Siyosatda tasodiflar bo‘lmaydi. Raisiyning o‘limi uyushtirilganmi?

Tahlil

Kecha, 19 may kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot halokatga uchradi va bugun vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgani e’lon qilindi.

Dastlab kuchli tuman, yomg‘ir va tog‘li hudud tufayli qidiruv ishlari qiyin kechdi, biroq yakunda qutqaruvchilar yonib ketgan Prezident vertolyotini aniqladi. 

Turli ommaviy axborot vositalari va siyosatshunoslar sodir bo‘lgan voqeaning uchta talqinini – baxtsiz hodisa, texnik nosozlik va suiqasd versiyalarini taqdim qilmoqda.

Vertolyot halokati qanday yuz berdi?

19 may kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot “qiyin qo‘nishni” amalga oshirdi. Raisiy Sharqiy Ozarbayjon viloyatiga ketayotgan edi. Davlat televideniyesining aniqlik kiritishicha, hodisa Eron poytaxti Tehrondan 600 kilometr shimoli-g‘arbda, Ozarbayjon bilan chegarada joylashgan Jo‘lfa shahri yaqinida sodir bo‘lgan.

“Ushbu vertolyot Varzegan umumiy hududida halokatga uchradi va voqea joyiga Sharqiy Ozarbayjon, Ardabil va Zanjon viloyatlarining tezkor javob guruhlari yuborildi”, deb yozadi IRNA nashri.

Raisiy 19 may kuni ertalab Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan birga ikki davlat tomonidan Araks daryosida qurilgan uchinchi to‘g‘onning ochilish marosimida qatnashgan.

Prezident karvonida uchta vertolyot bor edi. Ulardan ikkitasi manziliga  yetib kelgan, ularda Eron Energetika vaziri va Yo‘llar va shaharsozlik vaziri bo‘lgan.

Uchinchisida esa Prezident bilan birga Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va boshqa bir qancha rasmiylar ham bo‘lgan.

Suiqasdmi yoki baxtsiz hodisa?

Eron Prezidenti vafot etganidan so‘ng mamlakatni birinchi vitse-prezident Muhammad Moxber boshqarishi ma’lum qilindi. 

Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat rahbarining yangi saylovi 50 kun ichida tashkil etiladi.

Hozircha sodir bo‘lgan voqealarning uchta versiyasi ustunlik qilmoqda: ob-havo sharoitining ta’siri, vertolyotning texnik nosozligi va suiqasd.

“Mening ma’lumotlarimga ko‘ra, Eron maxsus xizmatlari mamlakat Prezidenti Raisiyga suiqasd uyushtirish ehtimolini jiddiy ko‘rib chiqmoqda”, deydi xalqaro jurnalist Abbos Juma.

“The New York Times” nashriga ko‘ra, vertolyot halokati “xalqaro munosabatlarning nozik bir pallasida” AQSH va Eron rasmiylari o‘rtasida Yaqin Sharqdagi yirik mojaro xavfini kamaytirish bo‘yicha bilvosita muzokaralardan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Shuningdek, nashr jurnalistlari Oq uy matbuot kotibi Jeyk Sallivanning o‘tgan hafta “Eron va uning ishonchli vakillari Isroilga, mintaqaviy barqarorlikka va Amerika manfaatlariga tahdid solayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi”, degan so‘zlarini eslashadi.

“Agar halokat Eron Prezidentiga qilingan hujum natijasi bo‘lsa, men hayron bo‘lmayman. Raisiyning dushmanlari ko‘p", deydi Rossiya Davlat Dumasi deputati va jurnalist Yevgeniy Popov.

Siyosatshunos Sergey Markov ham xuddi shunday fikrni bildiradi.

“Eron Prezidenti Rossiyaning Mi-171 vertolyotida parvoz qilgan (keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Eron Prezidenti Amerikaning Bell 212 vertolyotida uchgan). Bu dunyodagi eng ishonchli vertolyotlardan biri. Texnik avariya ehtimoli deyarli chiqarib tashlanadi. Baxtsiz hodisaning asosiy talqini yomon ob-havo sharoiti. Ikkinchi versiya – terakt. Bu Isroil yoki radikal sunniy guruhlar bo‘lishi mumkin”, deydi Markov.

Ammo siyosatshunos Boris Mejuyevning fikriga ko‘ra, ushbu halokatda Isroilning “qo‘li yo‘q”.

“Raisiyga kelsak, texnik halokat bo‘lishi mumkin. Isroilni ayblayotganlarning mantig‘i aniq. Eron Raisiyning o‘limiga javoban zarba beradi, Yaqin Sharqda katta urush boshlanadi, bunga AQSH ham aralashadi. Albatta, birinchi navbatda, barcha mumkin bo‘lgan yadroviy ob’ektlarga hujumlar amalga oshiriladi. Lekin bu juda xavfli qaror”, deb yozadi u “Russkaya Ideya” kanalida.

Tehron universitetining Amerikashunoslik kafedrasi dotsenti Foad Izadi ham halokatga nima sabab bo‘lishi mumkinligi haqida fikr yuritar ekan, yomon ob-havo sharoiti, texnik nosozliklar va sabotaj harakatini alohida ta’kidladi.

“Bu ob-havo bo‘lishi mumkin. Kecha o‘sha mintaqada ob-havo juda yomon edi, bu vertolyotning nosozligi yoki sabotaj bo‘lishi mumkin. Agar sabotaj bo‘lsa, bu xalqaro miqyosda jiddiy oqibatlarga olib keladi. Prezident Raisiy Falastin masalasini qo‘llab-quvvatlagani, Amerika imperializmiga qarshi chiqqani tufayli Erondan tashqarida ham ko‘pchilikka yoqdi. Shuning uchun u Erondan tashqaridagi ko‘p odamlar tomonidan eslab qolinadi, deb o‘ylayman", deydi Izadiy.

“Siyosatda tasodiflar tasodifan bo‘lmaydi”

Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronovning yozishicha, siyosatda tasodiflar tasodifan bo‘lmaydi.

“Fikri ojizimizcha, balki bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgandir: 

1. Ibrohim Raisiyning “halokati” Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgandan so‘ng sodir bo‘ldi. Ma’lumki, so‘nggi paytlarda Eron va Ozarbayjon munosabatlari juda taranglashgan edi. Qisqaroq qilib aytganda, Raisiy va Aliyevning uchrashuvi Isroilga va hattoki Eronning "chuqur davlati"ga ham xush kelmas edi. 

2. Ibrohim Raisiy, Eron Tashqi ishlar vaziri Abdullohiyon hamda Eron Prezidenti Xavfsizlik xizmati rahbari Musaviyning vertolyotda mavjudligini tasdiqlaydigan bir nechta videolarning ayrim Eron OAVi orqali tarqatilishi katta ehtimol bilan ichki va tashqi jamoatchilikni bunga ishontirishga qaratilgan edi.

3. Vertolyotning yonib ketishi va jasadlarni tasdiqlashning imkoni bo‘lmasligi haqidagi ehtimollar ham turli gumonlarni vujudga keltiradi", deydi siyosatshunos. 

Raisiyning o‘limiga O‘zbekistonning reaksiyasi

Qayd etish kerak, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida aloqalar ancha yaxshilanib, faollik oshgan. 2021 yilda Prezident bo‘lgan Raisiy 2022 yilning 14 sentyabr kuni ilk bor O‘zbekistonga kelgan. Ushbu tashrif Eron yetakchilarining so‘nggi 20 yildagi O‘zbekistonga ilk tashrifi ham edi. O‘shanda ikki davlat o‘rtasida savdo, kooperatsiya, innovatsiyalar, transport, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda hujjatlar imzolangan.

Bundan tashqari, Ibrohim Raisiy 2023 yilning 9 noyabr kuni rafiqasi Jamila Alamolxoda hamrohligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining XVI sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgandi.

Raisiyning vertolyoti halokatga uchragani e’lon qilinganda boshqa davlatlar qatorida O‘zbekiston ham birinchilardan bo‘lib Eronga yordam ko‘rsatilishiga to‘liq tayyorligini bildirdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vertolyot yo‘lovchilari, jumladan Eronning yuqori martabali vakillari taqdiri haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Barcha yo‘lovchilar tez orada sog‘-salomat topilishiga umid qilamiz. O‘zbekiston tomoni zarurat bo‘lishi bilan eronlik do‘stlarimizga barcha yordam ko‘rsatilishiga to‘liq tayyorligini bildiradi”, deyiladi TIV bayonotida.

Raisiyning o‘limi tasdiqlanganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakat Oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga hamdardlik bildirdi. 

“O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Ibrohim Raisiyning yorqin xotirasi xalqlarimiz qalblarida doimiy saqlanib qolishi ta’kidlanadi", deyiladi xabarda. 

Shavkat Mirziyoyev Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi.

Xulosa qilib aytganda, ba’zilar Raisiyning o‘limiga Amerika sababchiligini aytsa, boshqalar bu mamlakat ichidagi kuchlarning ishi ekanini taxmin qilmoqda. Yana bir versiyaga ko‘ra, Prezidentning o‘limi Eronning Isroilga oxirgi oylardagi hujumiga javoban uyushtirilgan. Qizig‘i, ularning orasida Raisiyning o‘limiga rostdan ham, yomon ob-havo sharoiti sabab bo‘lganiga ishonadiganlar ham bor. 


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ibrohim Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing