Shvetsiya Oliy sudi Turkiyaning jig‘iga tegadigan qaror chiqardi
Olam
−
20 Sentabr 2023
13563Bugun, 20 sentyabr kuni Shvetsiya Oliy sudi Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) terror tashkiloti uchun majburiy pul yig‘ishda ayblangan shaxsni Turkiyaga ekstraditsiya qilish haqidagi qarorni bekor qildi. Bu haqda sud bayonotida ma’lum qilindi.
Shvetsiya Oliy sudi terrorizmni moliyalashtirishga, tovlamachilikka urinish va o‘qotar quroldan foydalangan holda jinoyat sodir etganlik uchun 40 yoshli erkakka nisbatan tayinlangan to‘rt yarim yillik qamoq jazosini ma’qullagan.
Ayblov xulosasini tayyorlagan prokuror Hans Ihrmanning aytishicha, KIP tarafdori Shvetsiyada shantaj orqali pul yig‘ishda ayblangan.
“Uning harakatlari uzoq vaqt davomida uyushqoqlik bilan amalga oshirilgan kengroq faoliyatning bir qismidir. Gumonlanuvchining KIP nomidan harakat qilganiga oid kuchli dalillar mavjud”, deydi prokuror.
Qayd etish joizki, Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun haligacha yo‘l ochmadi. Garchi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Stokgolmning alyansga qo‘shilishini tezlashtirishini aytgan bo‘lsa-da, buni tasdiqlaydigan Turkiya parlamenti ishlamayotganini, yozgi ta’tilga chiqqanini bildirgan. Turkiyaning Shvetsiyaga qo‘ygan talablaridan biri esa terrorizmga, jumladan Kurdiston ishchi partiyasi jangari tashkilotiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish sanaladi.
Ma’lumot uchun, Kurdiston ishchi partiyasi AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan ham KIP terror tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning aytishicha, KIP jangarilari Turkiyada o‘zlarining qonli jinoyatlarini ilk bor amalga oshirgan 1984 yildan buyon o‘n minglab turk xavfsizlik kuchlari va tinch aholining halok bo‘lgan. Anqaraning mavjud vaziyatni hal qilish yo‘llarini topishga urinishlariga qaramay, terror tashkiloti KIP 2015 yilning iyul oyidan beri qurolli hujumlarni qayta boshlagan.
So‘nggi yillarda KIP mintaqadagi qonli jinoyatlar uchun mas’uliyatni o‘z bo‘linmalariga o‘tkazishga harakat qilgan. Suriyada KIP terroristlari PYD va YPG nomlari ortiga yashirinib, so‘nggi ikki yil ichida o‘zlarini “Suriya Demokratik kuchlari” deb atagan. Eronda esa KIP Kurdiston erkin hayot partiyasi sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Nyu-Yorkka jo‘nab ketishidan oldin Istanbulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha Turkiyaga bergan va’dalarini haligacha bajarmaganini aytgandi.
LiveBarchasi