Guliston hokimligining mas’ul xodimi pora bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
12 iyun 3324 1 daqiqa
Davlat zaxirasidagi 2 sotix yerni mansabdor tanishlari orqali olib berish uchun 50 ming dollar talab qilgan Guliston hokimligining mas’ul xodimi ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, xodim xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan. U shaharning O‘zbekiston shoh ko‘chasida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 2 sotix yer maydonini oziq-ovqat do‘koni tashkil etish uchun mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilgan. Dastlab mas’ul xodim 50 ming dollar hisobidan fuqaroning Lacetti avtomashinasini 12 ming AQSH dollariga baholab, boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma rasmiylashtirgan holda olib qolgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimiyat vakili talab qilingan pul mablag‘i hisobidan 8 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Chust tumanida inspektor chegaradan chorva mollarini noqonuniy o‘tkazib berish evaziga pora olgandi.