Sirdaryodagi uylarni yana suv bosdi
Jamiyat
−
16 mart 2022
8640Sirdaryoda surunkali yog‘ingarchiliklar tufayli aholi xonadonlari va qishloq xo‘jaligining shudgor yerlarini suv bosdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Yog‘ingarchiliklar tufayli Sirdaryo tumanidagi xo‘jaliklararo kollektorning Baxt shaharchasi hududidan oqib o‘tuvchi qismida suv sathining me’yoridan oshib ketgan. Oqibatda Baxt shahri “Xazina” MFYning “Xamiyatli” ko‘chasida 21 ta, “Tarovatli” ko‘chasida 7 ta, “Ulug‘ yo‘l” ko‘chasida 35 ta, “Peshqadam” ko‘chasida 12 ta, “Yangi qurilish” ko‘chasida 27 ta xonadonga suv kirgan.
Qayd etilishicha, vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Baxt shahri IIBda tezkor shtab tashkil etilib, tuman hokimligi, FVB, IIB, Milliy gvardiya xodimlari va mahalla vakillaridan iborat 3 ta ishchi guruh tuzilgan. Ishchi guruh tomonidan suv toshgan xonadonlar aholisini xavfsiz hududlarga ko‘chirish haqida ogohlantirish xatlari berilib, “Xazina” MFYdan 20 ta xonadonda yashovchi 68 nafar fuqaro vaqtinchalik yaqin qarindoshlari xonadonlariga ko‘chirilgan. Ko‘chirilgan aholi uchun tibbiy va boshqa ta’minot tadbirlari tashkil etilgan.
“Yuzaga kelgan suv toshish oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Avtoyo‘l xizmati, Suv xo‘jaligi vazirligi viloyat tuzilmalari kuch va vositalari jalb qilingan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri boshchiligida Maxsus vazifalar bo‘yicha respublika qutqaruv markazidan qutqaruvchilar yetib borgan. Bundan tashqari, Jizzax va Toshkent viloyatlari FVBlaridan qo‘shimcha kuch va vositalar safarbar etilib, hozirda suvni chiqarish ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi