Siyosiy “isyonlar, o‘zbeklarni o‘ldirgan “qassoblar” va tilga kirgan vazirlik – Hafta tahlili

Tahlil

“Ronaldu” odam o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Qirg‘iziston deputati suv uchun O‘zbekistondan pul talab qildi. Turkiyada bir emas ikki ayol vahshiylarcha o‘ldirilib, axlat qutisiga tashlangani fosh bo‘ldi. 20 ga ham to‘lmagan qizlar narkotik moddalar bilan qo‘lga olindi. Ular ayrim narsalarning ichiga og‘uni tiqib, yashirmoqchi bo‘lishgan. Qirg‘izistonda siyosiy tebranish kuzatilmoqda. Tarix takrorlanishi mumkinmi? Shu boshqa voqealarning to‘liq tafsiloti bilan Qalampir.uz studiyasida hafta tahlili.

Qirg‘izistonlik deputat O‘zbekistondan suv uchun pul talab qildi 

Qirg‘izistondagi vaziyat haqida ko‘p gapirildi. Buni xabarlarning izohlar bo‘limiga o‘zbekistonlik fuqarolar tomonidan yozilgan “Boshqalarni ishini buncha ko‘p muhokama qildinglar”, “Nima sizlar qirg‘iz mediasimisiz?” “E sizlarga nima?” deb yozgan gaplaridan ham bilish mumkin. Javobimizni ommatan qilib beramiz. Birinchidan, jurnalistika makon yoki zamon tanlamaydi. Qamrov katta bo‘lishi faqat yutuq. 

Ikkinchidan va eng asosiysi, Qirg‘izistondagi vaziyat to‘g‘ridan to‘g‘ri sizga va bizga, xavfsizlik, iqtisodiyot, chegaradagi tinchlik, suv va boshqa resurslar masalasi bilan bog‘liq. Oddiy misol, hozirda ichki bo‘linish va ikki katta shaxs atrofida turli jamoa shakllanishi ortidan bo‘shatishlar, lavozimlardan olishlar kuzatilayotgan Qirg‘izistondagi bir deputat O‘zbekistondan suv uchun pul talab qildi.

Qiziq tomoni shundaki, Jogorku Kenesh yig‘ilishida bu norozilikni bildirgan shaxs – Umbetali Qidiraliyev potensial prezident sifatida ko‘rilgani uchun ishdan olingani aytilayotgan Tashiyevga yaqin insonlardan biri. Bog‘liqlikni ko‘ryapsiz-a? 

Aslida ham Tashiyev Japarovdan ko‘ra o‘zining qat’iyatli xarakteri bilan ajralib turadi. U “diplomatiya tili”dan ko‘ra, kuch va to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim o‘tkazish uslubini afzal ko‘radi. Uning siyosiy imiji “tartib o‘rnatuvchi kuchli qo‘l” g‘oyasiga qurilgan. Tashiyevning nutqlarida ko‘pincha qirg‘izlar manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish va milliy g‘ururni bir oz agressiv shaklda namoyon qilish kuzatiladi.

Shu sabab uning chiqishlari bir vaqtning o‘zida ikki xil reaksiya uyg‘otadi. Xalq orasida uning qat’iyati katta reyting beradi. Xalqaro maydonda esa uning emotsional nutqlari va millatchilik unsurlari bo‘lgan bayonotlari diplomatik doiralarda “xavfli keskinlik” sifatida qabul qilinadi.

Japarov faoliyatining 5 yilligi munosabati bilan tayyorlangan hujjatli filmdagi o‘zining intervyusi ham gapimizga isbot. U “Kampirobod” suv omborini qurish borasida O‘zbekiston tomoni bilan kechgan muloqotdan so‘ng ishlar bir muddatga to‘xtab qolganini aytgan. 

Shu o‘rinda suv uchun pul talab qilinishi qanchalik asosli ekaniga ham qisqa to‘xtalib ketamiz. Xalqaro huquqlarda “Suv – tovar emas” degan tamoyil bor. BMTning 1997 yildagi Transchegaraviy suv oqimlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga ko‘ra, suvning o‘zi sotiladigan tovar sifatida tan olinmaydi.

Yuqori oqimda joylashgan davlat, ya’ni Qirg‘iziston quyi oqimdagi davlatlarga – O‘zbekiston va Qozog‘istonga suvni to‘sib qo‘yish yoki uni pullash huquqiga ega emas. Suvdan foydalanishda qo‘shni davlatlarning hayotiy manfaatlariga zarar yetkazmaslik majburiyati ham bor. Garchi xalqaro qonunlar suvni sotishni taqiqlasa-da, suv inshootlarini saqlash xarajatlarini manfaatdor davlatlar birgalikda qoplashini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qirg‘iziston deputati aynan mana shu bandni noto‘g‘ri talqin qilgan yoki siyosiy “ochko” olish uchun, o‘zini xalqning manfaatini o‘ylovchi deputat sifatida ko‘rsatish maqasadida “sotish” so‘zini ishlatgandir, ehtimol.

Qidiraliyev misol keltirgan AQSH ham, Germaniya ham suv uchun emas, aksincha o‘zaro kelishuvga ko‘ra suv omborlarining ta’miri va shunga o‘xshash xizmatlargagina to‘lovni amalga oshiradi. Qirg‘iz deputatining yaqin yillarga kelibgina munosabatlari yaxshilangan qo‘shnilariga nisbatan yana keskin chiqishi va uning Tashiyev tarafdori ekani ayrim savollarni keltirib chiqardi.

Qirg‘izistonda nima bo‘lyapti?

Shu sabab mavzu ochilgan payti “O‘zi Qirg‘izistonda nima bo‘lyapti?” degan savolga javob berib ketamiz. Oxirgi kunlarda Qirg‘izistonda Prezidentning vakolat muddati haqida savollar paydo bo‘lgandi. Ya’ni, Japarov 2021 yil yanvarda eski Konstitutsiya bo‘yicha 6 yillik muddatga Prezidentlikka saylangan.

2021 yil oxirida qabul qilingan yangi Konstitutsiyada esa Prezident muddati 5 yilga tushirilgan. Yuristlar yangi Konstitutsiya bo‘yicha 2026 yil yanvarda muddatidan oldingi Prezident saylovlari o‘tkazish kerakligini aytgan. Eng qizig‘i, 75 kishi bu haqida Prezident va parlament raisiga rasmiy xat yuborgan.

Ular orasida akademiklar, sobiq deputat va amaldorlar borligiga qaraganda ushbu 75 talik kimgadir ishonib, Prezidentga chaqiruv tashlagan. Ayrimlar bunda Tashiyevning qo‘li borligi haqida gapirmoqda. Japarov va uning atrofidagilar yangi huquqiy bo‘shliq fonida Tashiyevda xavf ko‘rgan ehtimol.

Qolaversa, shu vaqtgacha hokimiyat kursisiga o‘tirgan rahbarlar orasida chinakam demokratik saylovlar bilan kelib, o‘z muddati tugagach tinch yo‘l bilan lavozimni topshirganlari sanoqli. Bu mavzu haqida QALAMPIR.UZ batafsil, misollar bilan “Qirg‘iziston tinchmi? Tarix takrorlanadimi?” sarlavhasi ostida tahlil tayyorlagan. Uni tomosha qilishingiz mumkin.

Japarov va Tashiyev tandemi ham katta lavozimga kelishiga 2020 yilgi Parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan xalqning 5 oktyabrda g‘alayon ko‘targani sabab bo‘lgan. Vaziyatdan unumli foydalangan Tashiyev birinchilardan bo‘lib maydonga chiqdi va Japarovni qamoqxonadan ozod qilib, Bishkekdagi Ala-Too maydonida bosh vazir deb e’lon qildi.

2020 yil 13 oktyabr kuni o‘sha paytdagi prezident Sooronbay Jeenbekov ishonchli vakillar orqali ovoz berish holatlari kuzatilgani va saylovlar adolatli bo‘lmaganini ro‘kach qilib, Japarovning bosh vazir etib tayinlanishini rad etdi. Jeenbekov parlamentdan qayta yig‘ilishni va nomzod uchun yana bir bor ovoz berishni so‘radi.

Ertasi kuni bu amalga oshirildi va Japarov yana parlament nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Xalq va Japarov ortida turgan kuchlarning bosimlari tufayli 15 oktyabrda, Jeenbekov o‘z ixtiyori bilan prezidentlikdan iste’foga chiqdi. Natijada Japarov o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi deb e’lon qildi. Qirg‘iziston Konstitutsiyasida Oliy Kengash (Jogorku Kenesh) spikeri bu lavozimni egallashi kerakligi belgilangan bo‘lsa-da, Kanatbek Isayev lavozimni qabul qilishdan bosh tortdi. Buning natijasida Japarov prezident vazifasini bajaruvchiga aylandi. 2020 yil 16 oktyabr kuni parlament uni Qirg‘iziston prezidenti sifatida rasman tasdiqladi. 

So‘nggi kunlarda boshlangan mashmashalar, mamlakatning “ikkinchi odami” deb ko‘rilgan Tashiyevning lavozimdan bo‘shatilishi va uning ortidan boshlangan ommaviy reaksiyalarni ko‘rib, “qora kursi” an’anasi yana boshlanmoqdami degan savol ko‘pchilikning xayoliga kelgani aniq. Chunki, Tashiyevning obro‘si xalq orasida tobora oshib borayotgan, hatto uni kelajakdagi prezident deb ishonayotganlar ham ko‘p edi. Joriy yil 10 fevral kuni esa Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etildi.

Japarovning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingani prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi. Tashiyev ishdan olingan paytida Germaniyada davolanayotgani, bu qaror o‘zi uchun kutilmagan bo‘lgani, xayrlashish uchun imkon berilmaganidan xafa ekanini aytib bayonot berdi. Buni esa ayrimlar Japarovning do‘stga nisbatan hurmatsizligi va xiyonati sifatida baholashdi. Biroq, Japarov ushbu qiyin qarorni qabul qilishdan avval Tashiyevga qo‘ng‘iroq qilganini aytdi.

“Qaror qabul qilishdan oldin do‘stimga qo‘ng‘iroq qilib, bu yerdagi vaziyatni tushuntirdim, uni lavozimidan ozod qilayotganimni aytdim va shundan so‘ng qaror qabul qildim. Bu tezkor qaror bilan, aksincha, do‘stimni himoya qildim deb o‘ylayman. Chunki uning atrofidagilar, ularni “oqsoqol” deymizki, “ko‘ksoqol” deymizki, har holda, do‘stimni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmoqda edilar”, dedi prezident.
Ular Qamchibek Tashiyev nomini niqob qilib, parlament deputatlari, mas’ul davlat xizmatchilari, shuningdek, jamiyatda taniqli shaxslarga “General tomoniga o‘tinglar”, deya murojaat qila boshladilar, deydi Japarov. 

Shu sabab tizimda ham tozalashlar bo‘ldi. Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniyel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.

12 fevral kuni esa Qirg‘iziston Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li o‘z vakolatlarini topshirdi. Biroq, u Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputati bo‘lib qolishi aniq bo‘ldi. U ushbu lavozimni 2022 yildan buyon egallab kelayotgan edi. Uning o‘rniga Marlen Mamataliyev Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri etib saylandi. Uning nomzodini 77 deputat qo‘llab-quvvatlagan. Mamataliyev spikerlik lavozimiga yagona nomzod bo‘lganini ham e’tirof etish kerak.

Xullas, qayta qurish, muhim lavozimlarga yangi ishonchli vakillarni joylash ishlari davom etmoqda. Nima bo‘lganda ham 2020-2026 yillar Qirg‘iziston tarixida “Japarov–Tashiyev davri” bo‘lib qoladi. Ular davlatni parchalanish yoqasidan olib chiqib, vertikal boshqaruvni o‘rnatishga erishdilar. Ammo sadoqatga qurilgan siyosat oxir-oqibat yagona hokimiyat qonuniyatlariga taslim bo‘ldi.

Qirg‘izistonda “shoxlar qirqilayotgan” bir paytda, Ozarbayjonda o‘n yillab tizimning arxitektorlari bo‘lgan “siyosiy gigantlar”ning qulashi boshlandi. Endi Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ochiqlangan shov-shuvli jinoyat ishi tafsilotlariga to‘xtalamiz.

Ozarbayjondagi “Kulrang kardinal”ning qulashi

Ozarbayjon siyosatining eng nufuzli va sirli shaxsi, qariyb 30 yil davomida Prezident Administratsiyasini boshqargan Ramiz Mehdiyevga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar mamlakatni larzaga keltirdi. 87 yoshli ushbu arbob uzoq vaqt davomida Aliyevlar sulolasining eng ishonchli odami sanalgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mehdiyev va uning atrofidagi guruh, jumladan, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Abbos Abbosov davlat hokimiyatini zo‘rlik bilan egallab olish va xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlikda davlatga xiyonat qilishda ayblanmoqda. Eng qizig‘i, o‘ta o‘ngchi muxolifat yetakchisi Ali Karimlining ham ushbu fitnaga aloqadorligi aytilmoqda. Bu hokimiyat ichidagi “eski gvardiya” va tashqi muxolifatning amaldagi prezident Ilhom Aliyevga qarshi yashirin birlashuvi sifatida talqin qilinmoqda.

Qolaversa, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi a’zolari – Fuad Qahramonli, G‘animat Zayidov va boshqalar ham amaldagi konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish bo‘yicha til biriktirgan.

Ta’kidlanishicha, ular 2013 yilgi prezident saylovlarida xorijiy davlat fuqarosi Rustam Ibrohimboyev nomzodini ilgari surgan “Demokratik kuchlar milliy kengashi”ni tuzgach, xorijiy maxsus xizmatlarning moliyaviy va tashkiliy ko‘magida ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, jamoat tartibi va muassasalar faoliyatini izdan chiqarishga qaratilgan harakatlar olib borgan. Bu maqsadlar uchun 549 mln 310 ming dollar miqdoridagi mablag‘, jumladan, Ramiz Mehdiyev va Abbos Abbosovdan olingan moliyaviy vositalar sarflangani aytiladi. 

Materiallarga ilova qilingan texnik dalillarga ko‘ra, “Milliarderlar ittifoqi” a’zolariga 2013 yilgi saylovlar paytida xorijda yashayotgan va ularning ta’siri ostidagi Ozarbayjon fuqarolarini mamlakatga yuborish, ularning qarindoshlarini jalb etish va miting hamda tartibsizliklarda foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Shuningdek, “Milliy kengash” 2013 yilda tegishli xorijiy davlat rahbariyatiga maxfiy maktub yo‘llab, faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragani va Ozarbayjonga bosim o‘tkazishni taklif qilgani qayd etilgan.

Ayblovga ko‘ra, G‘animat Zayidov 2013 yil boshidan Ali Karimli nomidan xorijiy maxsus xizmat vakillari bilan yashirin muzokaralar olib borgan, Karimlini hokimiyatga olib kelish uchun tashkiliy yordam so‘ragan va evaziga xorijiy davlatning strategik manfaatlari ta’minlanishini va’da qilgan. Bundan tashqari, Ali Karimli 2020 yil iyul oyida Bakuda o‘tkazilgan yurish chog‘ida tartibsizliklar uyushtirish, parlament va televideniye binolarini hamda hokimiyatni egallashni e’lon qilish bo‘yicha topshiriqlar bergani bildirilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, Ramiz Mehdiyev 2025 yil avgust-sentyabr oylarida “Davlat boshqaruv tizimini qayta qurish bo‘yicha takliflar” nomli hujjat tayyorlab, uni Rossiya maxsus xizmat vakillariga yetkazgan.  Bu harakatlar davlatga xiyonat va konstitutsion tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan deb baholangan. Shuningdek, u 2025 yil 13 oktyabrgacha bo‘lgan davrda jinoyat yo‘li bilan olingan 17 million manatdan ortiq mablag‘ni legallashtirgani aytiladi.

Mazkur ish doirasida bir qator shaxslar Ozarbayjon Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan javobgarlikka tortilgan. Ayrim shaxslar mamlakat hududidan tashqarida bo‘lgani sababli qidiruvga berilgan va sud tomonidan sirtdan qamoq ehtiyot chorasi tanlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hafta jinoyatlari

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekistonning turli nuqtalarida ham ko‘plab jinoyat ishlari ochildi. Ulardan birida “Ronaldu” laqabli shaxs boshchilik qilgan jinoiy guruh tadbirkorni o‘ldirish uchun killer yollagani ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning 4 fevral kuni Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, o‘ziga nisbatan suiqasd rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgan.

Natijada tarkibida tibbiyot muassasasi rahbari va 23 yoshli talaba ham bo‘lgan guruh yollanma qotilga kelishilgan 1500 AQSH dollaridan 300 ming so‘mni berayotgan paytida qo‘lga olingan. 

Farg‘ona shahrida esa birovlarning 1 mlrd 537 mln so‘mini o‘zlashtirgan 34 kishidan iborat jinoiy guruh fosh etildi. Ularga 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan. U Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, Koll-markaz niqobi ostida faoliyat yuritgan.

Ular axborot texnologiyalari yordamida Rossiya Federatsiyasida dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Keyin, soxta Koll-markaz operatorlari asosan keksa yoshdagilarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirib, go‘yoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar sotilganligini aytgan holda, mijozlarga 500 mingdan 580 ming rublgacha, taxminan 80-92 mln so‘m miqdorda kompensatsiya to‘lab berilishini aytishgan.

Buning uchun esa fuqarolar 5 mingdan 20 ming rublgacha, bizning pulda 800 mingdan 3 mln 200 so‘mgacha miqdorda soliq to‘lashlari kerakligini aytishgan. Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh a’zolari tomonidan taqdim etilgan turli bank plastik kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl yoki 1 mlrd 537 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib bergan.

Mana, shaxsiy ma’lumotlar begonalar qo‘liga tushishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ha, aytgancha Raqamli texnologiyalar vazirligi vanihoyat tilga kirdi. 15 mlndan ko‘proq o‘zbekistonlikka aloqadorligi aytilgan xakerlik hujumiga oid rasmiy izohga keyinroq to‘xtalamiz. Hozir jinoyatlar tafsiloti bo‘yicha davom etamiz.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida esa 18 yoshli qiz va 22 yoshli yigit ijara uyini narkolaboratoriyaga aylantirganligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, 2007 yilda tug‘ilgan qiz va 2003 yilda tug‘ilgan talaba yigit 2025 yil sentyabr oyidan buyon Telegram orqali kuratorlar topshiriqlariga asosan prekursorlarni tashkil qilish va sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda ularning uyidan 1 kilogramm “mefedron” sintetik giyohvandlik vositalari hamda narkolaboratoriyada foydalanish uchun zarur bo‘lgan asbob va uskunalar daliliy ashyolar tariqasida hujjatlashtirib olingan. Shuningdek, Toshkent shahri hududida geolokatsiyalarga “zakladka” usulda tarqatib kelgan 9 nafar shaxs giyohvandlik vositalarini olgan vaqtida ushlangan.

Aniqlanishicha, ularning 3 nafari poytaxtning nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalari bo‘lgan. Tushunyapsiz-a, “bugun ota-onasi farzandim zo‘r joyda o‘qiyapti deb ishonib, xotirjam yurganida, kelajakda qaysidir lavozimni egallashi mumkin bo‘lganlar qarang nimalar qilib yurishibdi”, deb vaziyatni bo‘rttirmoqchi emasmiz. Ammo xavf darajasi haqiqatda kattalashyapti. Hozirda yuqorida sanalgan barcha holatlar bo‘yicha tergov jarayonlari ketmoqda.

So‘nggi paytlarda chiqayotgan narkojinoyatlar haqidagi xabarlardan keyin sizda ham “nima balo hamma narkoman bo‘lib ketganmi”, degan savollar paydo bo‘lgandir. Shu mazmundagi so‘roqqa Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov: “Jinoyatlar ko‘paygani yo‘q, aniqlash mexanizmi kuchaydi”, deya javob qaytardi, Toshkent shahar IIBB Kinologiya markazida o‘tkazilgan press-tur davomida.

“Narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar sonining oshishi jinoyatchilik kuchayganini anglatmaydi. Aksincha, bu holat mazkur turdagi qonunbuzarlikni aniqlash va fosh etish mexanizmi samaradorligi oshganidan dalolat beradi. Agar biz jonimizni jabborga berib ishlamasak, bunday jinoyatlar ochilmaydi, aksincha, kengayib ketadi. Narkobiznes – bu korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikning bir ko‘rinishi. Qo‘shni davlatlardan narkotik moddalarni olib kirish, ularni yashirish va maxfiy signallar orqali tarqatish ortida uyushgan guruhlar turibdi. Shu bois, har bir fosh etilgan holat orqali biz jinoyatchilik ildiziga zarba beramiz”, dedi maslahatchi.

Jinoyatlar gapirishga eng noqulay bo‘lgan mavzu aslida. Chunki berilgan har qanday ma’lumot aks ta’sir qilishi, hatto moyilligi borlarga yo‘nalish berib qo‘yishi ham mumkin. Har holda yillar davomida jamiyatimizda, ayniqsa, yoshlar orasida “ko‘cha hayoti” va uning “avtoritetlari”ga nisbatan noto‘g‘ri, hatto xavfli bir hurmat shakllanishi kuzatilgan.

Qonun ustuvor bo‘lgan davlatda emas, balki “o‘z qonunlari” bilan yashashni afzal ko‘rgan shaxslar qachonlardir olqishlandi, ularga taqlid qilindi. Yaqin o‘tmishda esa “Po‘lat-Po‘lat o‘ynash” trend bo‘lgandi. Ammo bu “soxta qahramonlik”ning ortida sindirilgan taqdirlar, qamoq panjaralari va ochiq qolgan yaralar borligini ko‘pchilik kech angladi.

Bugun o‘sha “tizim”ning eng ichkarisida bo‘lgan, uning achchiq mevasini totgan insonlarning o‘zi bu yo‘lning naqadar tubsiz jarlik ekanini tan olmoqda.

Bir qotillik izidan ochilgan ikkinchi vahshiylik

Mavzudan uzoqlashmagan holda Turkiyadagi vahshiylikning yangi tafsilotlariga, shu haftada ochiqlangan ma’lumotlarga ham qisqa izoh beramiz. Kallasi uzib tashlangan, tana a’zolari ham kesib axlat idishlariga uloqtirilgan Durdona Hakimova aslida ikkinchi qurbon ekanligi, undan avval uning dugonasi va xonadoshi bo‘lgan 32 yoshli Sayyora Ergashaliyeva ham burdalab o‘ldirilgani, uning jasadi ham bo‘laklarga ajratilib, chiqindi qoplarida turli joylarga tashlab ketilgani aniqlandi.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki qotil: 31 yoshli Dilshod Turdimurodov va 29 yoshli G‘ofurjon Kamolxo‘jayev hamda ularning qurbonlari qariyb 1 oy davomida bir uyda yashagan. Joriy yil 22 yanvar kuni marhumalar hamda gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan restoranlardan birida birgalikda tushlik qilgan. Uchrashuv davomida o‘zaro munosabatda bo‘lgan Sayyora va G‘ofur o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, mojaro ayol O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgani uchun kelib chiqqan.

Bu tortishuvdan 1 kun o‘tib, 23 yanvar kuni ikki do‘st o‘zaro til biriktirib, Sayyora Ergashaliyevani o‘ldirgan. Oradan bir kun o‘tib, marhumaning telefonidan Durdona Hakimovaga SMS xabar yuborib, uni aldab chaqirib, dugonasi singari pichoq tiqib o‘ldirib, vahshiylikning eng cho‘qqisiga chiqishgan. Qo‘pol qilib aytganda, qassoblik qilishgan. Ikkala tanani ham maydalab, yelim xaltalarga joylab, oddiy chiqindini tashlagandek turli joylarga otib ketaverishgan.

Bu mavzuda ham alohida kengaytirilgan tahlilni tayyorlaganmiz. Uni QALAMPIR.UZ yutub sahifasidan “Qassoblar”ning navbatdagi qurboni sarlavhasi ostida topasiz.

Endi esa yuqorida eslatganimiz, 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani va Dark Web’ga joylashtirilgani haqida tarqalgan xabarlar va unga berilgan izohga to‘xtalamiz. 

12 fevral kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov matbuot anjumanida mazkur xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, dedi. Uning aytishicha, vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasida 15 million emas, taxminan 60 mingga yaqin fuqarolarning ma’lumotlari tarqalgan.

“Birinchi navbatda, 15 million nafar fuqaroning ma’lumoti internetda chiqib ketdi, hammasi sotilyapti degan narsa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Agar bo‘lsa, sotib olinglar-da, mana ko‘rsatinglar. Ikkinchidan, albatta, hujum bo‘lgan. Yaxshi xaker, kuchli xaker bo‘lgan. Harakatini qilgan, qaysidir tizimga kirgan ham. Yaxshi narsa bu,  bahonada boshqa tizimlarni ham o‘rganishga, yana shu narsaga sergaklikni ortishiga yordam beradi. Qanchadir miqdordagi qaysidir tizimlardan qanaqadir ma’lumotlar ham chiqqan”, – dedi Shermatov.

Hozir e’tiboringizni vazirning “ma’lumotlarni sotib olinglar-da, ko‘rsatinglar”, degan jumlasiga qaratmoqchiman. Chunki, avvalroq kuchli ekanini Shermatov ham tan olgan xaker ma’lumotlarni qaytarish va o‘chirish evaziga 200 ming yevro talab qilgani aytilgandi. Xo‘sh, kimda ortiqcha 200 ming yevro chiqadi hozir, sotib olishga urinamizmi? Ha, mayli. Xursand qiladigan xabarlar ham bor bu haftada. Mantiqni qiynamagan holda shularga o‘tamiz.

Ramazon oyi yaqinlashyapti. Bu muddatda avval boshqa narxda sotilgan ayrim mahsulotlar, masalan, xurmoning narxi keskin oshib ketishi afsuski odatga aylangan. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekistondagi dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan topshiriq berdi, 13 fevral kuni.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mamlakat yetakchisi mahalliy avtomobillarga talabni rag‘batlantirish uchun avtokredit stavkasini pasaytirish va hajmini oshirish choralarini ko‘rish bo‘yicha ham topshiriq berdi.

Tabiiyki yig‘ilishda o‘tgan yilgi natijalar sarhisob qilindi. Ma’lumotlarga yaxshilab e’tibor bering. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard AQSH dollaridan oshdi. Iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar hisobida ta’minlangan. Qishloq xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha daromad avval 4,5 ming AQSH dollari edi, bu raqamlar ham 5 AQSH dollariga yetgani aytildi. Mehnat unumdorligi esa 4,7 foizga oshgan.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Turkiya Ozarbayjon suv Qirg'iziston vazirlik pul Xalq Japarov o'zbeklar vahshiylik Tashiev Durdona Hakimova Sayyora Ergashalieva Siyosiy isyonlar "qassoblar" O'zbekistondan Yuristlar yangi Konstitutsiya Sooronbay Jeenbekov “Kulrang kardinal”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing