Sirdaryoda chiqindi tashish korxonasi 528,6 mln so‘m ortiqcha to‘lovlar hisoblagani aniqlandi
3-sahifa
−
17 Sentabr
1861Sirdaryo viloyatida maishiy chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi salkam 150 ming iste’molchiga nisbatan 528,6 million so‘m miqdorida ortiqcha to‘lovlar hisoblagani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, korxonaning 2023 va 2024 yilning I yarim yilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan olib borilgan o‘rganish va tahlillarda “Toza hudud”ning tuman-shahar filiallari tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmatining MFY kesimida belgilangan jadval asosida xizmat ko‘rsatmayotgani, oqibatda aholidan ortiqcha mablag‘lar olingani aniqlandi. Jumladan, “Toza hudud” DUK Guliston tuman filiali tomonidan tumandagi 3 ta MFYda 9158 nafar aholidan ko‘rsatilmagan xizmat uchun jami 46,1 million so‘m ortiqcha to‘lovlar hisoblangani ma’lum bo‘lgan.
Xuddi shu kabi quyidagi hududlarda ham ortiqcha mablag‘lar olingan holatlar ma’lum bo‘ldi:
- 12 ta MFYda (Oqoltin tumanida 32 ming 329 nafar aholi) – 76,9 million so‘m;
- 9 ta MFYda (Boyovut tumanida 27 ming 949 nafar aholi) – 95,6 million so‘m;
- 9 ta MFYda (Xovos tumanida 17 ming 307 nafar aholi) – 73,1 million so‘m;
- 7 ta MFYda (Sirdaryo tumanida 19 ming 833 nafar aholi) – 67,3 million so‘m;
- 3 ta MFYda (Yangiyer shahrida 14 ming 464 nafar aholi) – 86,3 million so‘m;
- 3 ta MFYda (Sardoba tumanida 8 ming 984 nafar aholi) – 5,2 million so‘m;
- 3 ta MFYda (Shirin shahrida 7 ming 620 nafar aholi) – 33,2 million so‘m;
- 1 ta MFYda (Mirzaobod tumanida 4 ming 148 nafar aholi) - 31,1million so‘m;
- 1 ta MFYda (Sayxunobod tumanida 3 ming 69 nafar aholi) – 13,6 million so‘m.
Umumiy hisob-kitoblarga ko‘ra, “Toza hudud” tomonidan jami 51 ta MFYda 144 861 nafar iste’molchiga nisbatan 528,6 million so‘m miqdorida ortiqcha to‘lovlar hisoblagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Toza hudud” korxonasiga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi (Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas) talablari buzilgani yuzasidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Ishni ko‘rib chiqishda 144 ming 861 nafar iste’molchi foydasiga 528,6 million so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAuto Motors’ga nisbatan ish qo‘zg‘atilgandi. Zavodda ishlab chiqarilgan Gentra sotilganiga 5 oy ham bo‘lmasdan nosozligi tufayli yonib ketgan. Ushbu holat yuzasidan UzAuto Motors va uning dileriga avtomobil yetkazib berish sohasidagi qonunbuzilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
LiveBarchasi