Si Szinpin G‘azo bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirdi
Olam
−
30 may
6516Xitoy rahbari Si Szinpin Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi urushni tugatish uchun keng ko‘lamli tinchlik konferensiyasi o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 30 may kuni Pekinda arab davlatlari vakillari oldida qilgan chiqishida ma’lum qildi.
“Yaqin Sharq – rivojlanish uchun katta istiqbolga ega mintaqa, biroq unda hamon urush davom etmoqda. Urush cheksiz davom eta olmaydi, adolat abadiy yo‘qolmaydi va "ikki davlat yechimi"ni o‘zboshimchalik bilan buzib bo‘lmaydi”, deydi Xitoy rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy 1967 yildagi chegaralar doirasida to‘liq suverenitetga ega bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini, uning poytaxti Sharqiy Quddusni tashkil etishni, Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo sifatida kirishini hamda kengroq, obro‘li va samaraliroq xalqaro tinchlik konferensiyasi chaqirilishini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.
Si Szinpindan so‘ng so‘zlagan Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi xalqaro hamjamiyatni Isroilning G‘azo sektorida HAMASga qarshi urushini to‘xtatishga chaqirdi.
“Xalqaro hamjamiyatni G‘azoga zudlik bilan uzoq muddatli gumanitar yordam ko‘rsatishga, Isroil qamalini va falastinliklarni o‘z yerlarini majburan tark ettirishga urinishlarni to‘xtatishga chaqiraman”, degan as-Sisi.
Bir kun avval Misr rahbari bilan muzokaralar chog‘ida Si Szinpin G‘azodagi “o‘ta og‘ir” vaziyatdan qattiq xafa ekanligini ta’kidladi.
“Hozirgi kunda birinchi ustuvor vazifa mojaro tarqalishining oldini olish, mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka ta’sir ko‘rsatish va yanada jiddiy gumanitar inqirozning oldini olish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishdir”, degan Xitoy rahbari.
Shuningdek, u Xitoy “Falastin masalasini tezroq, har tomonlama, adolatli va uzoq muddatli hal etishga erishish” uchun Misr bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi.
LiveBarchasi