Sindzo Abening dafn marosimida kimlar qatnashishi ochiqlandi. Putin boradimi?

Olam

image

Yaponiya sobiq Bosh vaziri Sindzo Abening davlat dafn marosimida 6000 ga yaqin odam, jumladan, bir necha yuz xorijiy delegatsiya a’zolari ishtirok etadi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni “Nikkei Asia” gazetasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tokioga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, AQSH vitse-prezidenti Kamola Xarris, AQSH sobiq Prezidenti Barak Obama, Janubiy Koreya Bosh vaziri Xan Doksu, Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari Tomas Bax kelishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, sentyabr oyining boshiga qadar mehmonlarning aniq ro‘yxati tuziladi.

Ma’lum bo‘lishicha, AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp ham dafn marosimida qatnashish istagini bildirgan, biroq Tokio taklifnomalarni aniq shaxslarga emas, balki shtatlarga jo‘natgan. Shuning uchun Amerikaning amaldagi Prezidenti Jo Bayden uning AQSH vakili sifatida ishtirok etishini ma’qullashi kerak.

200 ga yaqin mamlakat va mintaqalar Abening davlat dafn marosimi haqida xabardor qilingan. Bu to‘g‘risida Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumot bergan.

Abe vafotidan keyin Yaponiyaning eng faxriy davlat mukofoti – zanjirli Xrizantema ordeni bilan taqdirlanishi ma’lum qilindi. Tegishli qaror mamlakat Vazirlar Mahkamasi majlisida qabul qilingan. Ma’lumot o‘rnida, zanjirli Xrizantema ordeni Yaponiyada juda kamdan-kam hollarda beriladi. Mamlakat ichida ushbu mukofot bilan faqat 14 kishi taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi o‘rtalarida Ukrainada davom etayotgan bosqin va sanksiyalar tufayli Sindzo Abening davlat dafn marosimiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin taklif qilinmasligini ma’lum qilingan edi. Bunga javoban Kreml vakili Dmitriy Peskov ham Putin Yaponiyaga safarni rejalashtirmayotganini, dafn marosimida Rossiya nomidan kim qatnashishi keyinroq ochiqlanishini aytgandi. Biroq Tokio tomonidan tuzilgan dastlabki ro‘yxatda Rossiya tilga olinmagan. 

Abega suiqasd

Joriy yilning 8 iyul kuni Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe ko‘chadagi chiqishi davomida otib ketildi. 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami qo‘lbola o‘qotar qurol bilan uni ikki marta otib tashladi. Abe qutqaruv vertolyotida shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar unga qon quyishdi va bir necha soat davomida uning hayoti uchun kurashdilar. Sobiq Bosh vazir 67 yoshida vafot etdi

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 22 iyul kuni Yaponiya hukumati sobiq Bosh vazir Sindzo Abening davlat dafn marosimini 27 sentyabr kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagan. 

Marosim Tokiodagi Imperator saroyidan unchalik uzoq bo‘lmagan “Budokan” (Jang san’ati zali) arenasida bo‘lib o‘tadi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

187

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing