Sirdaryoda “zamhokim”, Navoiyda hokim yordamchisi qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
05 Oktabr 2025 11029 2 daqiqa
Sirdaryo viloyatida hokim o‘rinbosari, Navoiy viloyatida hokim yordamchisi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyatida Xovos tumani hokimining o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilgan.
Ular tasarrufida 452 gektar yer maydoni bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligini kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora ko‘rmaslik, shuningdek, go‘yoki DXX tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xo‘jalik rahbaridan joriy yilning iyun oyida 10 ming dollari olgan.
Keyinroq esa hokim o‘rinbosari yer maydonini davlat zaxirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming dollarni o‘zining hamtavog‘i bo‘lgan mutaxassis orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda hokim o‘rinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda esa Karmana tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga mas’ul bo‘lgan hokim yordamchisi noqonuniy ravishda 40 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, hokim yordamchisi xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘zganing ishonchiga kirib, 2024 yilda boshqa bir fuqaroga ijaraga berilgan M-37 avtomobil yo‘li yoqasidagi 12 kv.m yer maydonini uni nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m talab qilgan.
Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida hokim yordamchisi, muhandis va qishloq xo‘jaligi mas’uli pora bilan ushlangandi.
Live
Barchasi