Shvetsiya Turkiyaga bergan va’dalarini hali bajarmadi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha Turkiyaga bergan va’dalarini haligacha bajarmaganini aytdi. Bu haqda u bugun, 16 sentyabr kuni Nyu-Yorkka jo‘nab ketishidan oldin Istanbulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Shvetsiyada qonunlar yoki konstitutsiyaga har qancha tuzatish kiritilmasin, ularni amalda tatbiq etish zarur. Agar Shvetsiyadagi terrorchilar politsiya himoyasi ostida aksiyalar uyushtirishda davom etsa, bu hokimiyat o‘z vazifalarini bajarmayotganini, Stokgolm ko‘chalarida terrorchilik harakatlari davom etayotganini anglatadi. Demak, bizga berilgan va’dalar bajarilmayapti”, degan Erdo‘g‘an. 

Qayd etish joiz, Turkiya parlamenti Shvetsiya arizasini hali ko‘rib chiqmagan va agar hukumat qonunchilardan talab qilsa, uni ertaroq muhokamaga qo‘yish mumkin.

“G‘arb bizga doimiy ravishda “Shvetsiya, Shvetsiya, Shvetsiya”ni takrorlaydi. Parlamentimiz tegishli qaror qabul qilmaguncha “ha” yoki “yo‘q” deya olmaymiz. Avvalo, Shvetsiya o‘z burchini bajarishi kerak”, degan Turkiya rahbari.

Shuningdek, u AQSH Kongressi Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotish istiqbolini Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi bilan bog‘lashiga ham to‘xtalib o‘tgan. 

“Ular bu masalani Vakillar palatasi tasdig‘isiz hal qilib bo‘lmaydi, deyishadi. Xo‘sh, ularda Kongress bo‘lsa, mening parlamentim bor. U qanday qaror qabul qilishini oldindan ayta olmayman”, degan Erdo‘g‘an.

Ma’lumot uchun, Turkiya AQSHdan 40 ta F-16 qiruvchi samolyoti va mavjud samolyotlari uchun 80 ta Block 70 takomillashtirilgan to‘plam so‘ragan. Amerikalik qonunchilar AQSHning boshqa mamlakatlarga qurol sotishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Kongressning ba’zi a’zolari Turkiyaga bunday yuklarni Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi uchun zarur bo‘lgan Anqara qadamlari bilan bog‘lashga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Turkiya Shvetsiya Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing