Shveysariyadan O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarish jarayoni to‘xtatildi – Karimovaning advokati
Jamiyat
−
04 iyul 2019
9187O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning advokati, Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja Shveysariya O‘zbekistonga 555 mln dollarni qaytarishni to‘xtatganini ma’lum qildi.
Greguar Manjaning Twitter`dagi sahifasida ma’lum qilishicha, bunga Gulnora Karimovaning salomatligi xavf ostida qolayotgani sabab bo‘lgan.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha Shveysariya federal sudidagi uchinchi yirik g‘alaba (1 iyul). 555 million dollarni qaytarish zudlik bilan to‘xtatildi. Agar O‘zbekiston mijozimizni o‘zboshimchalik bilan ushlab turishni to‘xtatmasa, u bilan hech qanday hamkorlik bo‘lmaydi. Borgan sari unga bosim ortmoqda. Karimovaning hayoti xavf ostida”, degan advokat.
Bundan avvalroq, Greguar Manja mijozining salomatligi yaxshi emasligini ma’lum qilgandi.
Adliya vazirligi esa Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyadagi shart-sharoitlarni o‘rganish uchun tekshiruv o‘tkazishini ma’lum qildi.
Joriy yil mart oyi boshida Gulnora Karimova jazoni o‘tash tartibini buzgani uchun qaytadan qamoqqa olindi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning yozida Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma’lumot bergan, unga ko‘ra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani ma’lum bo‘lgandi.
Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valyutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12 ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSH dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.
Shveysariya 2012 yili Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveysariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan.