Si qariya Kissinjer AQSH-Xitoy munosabatlarini yaxshilashidan umidvor

Olam

image

Xitoy Raisi Si Szinpin bugun, 20 iyul kuni Pekindagi Dyaoyuytay davlat saroyida AQSHning sobiq davlat kotibi Genri Kissinjer bilan uchrashdi. Si amerikalik qariya siyosatchining yarim asr oldin samara bergan, Xitoy-AQSH munosabatlarini normallashtirishdagi muhim vazifasini davom ettirishiga umid bildirdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida ma’lum qilingan.

Suhbatda Si Szinpin 52 yil avval Xitoy-Amerika munosabatlaridagi burilish nuqtasi haqida gapirgan.

“Rais Mao Szedun, Xitoy Bosh vaziri Chjou Enlay, Prezident Nikson va shaxsan siz ajoyib strategik qarashga ega bo‘lib, Xitoy-AQSH hamkorligi uchun to‘g‘ri tanlov qildingiz. Ikki davlat munosabatlarini normallashtirish jarayonini boshlab berdingiz. Bu ikki tomonga ham foyda keltirdi va dunyoni o‘zgartirib yubordi”, degan Si Szinpin. 

Shuningdek, u Kissinjer yaqinda 100 yoshga to‘lganini va Xitoyga 100 martadan ortiq tashrif buyurganini aytib o‘tgan.  Si Szinpin  Xitoy “eski do‘stlari”ni, xususan, Kissinjerning Pekin-Vashington munosabatlariga qo‘shgan hissasini unutmasligini ta’kidlagan.

"Xitoy va Qo‘shma Shtatlar qaysi yo‘ldan borishini bilmay, yana chorrahada qoldi. Tomonlar yana tanlov qilishi kerak. Ikki davlat kelajakda albatta birgalikda muvaffaqiyat va farovonlikka erishishi mumkin, asosiysi – o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash va manfaatli hamkorlik tamoyillariga amal qilish”,  deydi Xitoy rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy ikki tomonlama munosabatlar barqaror rivojlanishi uchun AQSH bilan hamkorlik yo‘llarini izlashga tayyor. 

"Umid qilamanki, siz va Qo‘shma Shtatlardagi boshqa aqlli odamlar Xitoy-AQSH munosabatlarini qayta tiklashga yordam beradi", deya xulosa qilgan Si Szinpin.

Ma’lumot uchun, Genri Kissinjer prezidentlar Richard Nikson va Jerald Ford ma’muriyatlarida AQSH davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan. U o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishda muhim rol o‘ynagan. Xususan, uning sa’y-harakatlari bilan 1972 yilda Amerika Prezidenti Richard Nikson Xitoyga birinchi marta tashrif buyurgan. U lavozimidan ketganidan so‘ng ham Xitoyga muntazam tarzda borib turgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat departamenti Kissinjer Xitoyga Vashingtonning topshirig‘i bilan emas, o‘z tashabbusi bilan borganini ma’lum qilgandi. Safar davomida AQSHning sobiq davlat kotibi Pekinda Xitoy Mudofaa vaziri Li Shanfu va Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari Van I bilan ham uchrashdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Si Tszin'pin Kissinjer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing