Sirdaryodan qum-shag‘al qazilishi oqibatida tabiatga 87 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
3-sahifa
−
05 avgust
3675Toshkent viloyatida noqonuniy qum-shag‘al qazilishi oqibatida tabiatga 87 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bekobod tumani “Achamayli” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosida ekologik nazorat tadbirlari olib borilgan reyd davomida daryoning chap qirg‘og‘idan davlat raqami yechib olingan texnika vositasi (yuklagich) yordamida ishlov berilmagan qum, qum-shag‘al aralashmalari Howo hamda “Zil” yuk tashish avtotransport vositalariga yuklanib, olib chiqib ketilayotganligi aniqlangan.
Qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 87 milliard 651 million 83 ming 344 so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi. 3 ta yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun Bekobod shahar hududidagi jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Ish yuzasidan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda tabiiy qum qazib olinishi oqibatida tabiatga 6 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgandi.
LiveBarchasi