Sirdaryoliklarni vahimaga solgan Qayroqqum suv ombori haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi
Jamiyat
−
15 yanvar 2021
22196Avval xabar berganimizdek, kecha, 14 yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hududida joylashgan “Bahri tojik” (Qayroqqum) suv ombori yorilishi natijasida suv toshqini sodir bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqaldi. Bu xabar ortidan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisi sarosimaga tushib, uyini tashlab ketish holatlari kuzatildi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi Tojikiston mas’ullariga tayanib, qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, “Bahri tojik” suv omboridagi gidroelektr stansiyasi direktori Fayzulla Azizov suv omborida hech qanday muammo yo‘qligi, barcha inshootlar texnik soz holatda ekanini ma’lum qilgan.
Gidroelektr stansiyasidagi agregatlar odatdagi tartibda ishlab turibdi. Barcha inshootlarning xavfsizligi nazoratga olingan. Suv ombori atrofidagi hududlarda yashovchi aholi sarosimaga tushib, xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tayotgani haqidagi xabarlar ham asossiz.
Bugungi kunda Qayroqqum suv omborining suv hajmi 3 mlrd. 443 mln. m³ bo‘lib, suv omboriga suvning kirishi 892 m³/sek., suvning chiqishi esa 880 m³ /sek.ni tashkil etmoqda. Suv omborida oxirgi o‘n kunlik davomida suv to‘plash va suv chiqarishda hech qanday keskin o‘zgarish kuzatilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan navbatchilik tashkil qilingan hamda dispetcherlik xizmati doimiy ishlab turibdi. Shuningdek, respublikadagi barcha yirik suv inshootlarining xavfsiz ishlashi yana bir bor nazoratdan o‘tkazildi.
“Bahri tojik” suv omborining suv hajmi o‘zgarishi bo‘yicha qo‘shni Tojikiston Respublikasi suv xo‘jaligi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “O‘zgidromet” markazi bilan muntazam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, suv omborining ishlash rejimi bo‘yicha har soatlik monitoring yuritib borilmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirligi fuqarolarni bu kabi yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va xotirjamlikka chaqiradi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Avvalroq, suv ombori haqidagi xabarlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi raddiya bergandi. Shuningdek, Sirdaryo hokimi G‘ofur Mirzayev viloyatning o‘tgan yili may oyida toshqindan zarar ko‘rgan Sardoba, Marzaobod va Oltinsoy tumanlari aholisini tinchlantirish uchun borgani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, “Bahri tojik” suv ombori suvidan O‘zbekistonning Toshkent viloyati Bekobod tumani, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining ekin maydonlarini sug‘orishda foydalaniladi.
LiveBarchasi