Karimovaning Shveysariyada “muzlatilgan” millionlarining bir qismi O‘zbekistonga qaytariladi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan pullarining 130 million franki (133 mln dollar) O‘zbekistonga qaytariladi. Bu haqda Shveysariya Bosh prokuraturasi xabar berdi.

Olti yildan beri davom etayotgan murakkab tergov ishida prokuratura pullarning O‘zbekistonda faoliyat yuritishni istagan va u yerda biznesiga ega kompaniyalardan korrupsion yo‘l bilan to‘plangani va mamlakatdan olib chiqilgani bo‘yicha dalillar topgan. Shu sababdan muzlatilgan pullarning 130 mln frankini qaytarishga qaror qilingan.

Bu pullar Gulnora Karimovaning qarindoshiga nisbatan tergov jarayonida musodara qilingani ta’kidlangan. Sudlangan shaxs Shveysariyada 2004-2013 yillarda faol bo‘lgan, turli kompaniyalar nomidan bank hisoblari ochgan, keyinchalik bu hisob raqamlari o‘tkazilgan mablag‘larni yashirishda foydalanilgan.

U pullarning Gulnora Karimovaga ekanini yashirish maqsadida soxta bank hujjatlari tayyorlagan. Tekshiruvlar davomida bu shaxsga 390 ming frank miqdoridagi jarima qo‘llangan. Bundan tashqari, prokuratura 130 million frankdan ortiq mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida musodara qilgan.

Ayni vaqtda Shveysariyada bu ish doirasida yana 5 nafar gumonlanuvchi tergovda bo‘lib turibdi, ularning hisoblaridagi 650 million frankdan ortiq mablag‘ ham muzlatilgan.

Avvalroq, Gulnora Karimova 6 yilda ilk bor O‘zbekiston xalqiga murojaat yo‘llab, kechirim so‘ragani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, Shveysariya banklarida Gulnora Karimovaning 800 mln frank puli muzlatib qo‘yilgan. Unga yaqin-yaqingacha uchta da’vogar bor edi. Birinchisi, O‘zbekiston xalqi. Ikkinchisi, Zeromax kompaniyasining asl egasi Gulnora Karimova ekanini iddao qiluvchi xorijlik kreditorlar. Ular kompaniya kasotga uchraganda o‘z mablag‘larini yo‘qotgan. Shuning uchun Karimova pullaridan hissa talab qiladi. Uchinchisi, har toshning tagidan chiqib keluvchi AQSH. Qo‘shma Shtatlar Karimova o‘zining barcha korrupsion tizimini dollar orqali amalga oshirganini aytib, muzlatilgan pullardan ulush olishga harakat qiladi.

Joriy yilning yanvar oyida Gulnora Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i asli kelib chiqishi afg‘onistonlik bo‘lgan AQSH fuqarosi Mansur Maqsudiy Karimovaning Shveysariyada muzlatib qo‘yilgan pullarining bir qismiga da’vogarlik qilishini ma’lum qildi. Mansur Maqsudiy ukasi Farid bilan birgalikda Shveysariya prokuraturasi muzlatib qo‘ygan 800 million frankdan 100 millioniga da’vogarlik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Shveytsariya

Baholaganlar

58

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing