‘oyalari, tashabbuslari bor.
Xususan, biz yangi saylovoldi dasturimizda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarimizni tizimlashtirgan holda zo‘ravonlikka uchragan ayollarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha maxsus elektron platforma yaratish tashabbusini ilgari suramiz. Shu bilan birga, biz ijro hokimiyati tizimida ayollarning o‘rnini oshirish maqsadida rahbarlik lavozimlarining kamida 30 foizi ayollar bo‘lishiga oid qoida kiritishni taklif qilamiz. Savolingizga qo‘shimcha sifatida shuni aytishni istar edimki, men shaxsan o‘zim ham siyosiy maydonda rahbar ayollar ko‘payishi tarafdoriman.
– Rahmat. Biz ham bu fikrga qo‘shilamiz, albatta. Bugungi kunda jamiyatda yuzaga kelayotgan ijtimoiy muammolarga nisbatan siyosiy partiyalarning munosabatlari ba’zan sustdek ko‘rinmoqda. Ayting-chi, sizningcha, ushbu holatlarga qanday omillar sabab bo‘lmoqda?
– Fikringizni hurmat qilaman, ammo unga qo‘shilmayman. Siz, ehtimol, bizning faoliyatimiz haqida to‘liq ma’lumotga ega emasdirsiz. Boshqa partiyalarni bilmadimu, lekin “Adolat” partiyasi bugungi kunda jamiyatdagi dolzarb, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalar yuzasidan tezkorlikda o‘z munosabatini bildirib kelmoqda.
Ahamiyatli jihati shundaki, biz mazkur munosabatlarda nafaqat mavjud muammo va vaziyat yuzasidan partiyamiz pozitsiyasini bildiryapmiz, balki ularni samarali yechishga qaratilgan aniq tahlil va asoslarga ega takliflarimizni ham ilgari suryapmiz, yakunda esa natijaga erishib kelyapmiz.
Bilasizki, so‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotganligi ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof-muhitning ifloslanishiga, oqibatda aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Mazkur muammoga partiyamiz tomonidan jiddiy e’tibor qaratilib, bir qator hududlarda o‘rganish ishlari o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida respublika bo‘yicha 184 ta istirohat bog‘larida daraxtzor hududlar kamaytirilib, 944 ta bino-inshoot qurilgani, 18 ta istirohat bog‘ida 91 ta noqonuniy qurilma mavjud ekanligi, 98 tasida 1248 ta attraksionlar noqonuniy o‘rnatilgani aniqlandi.
Aholimizning yashashi va dam olishi uchun noqulaylik tug‘dirayotgan holatlarni bartaraf etish hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida partiyamiz tashabbusi bilan “Aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyiha bilan madaniy hordiq chiqarish maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu maydonlardagi bino-inshootni xususiylashtirish, qurish yoki boshqacha tarzda begonalashtirish, shuningdek, chegaralarini o‘zgartirish, mavjud bino-inshootning qurilish osti maydonini kengaytirish qat’iy taqiqlanmoqda. Bu kabi amaliy harakatlarga yana bir misol sifatida partiyamiz tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatidagi “Yoshlar ko‘li”ning buzilishi yuzasidan chiqarilgan viloyat hokimi qarori bekor qilinganligini qayd etish mumkin.
— Yuqoridagi javobingizdan kelib chiqib aytish mumkinki, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining ayrim masalalardagi takliflari mavjud amaliyotni, ayniqsa, Hukumat pozitsiyasini o‘zgartirishga sabab bo‘lmoqda. Partiya yana qaysi masalalarda Hukumat pozitsiyasini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlamaydi?
— To‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, biz doimiy ravishda fuqarolarimiz hamda partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda Hukumat oldiga jiddiy masalalar qo‘yib kelamiz. Bilasiz, ta’lim va tibbiyot sohalari sotsial-demokratlarning doimiy diqqat-e’tibori markazida bo‘lib kelgan masalalar sirasiga kiradi. Shu boisdan partiya o‘z loyihalari, deputatlik guruhlari hamda fraksiyasi a’zolari yordamida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyatini jiddiy tahlil qilib boradi. Ayni vaqtdagi o‘rganishlarimizdan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, umumta’lim maktablarida ta’lim sifati qoniqarli darajada emas.
Buni maktab bitiruvchilarining OTMlarga kirish imtihonlari natijalarida ham ko‘rish mumkin. Xususan, OTMlariga 2024 yilgi kirish imtihonlarida abituriyentlarning 46,9 foizi o‘tish ballini, ya’ni 56,7 ballni to‘play olishmadi.
O‘qituvchilarning maoshlari bugungi kunda sezilarli darajada ko‘tarildi, oyliklarni yanada oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, maktab ta’limi sifati pastligicha qolmoqda. Maktablardagi ta’lim sifati pastligi sababli ota-onalar o‘z farzandlarini ortiqcha mablag‘ sarflash evaziga o‘quv markazlarida, repetitorlarda o‘qitishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa ota-onalarning farzandlari maktab ta’limi bilan OTMlarga o‘qishga kirolmasliklari bo‘yicha haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Vazirlik jiddiy choralar ko‘rmayapti. Biz vazirlik oldiga davlat tomonidan ko‘plab imkoniyatlar yaratilayotgan, ta’limga hisobsiz mablag‘lar ajratilayotgan bir paytda nima uchun natija yetarli emas, degan savolni qo‘ymoqdamiz.
Bilasizki, salomatlik posbonlari bo‘lgan tibbiyot sohasi xodimlari “Adolat” SDP elektorati sanaladi. Partiyaning aynan tibbiyot sohasiga oid “Adolat – xavfsiz dori-darmon uchun”, “Salomatlik yo‘lida birlashaylik” va “Farzandlari sog‘lom yurt – qudratli bo‘lur!” kabi loyihalari bor. Ushbu loyihalar doirasida partiya bir qator o‘rganishlarni o‘tkazib kelmoqda. Afsuski, o‘rganishlarimiz bugungi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga qulay bo‘lgan tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori vositalari savdosini nazorat qilish borasida yetarli darajada ish olib bormayotganligini tasdiqlamoqda.
Xususan, O‘zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirish to‘g‘risida bir necha yillardan buyon bot-bot ta’kidlab kelinishiga qaramasdan, bu yo‘nalishda vazirlik sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshira olmadi.
Tibbiy kartalar elektron shaklga keltirilmadi, retseptlar hali ham qog‘oz shaklida yozib berilmoqda. Vaholanki, “Aqlli tibbiyot”ning asosini bemorning ambulator kartasi, kasalliklar tarixi kiritilgan elektron ma’lumotlar bazasi tashkil qiladi.
Achinarlisi, so‘nggi ikki yilda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga byudjetdan 90 milliard so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, natijalar kutilganidek bo‘lmayapti. Shifokorlar va farmatsevtika kompaniyalarining o‘zaro xufiyona kelishuvini aytmasa ham bo‘ladi. Biz kelgusi besh yillikda vazirlik faoliyatini tubdan takomillashtirish, xususan, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, “elektron poliklinika” va “yagona elektron anketa” tizimlarini yo‘lga qo‘yish hamda farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuv va noqonuniy muloqot uchun jinoiy javobgarlik belgilash borasida bir qator muhim chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Shuningdek, bugungi kunda dorixonalarda sotilayotgan ayrim dori vositalarining narxi qimmatligi fuqarolarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Aksariyat dorixonalarda sotilayotgan tarkibi va xususiyati jihatdan bir xil bo‘lgan dori vositalarining narxlari o‘rtasida katta tafovut bor. Ya’ni nomlanishi, ishlab chiqaruvchisi bir xil bo‘lgan dori ikki-uch xil narxlarda sotilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ham, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ham dori vositalarining aylanmasini to‘g‘ri tashkil etish hamda ularning sifatini nazorat qilish tizimini yarata olmadi. Misol uchun, agar ushbu soha mutasaddilari yaxshi ishlaganda “Dok-1 Max” dori vositasi iste’molidan 68 nafar bola halok bo‘lmas edi.
Bu kabi muammolarni tizimli ravishda hal etish zarur.
Xatolar-ku tuzatilar, ammo insonlarning boy berilgan hayotini, salomatligini tiklab bo‘lmaydi.
– Joriy yilda o‘tadigan saylovda “Adolat”ga qaysi partiya asosiy raqib bo‘ladi deb o‘ylaysiz?
– Bilasizmi, siyosiy maydondagi o‘rnimiz va bo‘lajak saylovlar uchun ishlab chiqilgan strategiyamiz bizni maqsadlarimizga erishish uchun har tomonlama samarali harakat qilishga undaydi. Shu sababli biz diqqatimizni qaysidir raqibga qaratgan holda o‘z imkoniyatlarimizni cheklash o‘rniga barcha sa’y-harakatlarimizni xalqqa xizmat qilishga qaratganimiz muhimroq, deb hisoblaymiz. Biz uchun eng muhim vazifa – fuqarolarimiz ishonchini oqlash va ularning farovonligini oshirishdir. Ayni vaqtda saylovda qatnashayotgan har bir partiya bizga raqib ekanligini yaxshi anglaymiz. Ayni paytda, ko‘p yillardan buyon yetakchilik qilib kelayotgan O‘zLiDePni asosiy raqibimiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi.
– Saylov jarayonlari qizg‘in pallaga kirmoqda. Siz bilan bo‘layotgan suhbatimiz asnosida qisqa savollarimiz ham bor edi:
– Qanaqa ovqatni xush ko‘rasiz?
– Milliy taomlarimizni.
– Ish kuni yoqadimi yoki shanba-yakshanba?
– Ish ham, dam olish ham o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi.
– “Dom”mi, hovli?
– Mehr-muruvvat qo‘rg‘oni mustahkam bo‘lsa, qayerda yashash masalasi ikkinchi darajali.
– Qanaqa mashinada yurishni yaxshi ko‘rasiz?
– Mashinada yurishni hashamat emas, ehtiyoj sifatida baholayman. Harakat vaqtidagi qulayligi muhim, deb o‘ylayman.
– Qaysi rangni yoqtirasiz?
– Ko‘k rangni.
– Fe’l-atvoringizni qanday ta’riflaysiz?
– Yangiliklarga, tashabbuslarga ochiqman. Iloji boricha vaziyatga haqiqiy baho berishga harakat qilaman.
– Siz arbobsiz. Sizga xushomad qilishsa, yoqtirasizmi?
– Aynan shunday toifaga nisbatan murosasiz kayfiyatdaman.
– Qayta yashash imkoniyati tug‘ilsa, yana huquqshunos bo‘larmidingiz?
– Albatta.
LiveBarchasi