Sirdaryoda aholi buyumlari nega yoqib yuborilmoqda?

Jamiyat 14852
image

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo aholisiga moddiy yordam sifatida yuborilgan mahsulotlar chiqindixonalarga ag‘darilayotgani, ular o‘z egalariga yetib bormayotgani haqida ma’lumotlar, surat va videolar paydo bo‘lgan edi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda. Toshqin hududlari suvdan holi etilib, quruq va qulay holatga keltirildi.

“Hozirda bu maydonda ikkilamchi tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oqim vaqtida zarar yetgan ashyolar, uy xo‘jaligi buyumlarini yig‘ish, ularni hududdan olib chiqish va yo‘qotish tadbirlarini misol qilish mumkin”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bunday vositalar qayta foydalanish uchun yaroqsiz hisoblanib, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Shu sabab ular yoqib yo‘q qilingan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar suv bosgan 25 ta aholi punktidan 13 tasi suvdan tozalangan va 20 ta aholi punktidagi xonadonlar va ularning hududlari chiqindilardan tozalangan. Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining jami 16 704 nafar shaxsiy tarkibi va 3 233 ta texnikasi jalb etilgan. Mazkur ishlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

Sarvar Anvar o‘g‘li
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 520
Reyting: 3
Teglar
t
×