Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi keyingi yilga qoladigan bo‘ldi

Olam

image

Turkiya parlamenti 2024 yilgi byudjet va bir qancha qonunlarni qabul qilganidan so‘ng, qishki ta’tilga chiqdi. Majlis Bosh Assambleyasida Shvetsiyaning NATOga arizasi bo‘yicha ovoz berish 16 yanvardan keyin bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda “Haber Global” telekanali xabar berdi.

26 dekabr kuni Turkiya parlamentining Xalqaro ishlar komissiyasi Shvetsiyaning alyansga qabul qilinishi haqidagi ratifikatsiya protokolini tasdiqladi. Endi u bo‘yicha ovoz berish butun parlamentda o‘tkazilishi kerak. Buni tasdiqlash uchun deputatlarning oddiy ko‘pchilik ovozi kifoya qiladi.

“600 o‘rinli parlamentda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi ko‘pchilikni tashkil etganini inobatga olsak, Shvetsiya nomzodini ma’qullash masalasi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning bu boradagi yakuniy qaroriga bog‘liq”, deydi tahlilchilar. 

Turkiya parlamentining tegishli komissiyasi rahbari Fuat O‘qtay Bosh Assambleya tomonidan Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi bo‘yicha tezkor ovoz berishini kutmaslik kerakligi haqida ogohlantirgan.

Erdo‘g‘an Shvetsiya arizasini ma’qullash masalasini AQSH Kongressi tomonidan Anqaraga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotish bo‘yicha qaror qabul qilinishi bilan bog‘lashini aytgan. 

Turkiya rahbari o‘tgan haftada AQSH Prezidenti Jo Baydenni telefon orqali suhbatida F-16 sotuviga ijobiy munosabatda ekaniga ishontirishga uringan. Turkiya bir necha yil avval AQSHdan 40 ta F-16 Block 70 qiruvchi samolyoti va 80 ta Block 70 takomillashtirilgan to‘plamlarini so‘ragan. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Kongressning ba’zi a’zolari bunday ta’minotni Anqaraning Shvetsiyani NATOga qabul qilish uchun zarur bo‘lgan qadamlaridan biri deb hisoblayapti. Noyabr oyi boshida Turkiyaning AQSHdan F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olishi bo‘yicha texnik darajadagi muzokaralar yakunlangani va Anqara bu masalani ijobiy hal etishiga umid qilayotgani xabar qilingan.

Faqat Vengriya va Turkiya Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishi haqidagi protokollarni ratifikatsiya qilmagan. Qirollikning NATOga arizasini ma’qullash uchun Turkiya mamlakat rasmiylaridan terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi yangilangan qonunni, xususan, Anqara tomonidan terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilingan Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi kurashish masalasida amalda qo‘llashni talab qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Turkiya Shvetsiya F-16

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing