Si Szinpin SHHT doirasida “Ishonch telefoni”ni tashkil qilish taklifini bildirdi
Olam
−
11 noyabr 2020
2641Xitoy Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida a’zo davlatlarga epidemiologik vaziyat va transchegaraviy yuqumli kasalliklar to‘g‘risida ma’lumot almashish uchun “Ishonch telefoni”ni yaratishni taklif qildi. Bu haqda Xitoy raisi Si Szinpin kecha, 10 noyabr kuni SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi sammitida gapirgan.
“Xitoy tomoni tashkilotga a’zo davlatlarning sanitariya-epidemiologik nazorati markazlari o‘rtasida “Ishonch telefoni”ni tashkil etishni taklif qilmoqda. Bu transchegaraviy infeksiyalar to‘g‘risida o‘z vaqtida ma’lumot almashib, kasalliklarga qarshi kurashish uchun kerak bo‘ladi”, degan Xitoy rahbari.
Shuningdek, Si Szinpin SHHTga a’zo davlatlar epidemiyaga qarshi kurash va boshqa turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishi kerakligini aytgan.
“SHHT mamlakatlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbariyatini qo‘llab-quvvatlashi va birgalikda pandemiyaning siyosiylashishiga qarshi turishlari kerak”, degan Xitoy raisi.
Shuningdek, Si Szinpin Xitoyning koronavirus vaksinasi yetkazib berish imkoniyatlari haqida ham gapirib o‘tdi.
"Insoniyat koronavirus ustidan g‘alaba qozonishi uchun vaksina juda muhim. Xitoy vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro mexanizmga qo‘shilgan va bu borada SHHTga a’zo mamlakatlarning so‘rovlarini ko‘rib chiqishga tayyor. Biz hamkorlarimizga o‘z fuqarolarining salomatligini ta’minlash borasida yordam berishdan xursand bo‘lamiz", degan u.
Eslatib o‘tamiz, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi sammiti Rossiya raisligida kecha, 10 noyabr kuni o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham nutq so‘zlab, bir qator takliflarni ilgari surdi.
LiveBarchasi