Shveysariya sudi Gulnora Karimovaning 840 mln dollarlik boyligi kimga o‘tishini hal qilishi mumkin – FT
Jamiyat
−
28 Oktabr 2023
41899Shveysariyadagi fuqarolik ishlari sudi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning 840 million dollarlik boyligi kimga o‘tishini hal qilishi mumkin. Bu haqda “Financial Times” nashri yozdi.
Ma’lumki, yillar davomida “O‘zbekiston malikasi” sifatida tanilgan Gulnora Karimovaning 840 million dollarlik boyligi Shveysariya banklari kassalarida, hukumat buyrug‘i bilan muzlatib qo‘yilgan. Shveysariya bo‘ylab fuqarolik sudlarida olib borilayotgan huquqiy urush esa yaqinda aktivlar Shveysariya va O‘zbekiston hukumatlari, Zeromax xolding kompaniyasi kreditorlari yoki Gulnora Karimovaning o‘ziga tegishli ekanini hal qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, 28 sentyabr kuni Shveysariya prokuraturasi Karimovaga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Sud uning boyligi qayerdan kelgani va qayerga yo‘naltirilishi haqida muhim dalillarni ochiqlashni va’da qilgan. Ayblov xulosasi esa allaqachon Zeromax kreditorlarining yangi da’volariga sabab bo‘lgan.
Ta’kidlash joizki, Shveysariyaning Zug shahrida joylashgan Zeromax 2010 yilda bankrot bo‘lib, ortidan 4,6 milliard dollar qarz qoldirganida, bu Shveysariya tarixidagi ikkinchi yirik bankrotlik ishiga aylangandi. Bungacha u O‘zbekistondagi eng yirik sarmoyador va ish beruvchi bo‘lgan, ko‘pchilik uni Karimova uchun niqob deb hisoblagan.
Bildirilishicha, kompaniyaning kreditorlari – braziliyalik futbol yulduzlaridan tortib Germaniyaning Qora o‘rmonidagi hunarmandlargacha bo‘lgan guruh – Karimovaning pullari ularni kompensatsiya qilishi kerakligini aytmoqda.
Ular 10 oktyabr kuni Sankt-Gallenda ochilgan ishda Shveysariya hukumatining yillar davomida olib borgan “intrigalari” adolatni buzish va ularning da’volariga putur yetkazishni maqsad qilganini aytgan. Kreditorlarning da’vo qilishicha, rasmiy Bern Karimovaning boyligini tortib olib, O‘zbekistonning amaldagi hukumatining diplomatik yordami evaziga Toshkentga qaytarmoqchi bo‘lgan.
“Bizning mijozlarimiz Shveysariya va O‘zbekistonda 2017 yildan beri hukumatning yuqori lavozimli a’zolari o‘rtasidagi til biriktirishdan shikoyat qiladi. Shveysariya hukumati va (sobiq) federal prokurorlarning bizga nisbatan qayta-qayta yomon munosabatidan keyin Sankt-Gallendagi sudga to‘liq ishonamiz”, degan ish ortida turgan syurixlik advokat Tomas Rim.
Shveysariya Federal Moliya Departamenti esa bunday ayblovlar hech qanday asosga ega emasligini aytmoqda. Shveysariya hukumati Zeromax va Karimova o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qligini da’vo qilmoqda.
2018 yilgi sud qaroriga ko‘ra, Zeromax Karimova tomonidan nazorat qilinmagan va unga foyda keltirmagan. Shuning uchun tegishli pullarni O‘zbekiston hukumatiga topshirishga haqli. Karimova esa o‘zi va Zeromax’ga qo‘yilgan poraxo‘rlik ayblovlari bo‘yicha aybsizligini iddao qiladi.
“U barcha ayblovlarga e’tiroz bildiradi va oqlanishi uchun kurashadi. Shveysariya banklarida muzlatilgan pul qonuniy ravishda uniki”, deydi Karimovaning Jenevadagi advokati Greguar Manje.
Ta’kidlanishicha, Shveysariyadagi jinoiy sud jarayonining sanasi hali belgilanmagan, ammo barcha tomonlar u nihoyat qonuniy chigallikni hal qilishiga umid qilmoqda.
Keltirilishicha, Gulnora Karimova otasining himoyasi ostida Jenevadagi uyidan dunyoni aylanib chiqib, xalqaro maydonda yorqin shaxsga aylangan.
“U o‘zining ulkan boyligini namoyish etib, bir qator ortiqcha loyihalarda ishtirok etdi, jumladan Googoosha nomi ostidagi muvaffaqiyatsiz pop karera, VI asrni qamrab olgan ipak haqidagi film, Guli moda brendi, Mysterieuse parfyumeri shular sirasiga kiradi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, AQSH Adliya vazirligining 2019 yildagi ayblov xulosasida aytilishicha, Karimova birgina telekommunikatsiya sohasida Toshkentda shartnoma tuzmoqchi bo‘lgan xalqaro kompaniyalardan 850 million dollardan ortiq pora olgan. Ish hali sudgacha yetib bormagan.
2010 yildan oshkor qilingan diplomatik xatlarda amerikalik diplomatlar uni “O‘zbekistonda nafratga duchor bo‘lgan” va mamlakatdagi “deyarli har qanday foydali biznesda ulushga ega bo‘lish yo‘lida ishlagan” “qaroqchi baron” deb ta’riflagan.
Ular, shuningdek, Zeromax haqida ham ochiq gapirgan.
“Kompaniyani Gulnora Karimova boshqaradi”, deyiladi telegrammalardan birida.
2018 yilda Shveysariya sudi Karimovaning Zeromax kompaniyasiga aloqasi yo‘q degan qarorga kelib, kreditorlarning uning muzlatilgan aktivlari bo‘yicha da’vo qo‘yishiga to‘sqinlik qilgani ko‘pchilik uchun kutilmagan hodisa bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Shveysariya prokuraturasi unga qo‘ygan ayblovlarida Karimovani “ofis” deb ataydigan xalqaro jinoiy guruhni boshqarganlikda ayblamoqda. U Shveysariyada joylashgan bo‘lib, o‘nlab shaxslar va 100 dan ortiq individual kompaniyalardan (barchasi qonuniy biznes manfaatlariga ega) iborat bo‘lib, ular o‘g‘irlangan pullarni yashirish va a’zolarini boyitish uchun yashirincha birga ishlagan. Javobsiz qolayotgan asosiy savol esa: bunda Zeromax qanday rol o‘ynagan?
Kreditorlar uchun bu nafaqat “ofis”ning bir qismi, balki uning shtab-kvartirasi edi. Advokat Tomas Rim nega Shveysariya hukumati va oldingi prokurorlar bunga e’tiroz bildirishga urinishganiga qiziqadi.
Ular tomonidan Sankt-Gallendagi ish bo‘yicha Shveysariya razvedka idoralari va politsiyasining ko‘plab hisobotlari bo‘lgan, unda Karimovaning Zeromax kompaniyasiga aloqadorligi haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.
2018 yilda bu rad etilgan yoki prokuratura qarorlari tufayli sudda tegishli ko‘rib chiqilmagan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Bern ushbu prokurorlarga tayangan.
Nashr advokat tilga olgan Shveysariya politsiyasi xabarlaridan birini qo‘lga kiritgan. Kreditorlar esa hisobotda Karimovaning Zeromax bilan aloqalari batafsil bayon etilgan, deya da’vo qilmoqda.
Misollardan birida 2016 yilda Shveysariya politsiyasi Karimovaning Jenevada ijaraga olgan seyflarni tintuv qilish uchun order olgani keltirilgan. Tintuvda hashamatli zargarlik buyumlari, jumladan, Boucheron brendining 2,5 million dollarlik brilliant uzuklari topilgan, bularning barchasi Zeromax tomonidan to‘langan. Jeneva zargarlik do‘konining egasi politsiyaga bergan bayonotida taqinchoqlarni Karimova shaxsan sotib olgani va pul Zeromax nazorati ostidagi bank hisobvarag‘idan o‘tkazilganini aytgan.
Advokat Rimning fikricha, Shveysariya hukumati Zeromax kreditorlari bilan aloqani to‘xtatib qo‘ymoqchi bo‘lgan, chunki u Toshkentga foyda keltirmoqchi ekanini ko‘rgan.
“O‘shanda O‘zbekiston hukumati Karimovani qamalganiga qaramay, Alp tog‘larida yashirib qo‘ygan pullarini qaytarib ololmaganidan g‘azabi kuchaygan edi. Shveysariya pulni Toshkentga tezda qaytarib berishi evaziga Toshkent Xalqaro valyuta jamg‘armasida Shveysariya boshchiligidagi ovoz berish bloki — Helvetistan’ga qayta qo‘shildi”, deydi advokat.
Aytilishicha, Toshkentning qo‘llab-quvvatlashi Shveysariyaning XVJdagi nufuzini saqlab qolishning muhim elementi hisoblanadi. Helvetistan’ga saylov bloki Bernga XVJ direktorlar kengashidan joy beradi.
Shveysariya O‘zbekiston bilan Karimovaning pullarini 2020 yilda qaytarishni boshlash bo‘yicha kelishuv imzolagan. Biroq, boylik uchun davom etayotgan kurash hisobga olinsa, va’da qachon amalga oshishi noma’lum.
LiveBarchasi