Tramp Tayvan mojarosini oldini olish rejasini e’lon qildi

Olam

image

Kecha, 5 dekabr kuni AQSH prezidenti Donal’d Tramp Tayvan va Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha Xitoy bilan mojaroning oldini olish uchun AQSH va ittifoqchilarning harbiy qudratini kuchaytirishga asoslangan yangi strategiyani e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb biladi va uni nazoratga olish uchun kuch ishlatish ehtimolini rad etmagan. Pekin, shuningdek, Janubiy Xitoy dengizining deyarli butun qismiga nisbatan hududiy da’volarga ega.

AQSHning Tayvan bilan rasmiy diplomatik aloqalari bo‘lmasa-da, Vashington orolning eng muhim xalqaro tayanchlaridan biri bo‘lib qolmoqda hamda qonun asosida Tayvanga o‘zini himoya qilish uchun zarur vositalarni taqdim etishi shart.

Trampning birinchi prezidentlik davridagi 2017 yilgi strategiyada Tayvan atigi uch bor tilga olingan bo‘lsa, yangi hujjatda orol sakkiz marta eslatilgan. Unda Tayvanning yarimo‘tkazgichlar sanoatidagi yetakchilik o‘rni va savdo yo‘llari ustidagi strategik ahamiyati alohida ta’kidlanadi.

Shuningdek, hujjatda “Yaponiyadan Janubi-Sharqiy Osiyogacha cho‘zilgan orollar zanjiri bo‘ylab har qanday tajovuzni bartaraf eta oladigan harbiy kuch barpo etamiz,” deyiladi. Ammo AQSH bu ishni yolg‘iz bajarmasligini, ittifoqchilar ham kollektiv mudofaa uchun ko‘proq mablag‘ sarflashlari zarurligi qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, yangi yondashuv “AQSH va ittifoqchilarning Tayvanni egallashga qaratilgan har qanday urinishlarni to‘xtatish qobiliyatini oshiradi.”

Tramp Tayvan atrofidagi keskinlik kuchaygan taqdirda qanday javob berishini ochiq aytmagan. Jo Bayden esa Xitoy bosqinchilik qilsa, AQSH Tayvanni himoya qilishini bir necha bor ma’lum qilgandi.

Trampning Pekin bilan kelishuvga intilishi va Si Szinpin bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga urinishi, ayrimlar nazarida, AQSHning Tokio va Manila kabi mintaqaviy ittifoqchilarga ko‘rsatadigan qo‘llab-quvvatlovini susaytirishi mumkin.

Prezident Tramp 2026 yil aprel oyida Pekinga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Unda tomonlar savdo urushi bo‘yicha sulhni uzaytirishni muhokama qilishi kutilmoqda.

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi Yaponiyaning harbiy javob berishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgach, Pekinning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Tramp Takaichidan Xitoy bilan keskinlikni oshirmaslikni so‘ragan.

Shunga qaramay, Tramp yaqinda Taybey bilan aloqalarni muntazam qayta ko‘rib chiqishni talab qiluvchi qonunni imzoladi hamda Tayvanga 330 million dollarlik qiruvchi samolyot qismlarini sotishni ma’qulladi. Bu Tayvanga qo‘llab-quvvatlov ishorasi sifatida baholandi.

Tramp, shuningdek, AQSHning ikki asosiy mintaqaviy ittifoqchisi Yaponiya va Janubiy Koreyani mudofaa xarajatlarini oshirishga undab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy AQSHni Tayvan bilan aloqalarni uzishga chaqirgani haqida xabar berilgandi. Xitoy AQSH va Tayvan o‘rtasidagi har qanday rasmiy aloqalarga qat’iyan qarshi chiqadi, shuningdek, AQSHni orol bilan rasmiy muloqotlarni zudlik bilan to‘xtatishga va Tayvan mustaqilligiga intilayotgan “separatistik kuchlar”ga har qanday noto‘g‘ri signal yuborishdan tiyilishga qat’iy chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Tayvan' Janubiy Xitoy yangi strategiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing