Sinvar o‘ldirildi. Navbat kimga?
Tahlil
−
18 Oktabr
5624“Dushmanning men uchun eng katta sovg‘asi – bu meni o‘ldirishidir. Men dushman qo‘lida jon berib, shahid bo‘lgan holda Xudoning huzuriga borishni xohlayman. Men koronavirusdan o‘lgandan ko‘ra, F-16 qiruvchi samolyotlari tomonidan o‘ldirilib, shahid bo‘lishni afzal ko‘raman. Men insult, yurak xuruji yoki baxtsiz hodisadan o‘lishni xohlamayman. Men oddiy o‘limdan ko‘ra shahid bo‘lishni xohlayman”. Bu bir necha yillar oldin Yaxyo Sinvar tomonidan aytilgan gaplar edi.
Kecha, 17 oktyabr kuni tushdan keyin Isroil kuchlarining matbuot xizmati HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar G‘azo sektoriga uyushtirilgan hujumda yo‘q qilingani haqidagi xabarlarni ommaga sizdira boshladi. SAXAL bayonotida G‘azo sektoriga berilgan zarbada 3 nafar HAMAS a’zosi yo‘q qilingani, o‘ldirilganlardan biri Yahyo Sinvar bo‘lishi ehtimoli tekshirilayotgani aytilgandi. Dastlab Isroilning yuqori martabali mulozimlari Sinvarning o‘ldirilgani ehtimoli juda yuqoriligi va voqea joyida buni tasdiqlovchi belgilar yetarlicha ekanini aytdi. Keyinchalik esa “The New York Times” 4 nafar Isroil rasmiysiga tayangan holda hujumda halok bo‘lgani taxmin qilinayotgan Sinvar laboratoriyaga olib ketilgani haqida xabar berdi. Boshqa bir qator manbalar ham uning halok bo‘lganlik ehtimoli juda yuqori ekanligini ta’kidlay boshladi. Arab manbalari esa zarba yo‘llangan joyda topilgan va Sinvarning tashqi qiyofasidan deyarli farq qilmaydigan murdaning fotosuratlarini tarqata boshladi. Biroz vaqt o‘tib, Isroilning “Kan” radiostansiyasi xavfsizlik xizmatidagi manbalariga tayangan holda DNK namunalarini o‘rganishni yakunlagani va natijalar Yahyo Sinvar o‘limini tasdiqlaganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sinvarning shaxsini aniqlash mutaxassislar uchun umuman qiyinchilik tug‘dirmagan, chunki u o‘tmishda Isroil qamoqxonalarida naqd 22 yil bandi qilingan va shu vaqt ichida uning tish va barmoq izlari namunalari saqlab qolingan.
Sinvarni yo‘q qilish operatsiyasi uning o‘limi haqidagi xabarlar tarqalgandan bir kun oldin 16 oktyabrda sektor janubidagi Rafahda amalga oshirildi. SAXAL tomonidan e’lon qilingan Sinvarni o‘ldirish jarayoni aks etgan video tasvirlar dron orqali yozib olingan. HAMAS yetakchisi joylashgan binoga raketa hujumi uyushtirilgandan so‘ng Isroil kuchlarining droni u turgan nuqtani aniqlash uchun bino ichiga yo‘naltirilgan. Dron o‘rindiqda raketa hujumidan so‘ng og‘ir yaralangan va o‘ng qo‘lining deyarli yarmidan ayrilgan ob’ektni tasvirga oladi. Videotasvirda Sinvarligi aytilgan mazkur ob’ekt harakatga yaroqli chap qo‘lidagi tayoqni dronga uloqtirganini ko‘rish mumkin. Isroil droni voqeani shu lahzagacha yozib oladi. Missiyani esa snayper yakunlaydi.
Rasmiy manbalar ichidan dastlab kutilganidek SAXAL va Isroil xavfsizlik xizmati idorasi, shuningdek, yahudiy davlatining Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats va Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bu ma’lumotlarni tasdiqladi.
Sinmas Sinvar
1948 yili Isroil bosqining boshlang‘ich nuqtasiga qadar Yahyo Sinvarning oilasi Ashkelonda istiqomat qilgan. Ammo “naqba” ya’ni falokat deb ataluvchi bu voqealardan so‘ng oila G‘azo sektorida joylashgan Xon Yunusdagi qochqinlar lageriga boshqalar qatori siqib chiqariladi va oradan 14 yil o‘tib 1962 yilda shu yerda Sinvar dunyoga keladi. Sektor bu paytda Misr hukmronligi ostida edi va Sinvar o‘zining bolalik yillarini shu yerda o‘tkazdi. Dastlab u Xon Yunusdagi o‘g‘il bolalar o‘rta maktabida o‘qiydi, so‘ngra G‘azo Islom universitetiga o‘qishga kirib, bakalavr darajasini oladi. Xon Yunusda o‘tgan hayot va undagi yillar Sinvarning kelajagini belgilab beradi. Islomiy harakat bilan aloqalar va uning bu tizimga kirishi aynan Xon Yunusda kurtak ochadi. U yoshlik yillariga qadam qo‘ygan ilk kunlaridan boshlab Isroil qamoqxonalari bilan yuzlashadi. Yahyo Sinvar birinchi marotaba 19 yoshida, 1982 yilda qo‘poruvchilik deb baholangan harakatlari uchun hibsga olinadi. Ammo qamoqda ko‘p qolib ketmaydi va 4 oy o‘tar-o‘tmas u ozod qilinadi. Biroq uning aynan shu hibsdagi davri qarshilik harakatiga qo‘shilishida debocha vazifasini o‘taydi. Chunki Sinvar mazkur qamoqxonada Falastinning Isroil bosqiniga qarshi bir qator faollari bilan uchrashib, ular o‘rtasida ilk aloqalar shakllanadi. Oradan 3 yil o‘tib, 1985 yilda u yana hibsga olinadi va mazkur hodisa Sinvarni Isroil bosqiniga qarshi borgan sari kuchayib borayotgan harakatga yanada yaqinlashtiradi. Taxminlarga ko‘ra, aynan shu paytda u HAMAS asoschisi Shayx Ahmad Yosinning ishonchiga kiradi. Ozodlikka chiqqandan so‘ng yangi tashkil etilgan HAMAS harakatiga a’zo bo‘ladi. Uning bu a’zoligi esa shunchaki harakatda ishtirok etish emas, balki uning muhim ustunlaridan biriga aylanishi bilan boshlanadi. 1987 yilda Sinvar HAMAS ichida yangi “Munazzamat al Jihad val-Dava” qisqacha nomi esa Al-Majd deb ataluvchi tashkilotiga asos soldi. Atigi 25 yoshli Sinvar tomonidan tashkil qilingan Al-Majd tuzilmasi HAMASning ichki xavfsizlik xizmatiga aylanib, Falastin aholisi orasida Isroilga josuslik qilib, ular bilan hamkorlik qilganlarni aniqlash bilan shug‘ullanadi. Sinvarning sotqinlarni jazolash guruhi Isroil bilan hamkorlik qilganlikda gumon qilinganlarni ayovsiz o‘ldirgani uchun unga “Xon Yunus qassobi“ laqabi beriladi. Ammo harakat ichida katta tezlik bilan obro‘ga erishgan Sinvarning dastlabki faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Unga Isroil tomonida 1988 yilda 2 isroillik askarni o‘g‘irlab ketib o‘ldirishni rejalashtirganlik ayblovi qo‘yildi va zudlik bilan hibsga olindi. Bundan tashqari, Sinvar Isroilga josuslik qilgan 12 nafar falastinlikni o‘ldirilganlikda ham ayblandi. Shundan so‘ng u barcha ayblovlarni bo‘yniga oldi va 1989-yilda 4 karra umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Ammo uchinchi bor hibsga olinish va hatto umrbod qamoq jazosi ham yosh yetakchini to‘xtatish uchun kifoya qilmaydi. U 22 yil davomida Isroil qamoqxonalarida bo‘lishiga qaramay, HAMAS harakatida masofadan ishtirok etishni davom ettiradi.
Aqlli, ayyor va shavqatsiz
Sinvar qamoqdaligida ham Isroilga josuslik qiluvchilarni gumdon qilish va HAMAS yetakchilariga kerakli ma’lumotlarni uzluksiz yetkazib turish payida bo‘ladi. U buni harakat yetakchilari yordamida qamoqxonaga uyali telefonlarni yashirincha olib kirish orqali uddalagani aytiladi. Sinvar qamoqqa yangi kelganlar orqali harakat rahbariyatiga ma’lumot berib, Isroil askarlarini o‘g‘irlash va asirlar almashinuvi kabi rejalarda qamoqdan turib qatnashadi. Uning mahbuslik yillari boshqalar tomonidan shafqatsiz, obro‘li, ta’sir doirasiga ega, g‘ayrioddiy darajadagi bardosh sohibi, oz narsaga qanoat qiladigan, ayyor va manipulyator kabi qator e’tiroflarga loyiq ko‘rilgan. Sinvarning qamoqdagi hayoti uning yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirib, u o‘z dushmani Isroilni yaxshiroq tushunish uchun ibroniy tilini turli yo‘llar orqali o‘rganadi. Sinvar ibroniy tilidagi xabarlarni sinchkovlik bilan kuzatadi va “Shabak” nomi bilan mashhur bo‘lgan Isroil Xavfsizlik xizmati rahbarlarining ibroniy tilidagi tarjimai hollarini o‘rganib, arab tiliga puxtalik bilan tarjima qiladi. Ularning islomiy qarshilik harakatlariga nisbatan qo‘llagan usullarini o‘rganish uchun boshqa hibsdagi sheriklariga ham bu ma’lumotlarni ulashadi. Ko‘p o‘tmay, uzoq o‘rganishlardan so‘ng, Sinvar o‘zini ”yahudiylar tarixi bo‘yicha mutaxassis“ deb ta’riflay boshlaydi. Sinvar qamoqxonani ta’lim va tayyorgarlik bazasiga aylantiradi. Kunlardan bir kun o‘z tarafdorlariga yuzlanib, “Isroil qamoq biz uchun qabr bo‘lishini, qat’iyatimizni va tanamizni yanchadigan tegirmon bo‘lishini xohlashgandi. Ammo, xudoga shukurki, o‘z ishimizga bo‘lgan ishonchimiz tufayli qamoqxonani ibodat qilish va ta’lim olish maskaniga aylantirdik” deydi, uddaburon yetakchi. Haqiqatdan ham Sinvar qamoqdagi yillarini behudaga sarflaydi. Eng ajablanarlisi, u qamoqxonada Falastin va Isroilning 50 yillik ziddiyat tarixini o‘z ichiga olgan tarixiy asar ham yozishga ulguradi. 2004 yilda Sinvarning kamerasida tintuv o‘tkazgan qamoqxona xodimlari, uning talaygina qo‘lyozmalarini topib oladi. Yakunda esa bular shunchaki qoralama emas, balki „Tikan va Chinnigullar“ nomli kitob ekani ma’lum bo‘ladi. Sinvar unda G‘azoda istiqomat qiluvchi Ahmad ismli taqvodor yigit obrazida o‘zining hayotini va Falastin qarshilik harakati haqida batafsil bayon qilgandi. Bir tanada qator qobiliyatlarni shakllantirgan Sinvarning shafqatsizlik prinsipi esa doimo alohida mavzu bo‘lib kelgan. Uning bu fe’l-atvori HAMAS ichida o‘zi tomonidan tuzilgan “Al-Majd” tuzilmasi orqali shakllangan. Yuqorida ta’kidlaganidek, Yahyo Sinvar boshchiligidagi mazkur guruh Isroil bilan hamkorlik qilganlikda gumonlanganlarni ta’qib qilish va o‘ldirish bilan jiddiy tarzda shug‘ullangan. “Al-Majd” shuningdek, axloqiy qoidabuzarliklarda ayblanganlarni ham ta’qib qilgan. Sinvar Isroil bilan hamkorlikda gumon qilingan odamlarni qay tarzda o‘ldirganini hech kimdan, jumladan Isroil huquq-tartibot organlaridan ham yashirmagan, aksincha buni mag‘rurlik bilan aytib bergan. Jumladan, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan yili, tergov jarayonlarida Isroilga sotqinlik qilishda gumonlangan bir necha falastinliklarni o‘z qo‘li bilan bo‘g‘ib o‘ldirgani, ba’zilarni tiriklayin ko‘mgan holda ko‘mish jarayonini belkurak bilan emas, balki qoshiq bilan amalga oshirgani kabi holatlarni tan olgan. Sinvarning yana bir sevimli qiynoq uslublaridan biri bu - issiq taxta yordamida kuydirib, qiynoqqa solish bo‘lgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Ozodlik va yakun
2011 yilga kelib Yahyo Sinvarning 22 yillik tutqunlikdagi davri o‘z nihoyasiga yetdi. HAMAS va Isroil o‘rtasidagi o‘zaro almashinuv doirasida yahudiy davlati Sinvarning ukasi Muhammadning sa’y-harakatlari tufayli 5 yil oldin asirlikka olingan SAXAL askari Gilad Shalit evaziga 1000 dan ortiq falastinlik asirlarni ozod qiladi. Bu jarayondagi o‘ziga xos savdoda HAMAS harakati Isroildan eng avvalo Sinvarni talab qildi va yakunda harakat o‘z maqsadiga yetdi. Oradan yillar o‘tib, tahlilchilar Isroilning bu qarorini HAMAS bilan ziddiyatlar tarixidagi eng katta xatolardan biri deya qayd etdi. Sinvar ozodlikka chiqqach, uning qilgan eng dastlabki ishi oila qurish va harakat tarkibida o‘z o‘rniga ega chiqish bo‘ldi. U darhol “Al-Qassam” brigadasi va shtab boshlig‘i Marvon Issa bilan ittifoq tuzdi. 2011 yil noyabr oyida esa o‘zidan naqd 18 yosh kichik bo‘lgan Samar Muhammad Abu Zamar bilan turmush qurdi. Sinvar va Zamar 3 nafar farzand ko‘rdi va ularning butun hayoti G‘azo sektoridagi tunnellarda o‘tdi. 2013 yilga kelib u HAMASdagi eski mavqeyini tikladi. Sinvar shu yili HAMASning G‘azo sektoridagi siyosiy byurosi a’zosiga aylanishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tgach, u AQSH Davlat departamenti tomonidan xalqaro terrorchi ro‘yxatiga kiritildi. Tez orada Buyuk Britaniya va Fransiya ham unga nisbatan shunday pozitsiyani egalladi. Ammo Yahyo Sinvar tashqi bosimlarga qaramay, to‘xtashni istamadi va hatto 2017 yilda HAMASning butun boshli G‘azo sektoridagi rahbari etib saylanib, harakatning eng muhim uch shaxsidan biriga aylandi. 2018 yilda AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Tramp mamlakatning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirganida, bunga qarshi keng ko‘lamdagi noroziliklar fonida Sinvar katta sahnaga chiqdi. 2021 yildan boshlab Isroil Sinvarni jismonan yo‘q qilish harakatlarini boshladi. Shu yili SAXAL uni G‘azodagi uyi va idorasiga havo hujumlarini uyushtirdi. Hujumda bir qator ob’ektlar tekislangan bo‘lsa-da, Sinvar voqea joyida yo‘q bo‘lgani sababli Isroil kuchlari o‘z maqsadiga yeta olmadi. 2022-yildan boshlab, Yahyo Sinvar falastinliklarni keng ko‘lamli qarshilik harakatlariga ommaviy tarzda undashga kirishdi. U o‘z telemurojaatida odamlarni Isroil bosqiniga qarshi har qanday tarzda javob qaytarishga chaqira boshladi.
Sinvar ortda qolgan yillar davomida guruhning fuqarolik va siyosiy masalalar bo‘yicha rahbari sifatida mintaqa davlatlari bilan aloqa o‘rnatish ishlariga boshchilik qilib kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u XAMASdan masofa saqlashga harakat qilgan Misr yetakchilari bilan munosabatlarni tiklash va Erondan davom etayotgan harbiy yordamlarni qabul qilish uchun mas’ul bo‘lgan. 2023 yil 7 oktyabrda Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan yerlarga qilingan hujum yuzasidan qabul qilingan yakuniy qarorda ham Sinvar hal qiluvchi rolni o‘ynaganligi aytiladi. Aynan shu vaj bilan u Isroil kuchlari tomonidan ortda qolgan 1 yil vaqt davomida uzluksiz qidirib kelindi. Joriy yilning 31 iyulida HAMASning uzoq yillik yetakchisi Ismoil Xoniya Tehronda ko‘p ehtimol Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgandan so‘ng Sinvar harakat boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi. Sinvar marhum yetakchi Xoniyadan farqli o‘laroq, Isroilning G‘azoga bosqini boshlangandan buyon G‘azoni tark etmagan holda doimiy ravishda front ichida qoldi. Isroil rasmiylari uning G‘azodagi yer osti tunnellarida yashiringanligi, ammo uni qo‘lga kiritish faqat vaqt masalasi ekanini uzoq vaqtdan buyon ta’kidlab kelishayotgandi.
Sinvar harakat yetakchisiga aylangandan so‘ng, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxudan farqli o‘laroq, otashkesim uchun bir necha bor signallar berdi. U Isroil bilan o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatish, asirlarni almashtirish kabi kelishuvlarga ochiqligi haqida ko‘plab xabarlar tarqalgandi. Biroq Netanyaxuning Isroilning maqsadi HAMASni butunlay yo‘q qilish ekani haqidagi bayonotlari barcha ehtimoliy kelishuvlarni amalda yo‘qqa chiqardi. Yakunda yahudiy davlatining qurolli kuchlari qarshilik o‘qi guruhlarining rahbarlarini jismonan yo‘q qilish yo‘lidan bordi. Ismoil Xoniyadan boshlangan ro‘yxat sentyabr oyida “Hizbulloh” yetakchilari Hasan Nasrulloh, Ibrohim Oqil va hatto harakatning potensial rahbari bo‘lishi kutilgan Safi ad-Din bilan davom ettirildi. Isroil ma’lum muddat go‘yo bor e’tiborini “Hizbulloh”ni mahv etish uchun qaratgan mahal SAXALning “ov ro‘yxati”dagi navbat Yahyo Sinvarga yetib keldi.
Keyingi voqealar rivoji qanday kechadi?
Sinvarning o‘limi tasdiqlangach, bu faktor Isroil va uning ittifoqchisi Qo‘shma Shtatlar tomonidan bayram sifatida qabul qilindi. Xususan, AQSHning ayni damdagi rahbarlari prezident Jo Bayden va vitse-prezident Kamola Harris bu voqelikni “tinchlik” o‘rnatilishi uchun muhim va yakuniy qadam sifatida e’tirof etdi. Jo Bayden Sinvarning o‘limini Isroil, AQSH va qolaversa butun dunyo uchun xushxabar ekanini ta’kidladi. U Netanyaxuga aloqaga chiqib, uni tabriklashi va asr olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish yo‘llarini muhokama qilishni bildirdi. Bayden mazkur voqelikni kelajak uchun imkoniyat deya baholadi. Uning nazdida Sinvar shu choqqacha urushni to‘xtatish va muzokaralar olib borish uchun “to‘siq” bo‘lgan. O‘z o‘rnida Kamola Harris ham Baydenning pozitsiyasini ifoda etgan holda Sinvarning yo‘q qilinishi sektordagi urushning yakuniy qismi ekanligiga ishonch bildirdi. Ammo Netanyaxu qirg‘inni to‘xtatish haqida zarracha ham o‘ylamayapti. U Sinvarni o‘ldirilishi urushning nihoyasi emasligini ma’lum qildi. Anchadan buyon AQSHning nazoratidan chiqqan holda harakatlanayotgan Isroil Bosh vaziri HAMAS siyosiy byurosi yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘ldirilishi bo‘yicha bergan bayonotida Sinvar bilan “hisob-kitob bitgani”, ammo urush hali tugamasligini ochiq-oydin ta’kidladi. Bu esa o‘z-o‘zidan G‘azodagi qirg‘in hali beri tugamasligi, Isroil Bosh vaziri sektor ustidagi siyosiy maqsadlariga to‘laligicha erishmagunga qadar mintaqa yirik inqiroz ichida qolishda davom etishidan dalolat bermoqda. Bunday xulosaga Netanyaxuning tutgan pozitsiyasidan tashqari yana bir qator boshqa omillar ham mavjud. Xususan, qator tahlilchilar qarshilik o‘qining yetakchilarini yo‘q qilish harakatlarning to‘xtatilishi uchun deyarli befoyda ekanligi haqida gapirib kelishadi. Masalan, ekspertlar Sinvar XAMASning asosiy o‘yinchisi bo‘lsa-da, uni yagona rahbar sifatida ko‘rmaslik kerakligi, chunki HAMAS bir nechta alohida kuch markazlariga ega bo‘lgan markazlashmagan tashkilot ekanligiga urg‘u beradi. HAMAS kabi tashkilotlar shu tartibda ishlaydi va yetakchilar bilan bog‘liq noxush hodisalar harakatning kelajagiga putur yetkazish ehtimoli juda past. Ularning almashinuvi xoh o‘lim tufayli xoh boshqa sabablar bilan bo‘lsin, bu harakat faoliyatining shunchaki bir qismi. Masalan, Sinvarning o‘limidan ko‘p o‘tmay, keyingi ehtimoliy yetakchi haqidagi taxminlar tezda bolaladi. Ko‘plab manbalar 1996-yildan 2017-yilga qadar, ya’ni Ismoil Xoniyadan oldin HAMAS siyosiy byurosi rahbari bo‘lib ishlagan Holid Mashal harakatga qayta rahbar etib tayinlanishi mumkinligini taxmin qila boshladi. Shunday ekan, sodda qilib aytganda HAMAS va “Hizbulloh” kabi harakatlar regeneratsiya qobiliyatiga ega va ular bunday jarayonlarga juda tez moslashadi. Yetakchilar bu yerda ma’lum maqsad va vazifani bajaruvchi drayver. Ularning o‘limi esa harakatning bir davri tugab, yangisiga qadam qo‘yish xolos. Buni qarshilik o‘qining 40 yillik tarixi davomida yuz bergan bir qancha o‘zgarishlar isbotlaydi. Bu esa G‘azodagi inqirozni hal etishning faqatgina bir dona yechimi borligini anglatadi. U ham bo‘lsa muzokara stolidir.
LiveBarchasi