Abening xorijiy davlatlar rahbarlari ishtirokidagi dafn marosimi qachon o‘tkazilishi aytildi

Olam

image

Yaponiya hukumati 8 iyul kuni hujumda halok bo‘lgan sobiq Bosh vazir Sindzo Abening davlat dafn marosimini 27 sentyabr kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi. Bu haqda 22 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Xirokadzu Matsuno ma’lum qildi. 

Marosim Tokiodagi Imperator saroyidan unchalik uzoq bo‘lmagan “Budokan” (Jang san’ati zali) arenasida bo‘lib o‘tadi. 

14 iyul kuni Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida hukumatni sakkiz yilu sakkiz oy boshqargan Abe erishgan yutuqlarni qayd etib, davlat darajasida dafn marosimini o‘tkazish rejasini ma’lum qildi. Yaponiya jamiyati sobiq Bosh vazirning o‘ldirilishidan hayratda qoldi. Biroq mamlakat rahbariyatining dafn marosimini o‘tkazish qarori aholi tomonidan turli xil his-tuyg‘ular bilan kutib olindi: NHK telekanali so‘roviga ko‘ra, respondentlarning 49 foizi bunga rozi bo‘lgan, 38 foizi esa qarshi chiqqan.

Xorijiy delegatsiyalar

Yaponiya hukumati davlat dafn marosimiga xorijiy delegatsiyalarni taklif qilmoqchi. 

“Biz xorijlik mehmonlarni taklif qilamiz, lekin kim, qancha va qachon taklifnoma yuborilishi haqida batafsil ma’lumot beramiz”, deydi Matsuno. 

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasining aytishicha, bo‘lajak dafn marosimida xorijlik mehmonlar ro‘yxatini shakllantirish uchun vazirlik huzurida maxsus bo‘lim tashkil etilgan. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab davlatlar vakillari allaqachon marosimda ishtirok etish istagini bildirgan. U bu masala bo‘yicha batafsil ma’lumotni keyinroq berishni va’da qildi. Avvalroq u Tokioga 259 ta davlat va mintaqadan 1700 ga yaqin hamdardlik xabari kelganini aytgandi. 

Marosim protokoli hali ma’lum emas

Davlat dafn marosimini o‘tkazishning aniq protokoli yo‘q. Ikkinchi jahon urushidan keyin marosim bir marta, 1967 yilda sobiq Bosh vazir Sigeru Yosida vafot etganida o‘tkazildi. Hukumat Abe oilasining istaklarini inobatga olgan holda, bo‘lajak tadbir tafsilotlarini keyinroq taqdim etishga va’da bermoqda. Barcha xarajatlar davlat g‘aznasi hisobidan qoplanadi. 

Mahalliy jurnalistlarning eslashicha, 1967 yil oktyabr oyida davlat dafn marosimi kuni sobiq bosh vazir Yosidaning xoki solingan idish kortejda “Budokan” zaliga olib ketilgan va u yerda katta motam portreti ostida sahnaga qo‘yilgan. Hukumat rahbari nutq so‘zlagan, undan so‘ng taniqli jamoat va siyosat arboblari, jumladan, xorijlik ham sahna yaqinidagi maxsus jihozlangan joylarga gul qo‘ygan.
Keyin ko‘chada motamli artilleriya zarbi va sirenalar ovozi chalingan, jamoat transportida, shu jumladan temir yo‘l stansiyalarida odamlar ovoz kuchaytirgichlar orqali Yosida xotirasiga bir daqiqalik sukut bilan hurmat bajo keltirgan. 1967 yildagi bunday marosim turli xil reaksiyaga sabab bo‘ldi, deb eslaydi “Asahi” gazetasi jurnalisti Nao Maeda:

“Universitetlarda davlat dafn marosimlarini o‘tkazmaslik va bir daqiqalik sukutda qatnashmaslikka chaqiruvchi plakatlar osilgan, gavjum ko‘chalarda esa marosimga qarshi chiqqanlar tanqidiy chiqishlar qildi”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyul kuni Dzodzyodzi ibodatxonasida Abening oila a’zolari, yaqin do‘stlari va hamkorlari dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Marhumning jasadi kuydirildi va uning kuli solingan idishni bevasi Akie uyiga olib keldi. Sobiq Bosh vazirning kullari dafn etilgan sana va joy hozircha e’lon qilinmagan, ammo ular kutilganidek, uning ona shahri Yamaguti prefekturasi bo‘lishi mumkin. U yerda, Nagatoda, uning otasi, sobiq Tashqi ishlar vaziri Sintaro Abening qabri bor. U 67 yoshida vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sindzo Abe

Baholaganlar

118

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing