Sirdaryoda fuqaro YPX inspektorlariga turli jarohatlar yetkazdi

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyatida fuqaro tomonidan xizmat vazifasini olib borayotgan YPX inspektorlariga tan jarohatlari yetkazildi. Voqea 2020 yilning 20 yanvar kuni sodir bo‘lgan.

IIV YHXBB Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kuni soat 21:30 larda viloyatning Sirdaryo tuman YPX inspektorlari O‘zbekiston shoh ko‘chasida mastlik holatini aniqlash bo‘yicha reyd olib borishadi. Ular tomonidan “Neksiya” rusumli 70 K 676 LA davlat raqam belgili avtomobil to‘xtatiladi. Ammo haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, harakatni davom ettiradi.

Shundan so‘ng, YPX katta inspektorlari o‘z avtomobilida “Neksiya”ni kuzatib borishgan. Mashina Sirdaryo shahar, “Yangihayot” mahallasidagi “Mega lyuks” korxonasi yonida to‘xtatiladi. Ma’lum bo‘lishicha, mashinaning hujjatlari bo‘lmagan. U 1971 yilda tug‘ilgan Umarov Baxtiyor Panjiyevichga tegishli bo‘lib chiqqan. Avtomobilni Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan Hamroyev Jamoliddin Zahriddinovich boshqarayotgan bo‘lgan.

Hujjatlar so‘ralganida, yo‘lovchilardan biri, Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan Panjiyev Jahongir Baxtiyor o‘g‘li yo‘lovchi o‘rindig‘i tomonidan tushib kelib, tizzasi bilan YPX inspektorining qorin qismiga tepib, ko‘krak nishonini yulib olgan.

Boshqa bir inspektor fuqaroni tinchlantirmoqchi bo‘lgan vaqtida, unga ham faol qarshilik ko‘rsatib, uning ham ko‘krak nishonini yulib olib, barmog‘ini qayirib sindirgan. YPX inspektorlari fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida Sirdaryo tumani IIBga olib kelishadi. Ammo Jahongir Panjiyev o‘zining huquqbuzarligini yana davom ettirib, safdorlardan birining yuz qismiga bir marotaba kallasi bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

“Fuqaro J.Panjiyev alkotestor ko‘rigidan o‘tkazilganda, “alkogol mastlik” holatida ekanligi aniqlangan. Hozirda bodikameralar xotiralari tekshirilib, Sirdaryo tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Sarvar Anvar o‘g‘li


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Sirdaryo YHXBB tan jarohatlari

Baholaganlar

81

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing