Shvetsiya Qur’onni yoqishni taqiqlamoqchi
Olam
−
08 iyul 2023
7132Shvetsiya rasmiylari Qur’onni yoqish bilan bog‘liq hodisalarning oldini olish maqsadida mamlakat qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Shvetsiya Adliya vaziri Gunnar Shtryommer “Aftonbladet” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qur’onni yoqish holatlari qirollik xavfsizligiga tahdid solmoqda va shu munosabat bilan hukumat bu masalani qonunchilik darajasida muhokama qilmoqda.
Adliya vazirligi rahbari Qurbon hayitining birinchi kuni Stokgolmdagi masjid oldida sodir bo‘lgan voqea va dunyoda islomofobiya ko‘rinishlariga salbiy munosabatga e’tibor qaratgan.
"Shu munosabat bilan Shvetsiya hukumati Qur’on va boshqa muqaddas kitoblarni yoqish holatlarining oldini olish uchun qonunni o‘zgartirishni muhokama qilmoqda, chunki bunday holatlar mamlakat xavfsizligiga tahdid soladi", deydi Stryommer.
Shvetsiyaning sobiq bosh vaziri Karl Bildt ham Shvetsiyada Qur’onni yoqishni taqiqlash kerakligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.
Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgandi.
Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligi ma’lum qilgan.
AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan.
Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi. Iroqda, shuningdek, futbol bo‘ycha milliy chempionatning “Al-Shorta” va “Al-Qosim” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Shvetsiyada Qur’onning yoqilishiga qarshi aksiya o‘laroq futbolchi va hakamlar maydonga Qur’on kitoblari bilan chiqishdi.
2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi.
3 iyul kuni Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on yoqilishini keskin qoralab, bu holat uni g‘azablantirganini ma’lum qildi.
5 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoraladi.
LiveBarchasi