Si Szinpin Imomali Rahmonni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi
Olam
−
05 iyul
4294Xitoy rahbari Si Szinpin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonni davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofotni topshirish marosimi ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar olib boriladigan Millat saroyida bo‘lib o‘tdi. Rahmon Xitoy rahbariga mukofotni topshirgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
“Mening kamtarona xizmatlarimga yuksak baho berganingiz va Xitoy Xalq Respublikasining yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlaganingiz uchun chin dildan minnatdorman”, deydi Prezident.
Uning fikricha, bu butun tojik xalqi uchun Xitoy bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi mukofotdir.
“Qo‘shnichiligimizning qariyb 33 yili davomida Tojikiston-Xitoy chegarasida bironta ham noxush hodisa ro‘y bermagan”, deb ta’kidladi Tojikiston rahbari.
O‘z navbatida, Si Szinpin taqdirlash marosimi Xitoydan tashqarida ilk bor o‘tkazilganini ta’kidladi. Xitoy rahbarining aytishicha, Rahmon “Xitoy va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni yaratgan va ilgari surgan favqulodda siyosatchidir”. U ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik samarali bo‘lib, “boy mevalar” keltirganini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, “Do‘stlik” ordeni Xitoy Xalq Respublikasining 2016 yil 1 yanvardan kuchga kirgan “Davlat mukofotlari va davlat faxriy unvonlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan davlat mukofoti sifatida tasdiqlangan. U faqat Xitoyning davlat qurilishi va modernizatsiyasiga, XXR va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi aloqa va hamkorlikni rivojlantirishga, butun dunyoda tinchlikni saqlashga alohida hissa qo‘shgan xorijiy fuqarolarga beriladi.
2018 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin tarixda birinchi bo‘lib ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan.
Xitoy rahbari Dushanbega bir kun avval davlat tashrifi bilan kelgan edi. Tashrif davomida Rahmon bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Xitoy tomoni moliyalashtirgan Tojikiston hukumati va parlamentining yangi binolarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Szinpinning tashrifi 6 iyul kuni yakunlanadi.
LiveBarchasi