Sirdaryoda 8 marta sudlangan o‘ta xavfli retsidivist yana jinoyatga qo‘l urdi

3-sahifa

image

Guliston shahrida yashovchi, sakkiz marta sudlanib, 27 yil qamoqda o‘tirgan 67 yoshli otaxon yana jinoyat sodir etgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli S.Boboyev ilgari sakkiz marotaba sudlanib, “o‘ta xavfli retsidivist” tamg‘asini olgan. U hayotining 27 yildan ortig‘ini panjara ortida o‘tkazgan. Lekin bundan tegishli xulosa chiqarmasdan yana jinoyatga qo‘l urdi.

S.Boboyev o‘ta xavfli retsidivist bo‘la turib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, o‘tgan yilning 19 avgust kuni soat 21:30 larda mast holatda Guliston shahridagi B.Isayevaning yashash xonadoni oldiga kelib, darvozada qulf osilganini ko‘rib, voqea joyida barmoq izlarini qoldirmaslik maqsadida o‘zi bilan olib kelgan tibbiyot qo‘lqopni kiyib olib, so‘ng g‘ayriqonuniy ravishda devordan hovliga oshib o‘tgan. Uyning kirish eshigini osma qulfini buzib, uyning ichkarisiga kirib, o‘zganing 3 500 000 so‘mlik bir dona “Artel” rusumli televizorini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan vaqtida, uy egasining farzandi R.Isayevni ko‘rib qolgan, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, jinoyatni oxiriga yetkazmasdan, voqea joyidan yashiringan.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning 21 avgust kuni soat 10:15 larda Sirdaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori-2021” tadbiri davomida Guliston shahridagi S.Boboyevning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, xonadonda ekilgan atirgullar orasida uch tup yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli nasha giyohvandlik o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib kelayotgani aniqlanib, ushbu uch tup giyohvandlik o‘simliklari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida S.Boboyev qo‘lga olinadi, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 169-moddasi 4-qismi “a” va 270-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Sud esa, uni aynan shu moddalar  bilan aybdor deb topib, yana Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etgan.

S.Boboyev bundan norozi bo‘lib, keksa yoshini va bu ishlaridan tavba qilganligini aytib, umrining qolgan vaqtini ozodlikda o‘tkazishni so‘rab, apellyatsiya shikoyatini bergan.

Apellyatsiya instansiyasi sudi, birinchi bosqich sudi tomonidan S.Boboyevga jazo tayinlashda qilmishning sababini, uning shaxsini, muqaddam sudlanganligini, jinoyatni g‘araz niyatda sodir qilganligini, muqaddam sakkiz marotaba sudlanganligini, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, jazoni o‘tash vaqtida yangi jinoyatni qasddan sodir etganligini, jinoyatlarning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, qonun sanksiyasi nazarida tutilgan eng kam ozodlikdan mahrum qilish jazosidan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, qonuniy va asosli xulosaga kelganligini e’tirof etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo

Baholaganlar

388

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing