Sirdaryoda fuqarolarni muttasil qiynab kelgan IIB xodimlariga sud hukmi o‘qildi

3-sahifa

image

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyer shahar sudida ichki ishlar organlarida ishlab turib, fuqaroni qiynoqqa solgan, unga asossiz ayblov qo‘ygan va boshqa qator jinoyatlarni sodir etishda ayblangan shaxslarga nisbatan ochilgan ish ko‘rib chiqish yakunlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Sud majlisida sudlanuvchilar A.Q. (1989 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi katta tezkor vakili lavozimida ishlagan), E.M. (1994 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan), N.A. (1998 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan) va B.Sh. (1998 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan) ga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyer shahar sudi raisi J. Haydarov raisligida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmida keltirilishicha, 2019 yildan beri Guliston shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-son ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi katta tezkor vakili lavozimida ishlab kelayotgan A.Q. o‘zining jinoiy sheriklari – Guliston shahar IIO FMB 2-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari N.A., E.M., Guliston shahar IIO FMB 1-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili B.Sh. hamda boshqalar bilan birga o‘zlari ishlab kelayotgan hududda mansabidan foydalangan holda qarindoshi D.M.dan (ayol) sotib olgan telefoni pulini bermayotganini bahona qilib, 2020 yil 4 avgust kuni soat 22:30 larda fuqaro A.B.ni Gulistonning Sayqal mahallasida joylashgan “Yagona” savdo do‘konida ushlab, urib do‘pposlashgan. So‘ng uni yotqizib qo‘llariga kishan taqib, jinoiy sherigi B.Sh.ning boshqaruvidagi Nexia-2 rusumli avtomashinada asossiz ravishda Guliston shahar IIO FMB 2-sonli IIBning ma’muriy binosiga olib borib, u yerda A.B.ni qo‘liga kishan taqqan holda noqonuniy ushlab turgan va urib-tepishni davom ettirishib, qo‘l bilan bo‘g‘ib, bino hovlisida joylashgan hojatxonaga olib kirib, boshini “unitaz”ga tiqib, maxsus rezina tayoq (dubinka) bilan qonunga xilof ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazgan vaqtida bundan xabar topgan Sirdaryo viloyat IIB o‘z xavfsizligi xodimining aralashuvi B.A. bilan binodan chiqarib yuborilgan.

Shundan so‘ng, A.Q., E.M., N.A. va B.Sh. o‘zlari sodir etgan jinoyatni kelgusida fosh etilishini oldini olish va jinoiy jazodan qutulib qolish maqsadida, 2020 yil 5 avgust kuni 4 avgust sanasi bilan “Ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabini bajarmagan va qochishga uringan shaxsni ushlash hamda ushbu shaxsga maxsus vosita qo‘llanilganligi to‘g‘risida” bayonnoma rasmiylashtirib, ushbu bayonnomani aslida A.B. ushlangan vaqtda ishtirok etmagan va holatdan xabardor bo‘lmagan xolislarga imzolatib, 4 avgust sanasi bilan Guliston shahar IIO FMB 2-sonli IIB boshlig‘i B.Ya. nomiga yozilgan bildirgi bilan taqdim etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining 1177-sonli xulosasida, fuqaro A.B.ning peshona, o‘ng yelka, chap tirsak, bel, ikkala tizza bo‘g‘imi sohalarida shilinmalar yuqori lab sohasida qonquyilishi kabi jarohatlari mavjudligi, bu jarohatlar o‘tmas qattiq jismlar ta’sirida, qarorda va tekshiriluvchi shaxs o‘zi ko‘rsatma bergan holatda, ya’ni qo‘l bilan urish, yiqitish, o‘zaro tortishuv vaqtida qattiq yer qoplamasida tananing sirpanishi natijasida yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi, tan jarohatlarining og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘lig‘ini qisqa muddatga buzilishiga sabab bo‘lmagan yengil shikast yetkazilgani ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, A.Q. o‘zining jinoiy sheriklari E.M. va boshqa shaxslar bilan birga fuqaro O.H.ning tinchini buzganini bahona qilib, 2020 yil 19 sentyabr kuni soat 21:30 larda fuqaro Sh.A.ni telefon orqali Guliston tumani, “Yulduz” mavzesida joylashgan O.H.ning uyi oldiga chaqirib, shu joyga o‘zining shar’iy nikohida bo‘lgan D.B. bilan yetib kelgan Sh.A.ni urib do‘pposlab, yerga yotqizib qo‘llariga kishan taqib, asossiz ravishda o‘zlarining boshqaruvida bo‘lgan tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan A.F.ning boshqaruvidagi avtomashinada Guliston shahar IIO FMB 2-sonli IIBning ma’muriy binosiga olib borganlar.

Shundan so‘ng, A.Q., E.M. va boshqalar Sh.A.ni 2-sonli IIB ma’muriy binosining 2-qavatidagi tezkor vakillar uchun ajratilgan xizmat xonasiga olib chiqib, u yerda fuqaroning qo‘llari kishanlangan holida qo‘l va oyoqlari bilan urib, do‘pposlaganlar.

Shu vaqtda u yerga yetib kelgan boshqa shaxs A.Q. va boshqalarning jinoiy harakatlarini to‘xtatmasdan, aksincha, ularga qo‘shilib, Sh.A.ning badanini turli sohalariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, tepib, maxsus rezina tayoq (dubinka) bilan boshiga bir necha marotaba urib, tan jarohatlari yetkazganlar.

Shundan so‘ng, A.Q., E.M. va boshqalar o‘zlari sodir etgan jinoyatlari fosh etilishini oldini olish va jinoiy jazodan qutulib qolish maqsadida Sh.A.ni 2020 yil 20 sentyabr kuni tungi soat 02:00 larda 2-sonli IIB binosidan olib chiqib, PPX xizmat avtomashinasida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filialiga olib borib, u yerda go‘yoki guvohlantirish o‘tkazib, shifokor F.H.dan Sh.A.ning tanasida o‘tkir travmatik jarohatlar aniqlanmagani haqida ma’lumotnoma yozdirib olgan va uni Guliston IIO FMB 2-sonli IB qaytib olib kelib, shundan so‘ng uni ushlaganliklarini qonuniylashtirish uchun fuqaro O.H.dan Sh.A.ning harakatlari ustidan shikoyat yozdirib olib, Sh.A.ni shu kuni soat 04:00 larga qadar noqonuniy ushlab turib, tan jarohati olgani haqida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan taqdirida, uni qamatib yuborishlari bilan qo‘rqitib, Guliston shahar IIO FMB 2-sonli IIB binosidan chiqarib yuborganlar.

Sud tibbiy ekspertizasining 2020 yil 28 sentyabrdagi 1507-sonli xulosasida, fuqaro Sh.A.ning bosh chap tepa sohasi, o‘ng ko‘z yuqori sohasi qontalash, burun yumshoq to‘qimasi lat yeyishi, yuqori va past lab o‘ng tomoni ichki qavati qontalash, bo‘yin o‘ng yon yuqori yuzasi shilinmasi, chap quloq suprasi orti qontalash, chap jag‘, chap tomonlama ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi kabi jarohatlari mavjudligi, bu jarohatlar o‘tmas qattiq jismlar ta’sirida, qarorda va tekshiriluvchi shaxs o‘zi ko‘rsatma bergan holatda, ya’ni qo‘l bilan urish, oyoq bilan tepish natijasida yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi, tan jarohatlarining og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘lig‘ini qisqa muddatga buzilishiga sabab bo‘lmagan yengil shikast yetkazilgani, ularning yetkazilishi 2020 yil 19 sentyabrga to‘g‘ri kelishi mumkinligi hamda xususiyatiga ko‘ra o‘z bo‘yi basti bilan yerga yiqilib olishiga to‘g‘ri kelmasligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, A.Q. o‘zining g‘ayriqonuniy harakatlarini davom ettirib, takroran jinoiy sheriklari E.M., N.A., B.Sh. hamda boshqalar bilan birga o‘zlari ishlab kelayotgan hududda mansabidan foydalanib, jiyani S.Q.ga tan jarohati yetkazganini bahona qilib, joriy yilning 17 yanvar kuni soat 21:06 da L.D.ningni Guliston shahrida joylashgan “Farovon” nomli kafedan olib chiqib, jinoiy sherigi B.Sh.ning boshqaruvidagi Nexia-2 rusumli avtomashinada asossiz ravishda dastlab Guliston IIO FMB 2-sonli IIBning ma’muriy binosiga olib borib, binoning orqa hovlisida A.Q. va N.A. L.D.ning badanini turli sohalariga qo‘l va oyoqlari bilan urib-tepib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, qo‘liga kishan taqib, bino hovlisida joylashgan hojatxonaga olib kirib, boshini “unitaz”ga tiqib, so‘ng hojatxonadan olib chiqib, ikki qo‘lini shu joyda ustun sifatida o‘rnatilgan temir quvurdan o‘tkazgan holda kishanlab, haqoratlab, qo‘l va oyoqlari bilan urib-tepib, unga ko‘plab tan jarohatlari yetkazgan.

Shundan so‘ng, A.Q. sheriklari N.A. va E.M. bilan birga L.D.ni o‘zining xizmat xonasiga olib kirib, uni haqoratlab, qo‘l va oyoqlari bilan urib-tepishni davom ettirayotgan vaqtlarida ushbu holatdan xabar topgan Guliston shahar IIO FMB 2-son IIB boshlig‘i B.Ya. ularning noqonuniy harakatlarini to‘xtatishini talab qilib, L.D.ni qo‘llaridagi kishanni yechtirib, soat chamasi 22:00 dan oshganda 2-son IIB binosidan tashqariga chiqarib yuborgan.

Shundan so‘ng, A.Q., N.A., E.M. 2-son IIBdan chiqib ketayotgan L.D.ni bino tashqarisida qo‘lini yana kishanlab, uni majburan jinoiy sheriklari B.Sh.ning boshqaruvidagi avtomashinaga chiqarib, chamasi soat 22:30 da Mirzaobod tumani, Dexqonobod mahallasida joylashgan “Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga qarashli “Lazzat” nimstansiyasining orqa tomoniga olib borib, avtomashinadan tushirib, egnida bo‘lgan shimi va ichki kiyimini yechgan holda yerga yotqizib, orqa chiqaruv teshigiga rezina tayoq (dubinka) tiqishi bilan qo‘rqitib, keyinchalik o‘zlarining g‘araz maqsadlarida foydalanishlari uchun ushbu holatni videotasvirga olganlar.

Sud tibbiy ekspertizasining joriy yil 22 yanavardagi 98-sonli xulosasida, fuqaro L.D.ning bosh, chap quloq tepa chakka sohasi, ikkala yelka old va yon sohalari, chap bilak sohasi, ko‘krak qafasi orqa chap tomoni, ikkala oyoq tizza bo‘g‘imi old yuzasi qontalashlar, peshona old sohasi, chap qosh usti sohasi, bo‘yin old chap sohasi, o‘ng qo‘l tirsak sohasi, ikkala qo‘l bilak sohasi qontalash shilinmali jarohatlari, o‘tmas qattiq jismlar ta’sirida, ya’ni qo‘liga metalldan ishlangan kishan solishdan, qo‘l bilan urish va oyoq bilan tepish natijasida yetkazilganligi qayd etilib, og‘irlik darajasiga ko‘ra sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga sabab bo‘lmagan hayot uchun xavfli bo‘lmagan yengil shikast yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Sud mazkur ishni ko‘rib chiqib, quyidagicha hukm chiqargan:

A.Q. Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi “a”, “v”, “g”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan o‘tash uchun 3 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda hamda ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

E.M. Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan o‘tash uchun 3 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda hamda ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

N.A. Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g”, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan o‘tash uchun 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda hamda ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

B.Sh. Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g”, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan o‘tash uchun 1 yil 6 oy muddatga muayyan huquqdan, ya’ni mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda hamda ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilar hamda jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

qiynoq

Baholaganlar

295

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing