Si Szinpin Xitoy armiyasiga urushga tayyorlanishni buyurdi

Olam

image

Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi (XOA) “haqiqiy jangovar tayyorgarlikka e’tibor qaratishi kerak”. Bu haqda Xitoy raisi va mamlakat Markaziy harbiy komissiyasi rahbari Si Szinpin milliy mudofaa va harbiy islohotlarga bag‘ishlangan seminar vaqtida aytib o‘tdi.

Xitoy markaziy televideniyesi xabariga ko‘ra, davlat rahbari seminar ishtirokchilariga shunday ko‘rsatma bergan. Tadbirda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zolari ishtirok etgan.

XXR rahbari, shuningdek, armiyani isloh qilish maqsadlariga erishish rejasiga qat’iy rioya qilishni ham buyurgan.

Si Szinpinning buyrug‘i Tayvan atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi fonida berildi. Negaki, bugun, 21 sentyabr kuni ertalab XOA jangovar qo‘mondonligining Sharqiy hududi rasmiy vakili Shi I Xitoy bo‘linmalari Tayvan bo‘g‘ozidan AQSH va Kanada harbiy-dengiz kuchlari kemalari o‘tganidan keyin yuqori jangovar shaylikni saqlab turishini aytdi. Qo‘mondonlik vakili qo‘shinlar har qanday tahdidlarga qarshi turishini hamda davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSH harbiylari Xitoydan ehtimoliy bosqin sodir bo‘lgan taqdirda Tayvanni himoya qilishini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi  (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lub bo‘lib, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qoldi. XXRning aksariyat davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, orol Xitoy provinsiyalaridan biri hisoblanadi. 

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, XXR bilan o‘rnatdi. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taypey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR hukumatining noroziligiga sabab bo‘ldi. 2-3 avgust kunlari AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifi ortidan Tayvan bo‘g‘ozi mintaqasidagi keskinlik jiddiy ravishda avj oldi, bu esa Pekinning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Si Tszin'pin Tayvan'

Baholaganlar

520

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing