Shvetsiyaning NATOga kirishi uning o‘ziga bog‘liq – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish istagi Anqara tomonidan ma’qullanishi Stokgolmning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishiga bog‘liq ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 21 iyul kuni TRT’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Shvetsiyaning NATOga a’zolik uchun arizasi parlamentga taqdim etilgach, jarayon parlament ish jadvaliga muvofiq davom etadi. Muzokaralarimiz davomida Shvetsiya tomoni bergan va’da va kafolatlarga amal qilamiz. Shvetsiya qo‘ygan qadamlarga muvofiq harakat qilamiz”, degan Turkiya rahbari.

Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiya NATOdagi ikkinchi eng katta armiyaga egaligini hamda amalda blokning lokomotivi ekanini ta’kidlab, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi ittifoqqa hayotiylik va kuch bag‘ishlashini aytgan.

“Shvetsiya terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurashish va mamlakatimiz juda hurmat qiladigan terrorchilarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘rsa yaxshi bo‘lardi. Va’dalar va kafolatlar amalga oshishini kutamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Turkiya Prezidenti.

Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yilning may oyida Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ariza bergan, biroq Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaga PKK va PYD terrorchi deb e’lon qilishni hamda 2016 yilda terrorchilik yoki davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayonini bloklagan. 2022 yilgi NATO sammiti oldidan ushbu muammolarni hal qilish uchun Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasida ikki shimoliy davlat qo‘yishi kerak bo‘lgan aniq qadamlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan memorandum imzolangan. 

Bu orada Finlyandiya joriy yilning 4 aprel kuniyoq NATO safiga rasman qabul qilindi. Shvetsiya esa mamlakatda Qur’on va Turkiya bayrog‘ining yoqilishi bilan bog‘liq aksiyalar hamda Turkiya talablarining bajarilmasligi vajidan tashkilotga qo‘shila olmayapti.

Eslatib o‘tamiz, Vilnyusdagi NATO sammiti arafasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi Turkiyani YeIga to‘laqonli a’zo qilish uchun harakat qilsa, Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. Shundan so‘ng NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Prezident Jo Bayden Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing