Paxtaqanddan ham yengil bo‘lgan ulkan sayyoralar topildi
Olam
−
08:24 2917 2 daqiqa
Astronomlar hajmi Yupiter bilan deyarli bir xil, biroq zichligi paxtaqanddan ham past bo‘lgan ikkita ulkan sayyorani aniqladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Olimlarning ma’lum qilishicha, ushbu g‘alati sayyoralar Yerdan taxminan 1 110 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan yulduz atrofida aylanadi. Ular hozirgacha topilgan o‘z o‘lchamidagi eng yengil sayyoralar sifatida qayd etilmoqda.
Tadqiqot NASA’ning TESS kosmik teleskopi yordamida olingan kuzatuvlarga asoslangan. Avval kosmik teleskop sayyoralarni aniqlagan, keyin esa Yerda joylashgan teleskoplar yordamida ularning orbitasi va zichligi aniq hisoblab chiqilgan.
Olimlar bu sayyoralarni super-pufak deb ataydi, chunki ularning zichligi nihoyatda past bo‘lib, hatto paxta qanddan ham yengilroq hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, bu sayyoralar asosan vodorod va geliy gazlaridan iborat bo‘lishi mumkin. Ularning rangi ham aniq emas, biroq atmosfera sharoitiga qarab ular oq yoki ko‘kimtir tusda ko‘rinishi ehtimoli bor.
Sayyoralar Quyosh tizimidan tashqaridagi ekzosayyoralar sinfiga kiradi. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 6 300 ga yaqin ekzosayyora tasdiqlangan bo‘lib, ularning atigi 40 tadan kamrog‘i super-pufak turiga kiradi.
Taqqoslash uchun, Quyosh tizimidagi eng katta sayyora – Yupiter bu ikki sayyoradan qariyb 35 barobar zichroq hisoblanadi. Olimlar bu turdagi sayyoralar qanday paydo bo‘lishi haqida ham taxminlar bildirmoqda. Ularning fikricha, bunday sayyoralar yangi tug‘ilgan yulduz atrofidagi gaz va chang‘ diskida hosil bo‘ladi. Dastlab ular gazga boy bo‘ladi, vaqt o‘tishi bilan esa o‘z massasining katta qismini yo‘qotib, nihoyatda yengil va shishgan sayyoraga aylanadi.
Astronomlarning aytishicha, bunday noyob sayyoralarni o‘rganish Koinotda sayyoralar qanday shakllanishini yaxshiroq tushunishga yordam beradi va insoniyatning koinot haqidagi bilimlarini yanada kengaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NOIRLab astronomlari Kristal shar tumanligi deb ataladigan NGC 1514 ob’ektining yangi tasvirini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi