Si Szinpin BRICS sammitiga yetib bordi (video)
Olam
−
22 avgust 2023
7159Xitoy raisi Si Szinpin Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadigan BRICS'ning XV sammitida qatnashish uchun yetib bordi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligining saytida ma’lum qilindi.
“Assotsiatsiyada ishtirok etayotgan davlatlar rahbarlarining joriy sammiti BRICS mexanizmini rivojlantirish tarixidagi muhim bosqich bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarishiga ishonaman", deyiladi Si Szinpinning bayonotida.
Xitoy rahbari butun sayyorada tinchlikni birgalikda rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida Afrika davlatlarining yuqori hokimiyatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini urg‘ulagan.
Shuningdek, u BRICS global iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo‘shishini ta’kidlagan.
Si Szinpinning so‘zlariga ko‘ra, assotsiatsiya a’zolari global boshqaruvni optimallashtirgan va xalqaro munosabatlarni demokratlashtirishga yordam bergan konstruktiv kuchga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida, BRICS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika kiradi. Sammit 22-24 avgust kunlari Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tadi. Ushbu sammitda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin videoaloqa orqali ishtirok etadi. Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etmoqda. Chunki Putin Janubiy Afrikaga borsa hibsga olinishi mumkin.
Gap shundaki, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Shundan so‘ng, XJSga a’zo bo‘lgan Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putinni Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etishdan bosh tortishga chaqirgan.