SI ikki ming yillik qo‘lyozmani o‘qishga yordam berdi
Olam
−
27 iyun 1947 3 daqiqa
Olimlar sun’iy intelekt yordamida taxminan 2000 yil avval Vezuviy vulqoni otilishi oqibatida kuyib ketgan qadimiy papirus o‘ramini virtual tarzda ochib, undagi matnni o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Tadqiqotchilar PHerc 1667 deb nomlangan qo‘lyozma ichidagi 20 ta ustundan iborat, ilgari noma’lum bo‘lgan matnni tiklagan. Tiklangan matn bir metrdan ortiq papirus o‘ramining saqlanib qolgan qismiga tegishli. Topilgan matn stoik falsafasiga oid bo‘lib, unda etika, san’at va inson xulq-atvori haqidagi mavzular yoritilgan. Mutaxassislar u miloddan avvalgi II yoki III asr oxirlariga tegishli bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Mazkur qo‘lyozma qadimgi Herkulaneum shahridagi hashamatli villa kutubxonasidan topilgan hujjatlarga kiradi. Bu shahar ham Pompey singari milodiy 79 yilda Vezuviy vulqoni otilishi oqibatida vayron bo‘lgan. Qo‘lyozmani ochishga qaratilgan avvalgi urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan va uning tashqi qatlamlari yemirilib ketgan. Hozirda uning taxminan 8 sm balandlik va 2 sm kenglikdagi qismigina saqlanib qolgan.
Neapol Federiko II universitetining olimasi doktor Federika Nikolardi ushbu yutuqni muhim ilmiy natija sifatida baholab, zamonaviy texnologiyalar yordamida bu kabi ob’ektlarni to‘liq ochish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidlagan.
Mazkur natija Neapolda o‘tkazilgan konferensiyada e’lon qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, u 2023 yilda boshlangan Vesuvius Challenge loyihasining navbatdagi yutug‘i hisoblanadi. Ushbu xalqaro tanlov qadimiy Hersulaneum papiruslarini sun’iy intellekt hamda zamonaviy dasturiy yechimlar orqali o‘qishga qaratilgan. Loyiha davomida ishtirokchilarga rentgen tasvirlaridan foydalanib, kuygan qo‘lyozmalarni virtual ochish va matnni tiklash bo‘yicha bir necha yuz ming dollarlik mukofotlar berilgan.
Hersulaneum kutubxonasidagi qo‘lyozmalarning aksariyati gadaralik epikurchi faylasuf Filodem asarlariga tegishli. Biroq PHerc 1667ning muallifi ham, nomi ham hozircha aniqlanmagan. Biroq uning yoshi va mazmuni boshqa muallifga ishora qilmoqda.
Nikolardi va uning jamoasi tahliliga ko‘ra, matn stoik falsafasiga oid risola hisoblanadi. Tadqiqotchilar uni mashhur faylasuf Xrisipp qalamiga mansub bo‘lishi ehtimolini ham ilgari surmoqda. Matnda uning shogirdi va qarindoshi Aristokreon haqida ham eslatma uchraydi. Olimaning qayd etishicha, agar bu qo‘lyozma Hersulaneumdan tashqarida topilganida, uni aniq stoik asar sifatida tasniflash mumkin bo‘lardi.
Tadqiqotlar Brent Seals ishlanmalari asosida rivojlangan. Uning yondashuvi bo‘yicha sun’iy intellekt rentgen tasvirlarida papirus tolalaridagi juda nozik farqlar orqali yashirin siyoh izlarini aniqlashga o‘rgatilgan. Mazkur texnologiya kuygan qo‘lyozmalarni virtual tarzda “ochish” imkonini bergan.
Risolada stoik falsafasining asosiy tushunchalari impuls va amaliy donishmandlik haqida fikrlar bayon etilgan. Unda inson o‘z xatti-harakatini aql bilan boshqara olmasa, bu uni maqsaddan chalg‘ituvchi ehtiroslarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar bor. Bir parchada esa aql va inson tabiatiga mos yashash bilimga erishishda muhim omil ekani aytiladi.
Shuningdek, yana bir papirus o‘ramida “Filodem, Xudolar haqida, 8-kitob” degan yozuv aniqlanib, ilgari “Xudolar haqida” asari faqat bitta kitobdan iborat deb hisoblangan bo‘lsa, endi uning ko‘p jildli asar ekani ma’lum bo‘ldi.
Olimlar fikricha, bu kabi topilmalar kuygan papiruslar “o‘lik kitoblar” emasligini, aksincha, zamonaviy texnologiyalar tufayli yana “so‘zlay” boshlagan qadimiy bilim manbai ekanini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, tadqiqotchilar sun’iy intellekt yordamida 400 yildan buyon o‘qilmagan “Borg cipher” qo‘lyozmasini qisman yechib, undagi qadimiy tibbiy tavsiyalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgandi.
Mumtozbegim Abdumo‘minova
Live
Barchasi