Sirlar ochilmoqda! NATO Rossiyani chuv tushirgani isbotlandi

Olam

image

G‘arb davlatlari 1991 yilda NATOning sharqqa kengayishiga qarshi chiqqan va Sharqiy Yevropa davlatlarining ittifoqqa kirishini nomaqbul deb atagan. Bu haqda “Der Spiegel” Britaniya milliy arxividan topilgan hujjatga tayanib xabar bermoqda.  

Ilgari “maxfiy” deb tasniflangan hujjatni amerikalik siyosatshunos Joshua Shifrinson aniqlagan. Gap AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Tashqi ishlar vazirliklari siyosiy direktorlarining 1991 yil 6 martda Bonnda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi bayonnomasi haqida bormoqda. 

“Varshava shartnomasi tugatilishidan bir necha oy oldin bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar Polsha va boshqa Sharqiy Yevropa davlatlarining xavfsizligini muhokama qildi”, deb yozilgan xabarda. 

Varshava va Budapeshtdagi siyosatchilar bir muncha vaqtdan beri NATOga qo‘shilishdan manfaatdor ekanliklarini “ishora qilmoqda”. Biroq, hujjatga ko‘ra, London, Vashington, Berlin va Parij Sharqiy Yevropa davlatlarining NATOga a’zo bo‘lishini “qabul qilib bo‘lmas” deb hisoblagan. 

Hujjatga ko‘ra, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Yurgen Xrobog: 

“Ikki plyus to‘rt” formatidagi muzokaralar chog‘ida biz NATOni Elbadan tashqariga kengaytirmasligimizni ochiq aytdik. Shuning uchun biz Polsha va boshqalarga NATO a’zoligini taklif qila olmaymiz”, degan. 

Qayd etilishicha, Xrobog katta ehtimol bilan Elba va Oder daryolarini chalkashtirib yuborgan. 

“Ikki plyus to‘rt” shartnomasi — 1990 yil 12 sentyabrda Moskvada tuzilgan Germaniyaga nisbatan yakuniy kelishuv to‘g‘risidagi shartnoma. Uni GFR va GDR, shuningdek, SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya Tashqi ishlar vazirlari imzolagan. Shartnoma GFR va GDRni birlashtirish jarayoniga chek qo‘ygan. 

AQSH vakili Raymond Zeyts muzokaralarda Xrobogning pozitsiyasiga qo‘shilgan: 

“Biz Sovet Ittifoqiga “Ikki plyus to‘rt” muzokaralarida ham, boshqa muzokaralarda ham NATO na rasman, na norasmiy ravishda sharqqa kengaytirilmasligi kerakligini aytdik”, degan u. 

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yil oxirida Rossiya AQSH bilan shartnoma va NATO bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv loyihalarini chop etdi. Xususan, Moskva o‘zining g‘arblik hamkorlaridan NATOning sharqqa tomon kengayishi, Ukraina blokiga qo‘shilishi va postsovet mamlakatlarida harbiy bazalar o‘rnatishdan bosh tortishning huquqiy kafolatlarini talab qilmoqda. Takliflarda, shuningdek, NATOning zarba beruvchi qurollarini Rossiya chegaralari yaqinida joylashtirmaslik va Sharqiy Yevropadagi ittifoq kuchlarini 1997 yilgi pozitsiyalarga olib chiqish to‘g‘risidagi band ham bor.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham bu mavzuda so‘z ochib, Rossiyaga NATO infratuzilmasini Sharqqa bir qarich ham oldinga siljitmaslikka va’da berib, “chuv tushirishgan” degandi. 


Maqola muallifi

Teglar

NATO arxiv

Baholaganlar

2124

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing