Turkiyada o‘ldirilgan o‘zbekistonlik ayol qotiliga umrbod qamoq jazosi so‘raldi
Olam
−
11:03 4801 3 daqiqa
Turkiyaning Oydin viloyati Ko‘shk tumanida 2025 yil 5 iyul kuni soat tungi 03:30 atrofida o‘zbekistonlik 35 yoshli M. Aliyeva o‘zi ishlagan kazinoda boshidan o‘q yegan holda topilib, shifoxonada vafot etgandi. Prokuratura uning o‘limi yuzasidan kazino egasi hibsda saqlanayotgan Rashid Yasanga nisbatan “ayolga qarshi qasddan odam o‘ldirish” moddasi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosini so‘radi. Bu haqda T24 xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joyiga chaqiruvga binoan politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgan. Og‘ir ahvoldagi ayol tez yordam mashinasida Ko‘shk davlat kasalxonasiga olib borilgan. Biroq, shifokorlarning urinishlariga qaramay uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
7 oy davom etgan tergov
Tergov doirasida kazino egasi Rashid Yasan qo‘lga olingan. Tergov kengaytirilgach, politsiya Emrah K., Akif D., K.K. va A.Ch. ham ushlagan. Gumonlanuvchilar Oydin Adliya binosiga olib borilgan. Rashid Yasan “ayolga qarshi qasddan odam o‘ldirish” aybi bilan, Akif D. esa kuzatuv kamerasi yozuvlarini o‘chirganlikda, Emrah K. esa jinoyatda ishlatilgan qurolni yo‘q qilganlikda ayblanib hibsga olingan. Qolgan ikki shaxs sud nazorati sharti bilan ozod etilgan. Keyinchalik Emrah K. va Akif D. advokatlarining e’tirozidan so‘ng vaqtincha ozod qilingan. Tergov davomida yana bir shaxs – Ibrohim Y. ham dalillarni yo‘q qilishga aloqador ekani aniqlangan.
Hodisa yuzasidan 40 nafar shaxsning ko‘rsatmalari olingach, Rashid Yasan, Emrah K., Akif D. va Ibrohim Y.ga nisbatan ayblov xulosasi tuzilgan. Unda Rashid Yasan uchun og‘irlashtirilgan umrbod qamoq, qolgan uch shaxs uchun esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘ralgan.
Kazino egasi o‘z ko‘rsatmasida M.A. o‘z joniga qasd qilganini aytgan. Unga ko‘ra, voqea kazinodagi xonada sodir bo‘lgan. Yasan bayonotida M. Aliyevaga munosabatlari tugaganini aytgan. M. esa buni qabul qilmay, o‘z joniga qasd qilishini bildirgan va tortishuv paytida stol ustidagi qurolni olib, avval havoga so‘ng o‘ziga qarata o‘q uzgani aytilgan. Hodisaga yagona guvoh ham shunga o‘xshash ko‘rsatma bergan.
Hodisadan so‘ng Rashid Yasanning ahvoli yomonlashib, qayt qilgani, Emrah K. va boshqalar tomonidan shifoxonaga olib ketilayotganda o‘ziga kelib, “Qurol qayerda?” va “Yozuvlar nima bo‘ldi?”, deb so‘ragani qayd etilgan. Emrah K. esa unga “Tashvish qilma, hammasi hal bo‘ladi, sen yaxshi bo‘lsang bas”, degan. Prokuratura Yasanning hodisa o‘z joniga qasd bo‘lgani haqidagi bayonotlarini javobgarlikdan qutilish uchun berilgan deb baholagan. Shuningdek, hodisa yuz bergan xonada kamera bo‘lmagani, Akif D. esa o‘sha paytga oid yozuvlarni o‘chirmaganini bildirgani qayd etilgan. Emrah K. yashirgan deb taxmin qilingan qurolni keyinchalik prokuraturaga topshirgani ham hujjatda ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilib, jasadi boshsiz holda chiqindi konteyneriga tashlab ketilgani haqida xabar berilgan. Ortidan uning dugonasi ham ayni xuddi shu holatda pichoqlangani ma’lum bo‘lgan.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi