Si Szinpin uyg‘urlar genotsidi boshlanganidan beri birinchi marta Shinjonga bordi
Olam
−
15 iyul 2022
15188Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin joriy yilning 12-13 iyul kunlari Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatining Urumchi shahriga safar qildi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi. Siyosatchi mintaqaga 2014 yilda, BMT Inson huquqlari kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati mamlakat shimoli-g‘arbida uyg‘urlar va qozoqlarga nisbatan “genotsid” siyosatini boshlaganidan beri ilk bor tashrif buyurdi.
“Si Szinpin ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, etnik birlik va taraqqiyotga ko‘maklashish, Xitoy xalqining hamjamiyat tuyg‘usini mustahkamlash kabi sohalardagi ishlar bilan tanishdi”, deyiladi agentlik materialida XXR raisining safari haqida.
Qayd etish kerakki, inson huquqlarining buzilishi, majburiy assimilyatsiya va Shinjon aholisini qayta tarbiyalash lagerlariga yuborish muammosi Xitoyning G‘arb davlatlari bilan munosabatlarini keskinlashtirgan eng jiddiy omillardan biridir. May oyida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissarining mintaqadagi vaziyatni baholashga urinishlariga to‘sqinlik qilayotganini va uyg‘urlarga qarshi genotsidni davom ettirayotganini aytgan edi. Diplomatga ko‘ra, Shinjonda 1 milliondan ortiq odam noqonuniy hibsda saqlanmoqda.
“Kommersant”ning yozishicha, 24 may kuni xakerlar hujumi natijasida shimoli-g‘arbiy mintaqa politsiyasining arxivi ommaga e’lon qilindi. Hujjatda Shinjondagi lagerlarda mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatni aks ettiruvchi o‘n minglab fotosuratlar va videolar mavjud. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Veng Venbin nashr etilgan arxivni Xitoyni obro‘sizlantirishga urinish deb atadi.
LiveBarchasi