Isroil 48 soat ichida UNRWA’ning barcha ofislarini yopadi
Olam
−
29 yanvar
6115Isroil hukumati 48 soat ichida Quddusda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochqinlariga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligining (UNRWA) barcha ofislarini yopishni, tashkilot vakillari bilan aloqalarni uzishni va uning faoliyatini Isroil hududida taqiqlashni rejalashtirganini e’lon qildi. Bu haqda bugun, 29 yanvar kuni Isroil hukumatining rasmiy vakili David Menser matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“48 soat ichida UNRWA Isroildan chiqariladi: ofislar bo‘lmaydi, aloqalar bo‘lmaydi va faoliyat bo‘lmaydi”, dedi Menser.
Menserga ko‘ra, UNRWA Isroilning milliy xavfsizligiga tahdid soladi.
“UNRWA’da HAMASning faoliyat yuritayotgan ko‘plab xodimlari bor: faqatgina UNRWA’ning o‘zi so‘roq qilgan 19 nafar emas, balki yuzlab xodimlar”, dedi u.
Ma’lumot uchun, joriy yil 25 yanvar kuni Isroilning BMTdagi doimiy vakili Dani Danon tashkilot Bosh kotibini xabardor qilib, UNRWA’ning 30 yanvargacha Isroildagi barcha faoliyatini to‘xtatishi kerakligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 28 oktyabrda Isroil Knesseti (yagona palatali parlament) UNRWA faoliyatini mamlakatda taqiqlovchi qonunni qabul qilgan. Hujjatga 92 deputat ovoz bergan, 10 nafari qarshi chiqqan. Ushbu qonun UNRWA'ga mamlakat hududida vakolatxona ochish, xizmatlar ko‘rsatish va bevosita yoki bilvosita faoliyat yuritishni taqiqlaydi.
LiveBarchasi