Shvarsenegger Stallonening faoliyatini to‘xtatishga uringanini tan oldi
Madaniyat-san’at
−
27 aprel
5345Gollivud aktyori va AQSHning Kaliforniya shtati sobiq gubernatori Arnold Shvarsenegger raqobatchilik hissi tufayli karerasi gullab-yashnagan davrda hamkasbi Silvestr Stallonening oyog‘idan chalishga uringanini tan oldi. Bu haqda u TMZ dasturida ma’lum qildi.
Qo‘shma intervyu davomida aktyorlar o‘zlarining bolaligi, oila va o‘tmishdagi o‘zaro raqobatini muhokama qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 1990 yillarning boshlarida ikki aktyorning karerasi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan va ikki hamkasb o‘rtasida raqobat shu qadar kuchayganki, Shvarsenegger Stallonening trayektoriyasini buzish uchun harakat qilgan.
“Silvesterni oyog‘idan chalish mening kareramning yanada yuqorilashiga yordam bo‘ladi, deb o‘ylaganman”, deydi Arnold.
Uning aytishicha, 1992 yilda Shvarsnegger Stallonening karerasiga putur yetkazish uchun uning prodyuserlarini “Stop! Or my mom will shoot” (“To‘xta! Yoki onam otadi”) nomli oilaviy komediya filmida bosh rolni ijro etishga ko‘ndirgan. Chunki Arnold bu filmning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga ishonchi komil edi.
Ammo aktyor o‘ylaganidek bo‘lib chiqmadi. Tanqidchilar Stallonening komediya rolini “ahmoqona va mutlaqo kulgili emas” deb atagan bo‘lishiga qaramasdan, film butun dunyo bo‘ylab 72 million dollar daromad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 76 yoshli Arnold Shvarseneggerning yuragi yana bir bor operatsiya qilingandi.
Rayhona Ulkanbayeva