Bir qotillik izidan ochilgan ikkinchi vahshiylik
Tahlil
−
13 fevral 1981 5 daqiqa
Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol vahshiylarcha o‘ldirilgani aniqlandi. Boshi uzib tashlangan, tana a’zolari esa bo‘laklab chiqindi idishlariga uloqtirilgan Durdona Hakimova bilan bog‘liq jinoyat ishining dahshati hali tarqab ulgurmasidan, endi uning dugonasi ham u o‘ldirilgan uyda maydalab tashlangani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Qotillar ham o‘shalar – ikki o‘zbek erkagi. Istanbulning Shishli tumanida yanvar oyi oxirida boshlangan “chamadon qotilligi” tergovida kutilmagan va fojiali burilish paydo bo‘ldi. Avvaliga faqat bir ayolning ayanchli taqdiri bo‘lib ko‘ringan bu jinoyat ortida o‘zbekistonlik muhojirlar tomonidan sodir etilgan seriyali vahshiylik yashiringani fosh bo‘ldi.
Ikkinchi qurbon: Sayyoraning sirli g‘oyib bo‘lishi
Joriy yil, 6 fevral kuni 32 yoshli Sayyora Ergashaliyevaning oilasi ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, qizlaridan darak yo‘qligini ma’lum qildi. Sayyora 2025 yilning 28 dekabrida Turkiyaga kelgan va oxirgi marta qotillikdan bir kun oldin 23 yanvar kuni aloqaga chiqqanini aytishdi. Qizi bilan bog‘lanolmagan ota-ona uni topish umidida Turkiyaga uchib kelgan.
Politsiya kuzatuv kameralari orqali Sayyoraning so‘nggi bor ko‘ringan manzilini tekshirganda, mudhish haqiqat yuzaga chiqdi. U aynan 24 yanvar kuni bo‘laklangan holda topilgan Durdona Hakimovaning qotilligi sodir bo‘lgan uyga borgan. Kamera yozuvlari shuni ko‘rsatadiki, Sayyora 23 yanvar kuni uyga kirgan va u yerdan boshqa chiqmagan. Uning ortidan esa Durdonaning o‘limida gumonlanayotgan ikki shaxs – 31 yoshli Dilshod Turdimurodov va 29 yoshli G‘ofurjon Kamolxo‘jayev ham shu manzilga kirganini aniqlagan.
Sayyora Durdonadan bor-yo‘g‘i bir kun oldin, aynan bir xil uslubda o‘ldirilib, jasadi ham bo‘laklangan holda turli hududlarga tashlab yuborilgan. Tekshiruv davomida Sayyora Ergashaliyeva va Durdona Hakimova hamda ikki gumonlanuvchi maqomida bo‘lib turgan mavjudotlar qariyb bir oy davomida bir uyda yashagani, marhuma Sayyora va G‘ofur esa o‘zaro munosabatda bo‘lgani aniqlangan.
Politsiya xavfsizlik kameralarini ko‘zdan kechirib, 24 yanvar kuni gumonlanuvchilar uydan bir necha bor chiqindi qoplari bilan chiqib ketganini, so‘ng oq rangli chamadon bilan manzilni tark etganini aniqlashgan. Qarang, yana chamadon. Durdonaning jasadini ham xuddi shunday, katta ko‘chada olib yurishgan payti ularda hayajon yoki qo‘rquv sezilmagani jamoatchilik tomonidan alohida muhokama qilingan edi. Endi yangi ochilgan tafsilotlar sabab ularda tajriba borligini taxmin qilish mumkin.
Kuzatuvga qaytamiz. Qotillikda gumon qilinayotgan kimsalar bemalol ko‘chadan taksi to‘xtatib, murda yoki uning bir qismi joylashtirilgan chamadon bilan Fotih tumaniga borgani, jasad bo‘laklarini axlat konteyneriga tashlagach, piyoda “Yenikapı Marmaray” bekatiga yo‘l olgani aniqlangan.
Tergov jarayonida Durdona Hakimova qotilligi bo‘yicha hibsda bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik bilan o‘tkazilgan so‘roqlarda Sayyora Ergashaliyeva ham 23 yanvar kuni ayni uyda sovuq qurol bilan o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgan. Prokuror ko‘rsatmasiga asosan jazoni ijro etish muassasasidan olib chiqilib, yana qo‘lga olingan ikki gumonlanuvchilarga nisbatan “qasddan odam o‘ldirish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ichki ishlar idorasidagi tergov harakatlaridan so‘ng ularni bugun, 13 fevral kuni sudga olib borilishi kutilmoqda.
Birinchi fojia: Axlat konteyneridagi “qonli topilma”
Ushbu zanjirli jinoyatlar joriy yil, 24 yanvar kuni Shishlining Duatepe mahallasida fosh bo‘lgan edi. Chiqindi yig‘uvchi Okan ismli shaxs konteynerdan choyshabga o‘ralgan, boshi va oyoqlari kesilgan ayol tanasini topgan. Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida qurbonning shaxsi barmoq izlari orqali aniqlangan – u 37 yoshli Durdona Hakimova edi.
Jinoyatchilar o‘z qurbonini shunchalik sovuqqonlik bilan bo‘laklashganki, har bir tana a’zosini alohida yelim xaltaga joylab, qadoqlashgan! Jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan ikki shaxs – 31 yoshli Dilshod Turdimurodov va 29 yoshli G‘ofurjon Kamolxo‘jayev o‘sha kunning o‘zidayoq Gruziyaga qochmoqchi bo‘lganida, Istanbul aeroportida qo‘lga olindi. Turkiyaning mahalliy OAVlari ular qochishga ham puxta tayyorgarlik ko‘rgani, hatto qotillik va qochish orasida sartaroshxonaga kirib soch-soqolini olishga ham vaqt topishgani haqida xabar berdi.
Dahshatli qotillik Turkiyada jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto, xotin-qizlar tomonidan norozilik namoyishlari ham o‘tkazildi. Turli ayollar huquqiga oid va mahalliy hokimiyatni ayblashga qaratilgan bannerni ko‘targan norozilik faollari ko‘chaga chiqdi.
30 yanvar kuni Durdona Hakimovaning jasadi va uning ikki nafar farzandi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Vatanga qaytarilgani, barcha xarajatlar Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi hisobidan qoplab berilgani ma’lum qilindi.
Sovuqqon qotillar
Tergov davomida qotillarining harakatlari tahlil qilinsa, bu tasodifiy jinoyat emas, balki tizimli vahshiylik ekani ko‘rinadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 22 yanvar kuni marhumalar hamda gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan restoranlardan birida birgalikda tushlik qilgan. Uchrashuv davomida Sayyora va G‘ofur o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, mojaro ayol O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgani uchun kelib chiqqan.
Bu tortishuvdan 1 kun o‘tib, 23 yanvar kuni ikki do‘st o‘zaro til biriktirib, Sayyora Ergashaliyevani avval pichoq bilan o‘ldirib, tanani bir necha qismlarga bo‘lib, Fotih tumanidagi axlat qutilariga tashlagan. 24 yanvar kuni qotillar birinchi qurbonlarining telefonidan Durdona Hakimovaga SMS xabar yuborib, uni aldab chaqirib, dugonasi singari pichoq tiqib o‘ldirib, tanani bir nechta qismlarga bo‘lib, Shishli tumanidagi axlat qutilariga tashlagan.
Bugun, Sayyora Ergashaliyevaning ham jasadi topilganligi haqida turk OAVda keskin muhokamalar avj olgan. Biroq, Istanbul Sud tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmagani ma’lum qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni doimiy nazoratga olgani va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotgani haqida rasmiy ma’lumot berdi.
Tahliliy xulosa: Musofirlikdagi xavfli “tanishuvlar”
Ushbu voqea o‘zbekistonlik muhojirlar orasidagi ijtimoiy xavfsizlik masalasini zaruriy tarzda kun tartibiga qo‘yadi. Qotillarning ham, qurbonlarning ham bitta millat vakillari ekani, jinoyatning bunday o‘ta vahshiy usulda sodir etilgani jamiyat uchun jiddiy signaldir.
“Qanday qilib inson o‘z vatandoshiga nisbatan bunday vahshiylikni amalga oshirishi mumkin? Bu shunchaki “janjal” oqibati emas, balki ichki olami yemirilgan, marazlikka mukkasidan ketgan, qonundan qo‘rqmaydigan shaxslarning rejalashtirilgan harakatiga o‘xshaydi” mazmunida fikr bildirayotganlar ko‘p.
Istanbulning Shishli tumanidagi o‘sha xonadonning ikki ayol uchun “qabrga aylanishi”, xorijda yashayotgan vatandoshlarimizni yanada hushyorroq bo‘lishga va tanishuvlarda ehtiyotkorlikni yo‘qotmaslikka chorlashi shart. Siz bugun turli sabablar bilan ishonayotgan odamingiz ertaga sizni qassob qo‘yni burdalaganidek, chavaqalab tashlamasligiga aniq ishonch hosil qilishingiz kerak.
Sizningcha, xorijda yurgan vatandoshlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Bu kabi jinoyatlarning oldini olish mumkinmi?
Live
Barchasi