Shvetsiya Ukrainaga 150 tagacha qiruvchi yetkazib berishi mumkin
Olam
−
25 Oktabr 2025 3859 2 daqiqa
Shvetsiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlar hisobidan Ukrainaga 100-150 dona JAS 39 Gripen E qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 100 ta qiruvchi bo‘yicha esa bitim imzolangan. Bu haqda mamlakat Mudofaa vaziri Pol Yonson SVT telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Biz muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish imkonini o‘rganmoqdamiz”, deydi u.
Kecha, 24 oktyabr kuni esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson Kiyevga kamida 100 dona Gripen E qiruvchilarini milliy havo kuchlari uchun xarid qilish imkonini beruvchi bitimni imzolagan.
Ushbu modeldagi bitta qiruvchi samolyotning narxi taxminan 85 million dollarni tashkil etadi. 100 ta bunday buyurtma 8,5 milliard dollarga tushadi.
Zelenskiy Gripen samolyotlarini “keng ko‘lamdagi vazifalarni bajarishga imkon beruvchi aviatsiya platformasi” deb atagan. U tomonlar “yaqin vaqt ichida barcha tartiblarni yakunlash” hamda Ukraina keyingi yilda ilk JAS 39 Gripen samolyotlarini olishini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishini qo‘shimcha qilgan.
Gripen E seriyasi (JAS-39Ye/F Gripen NG nomi bilan ham tanilgan) Shvetsiyaning to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli jangovar samolyoti Saab JAS-39 Gripen’ning sezilarli darajada takomillashtirilgan versiyasidir. Ushbu seriyaga bir o‘rindiqli E va ikki o‘rindiqli F variantlari kiradi.
JAS qisqartmasi shvedcha Jakt (qiruvchi), Attack (hujumchi) va Spaning (razvedka) so‘zlaridan tashkil topgan. Samolyot havo, quruqlik va dengizdagi turli vazifalarni – nishonlarni tutib olishdan tortib aniq zarba berishgacha bajarishga qodir. Gripen qiruvchilari Linchyoping shahrida joylashgan Saab mudofaa konsernida ishlab chiqariladi.
Saab bosh direktori Maykl Yoxanssonning SVT’ga ma’lum qilishicha, kompaniya Ukrainaga birinchi samolyotni uch yil ichida yetkazib bera oladi. U hozircha rasmiy kontrakt yo‘qligini, biroq kelishuvni bajarish uchun xodimlar sonini sezilarli oshirish zarurligi sababli rejalashtirish ishlarini allaqachon boshlash mumkinligini aytgan.
Kristersson Zelenskiy bilan bitim imzolagach, ikki mamlakat o‘rtasidagi jangovar aviatsiya sohasidagi hamkorlik 10-15 yil davom etishi mumkinligini bildirgan. Shvetsiyalik mutaxassislar 2023 yildan beri ukrainalik uchuvchilarga Gripen samolyotlarini boshqarishni o‘rgatib kelmoqda.
Rossiya esa Kiyevga har qanday harbiy yordamni qoralab keladi. Kreml qurol-yarog‘ yetkazib berish va Ukraina armiyasini moliyalashtirish urushni faqat cho‘zadi, deb hisoblaydi. Shuningdek, Moskva o‘z aktivlariga oid istalgan harakatni “o‘g‘rilik” deb ataydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Quruqlikdagi qo‘shinlar Bosh shtabi boshlig‘i, general Per Shil Milliy Assambleya Mudofaa qo‘mitasi deputatlari oldida o‘tkazilgan tinglov chog‘ida Fransiya zarurat tug‘ilganda xavfsizlik kafolatlari doirasida o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga tayyor ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi