Shvetsiya Ukrainaga qo‘shin yuborishi mumkin

Olam

image

Stokgolm urush tugaganidan so‘ng Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Biroq bunga qadar Yevropa adolatli va barqaror tinchlikka erishishi kerak. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergard bugun, 17 fevral kuni “Sveriges Radio” efirida so‘z ochdi.

“Shvetsiya agressiv Rossiya urushi yakunlanganidan keyin Ukrainaga tinchlikparvar askarlarni yuborish ehtimolini istisno etmaydi. Biroq avvalo, Yevropa “adolatli va barqaror tinchlik”ni ta’minlash ustida bosh qotirishi kerak”, dedi Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri.

Mariya Malmerga ko‘ra, avvalambor xalqaro huquqni hurmat qiladigan, Ukrainani e’tirof etadigan hamda Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib, keyin yana kuch to‘plab, Ukrainaga yoki boshqa davlatga bir necha yildan so‘ng yana hujum qila olmaydigan adolatli va barqaror tinchlikka kelishib olish kerak.

Aynan shunday tinchlik o‘rnatilgandagina Shvetsiya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Qayd etish joiz, oldinroq Buyuk Britaniya sobiq mudofaa vazirlari Grant Shepps va Gevin Uilyamson harbiy harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga “tinchlikparvar qo‘shinlari”ni yuborishi kerakligini aytgan edi. Sheppsning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya “Putinning noqonuniy bosqiniga qarshi” Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda birinchi o‘rinda bo‘lgan va London endi Kiyevga NATOga a’zo bo‘lishida yordam berishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Varshava Ukrainaga o‘z harbiylarini tinchlikparvar missiya doirasida yuborish niyatida emasligini, biroq bunday qaror qabul qiladigan davlatlarga logistika va siyosiy jihatdan yordam berishga tayyor ekanini bildirgan edi. Mahalliy matbuotning yozishicha, Varshava tarixiy sabablarga ko‘ra bunday missiyada ishtirok etishdan manfaatdor emas – Ikkinchi jahon urushidan oldin hozirgi G‘arbiy Ukrainaning bir qismi Polshaga tegishli bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Shvetsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing