Sherzod Shermatov: Toshkentdagi 81 maktabga qabul bu yil pullik bo‘lmaydi

Jamiyat

image

Toshkentdagi 81 maktabga qabul qaror ijrosini ta’minlash uchun tegishli mexanizmlar ishlab chiqilmaguncha, pullik bo‘lmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatov Facebook`dagi safihasida ma’lum qildi.

"Prezidentimiz Toshkent shahridagi maktablar ahvolini yaxshilash uchun bu yil qo‘shimcha 400 mlrd so‘m va keyingi yil yana shuncha ajratish bo‘yicha topshiriq berdilar. Undan avval Sergelida yangi qurilayotgan dahalarda 4 ta yangi 1580 o‘rinli maktablarni qurish bo‘yicha 100 mlrd so‘m qo‘shimcha ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan edi.

Ya’ni 2019 yilni o‘zida qo‘shimcha 500 mlrd. so‘m. Bu degani 1 yilni o‘zida oxirgi 5 yilda Investitsiya dasturlari doirasida ajratilgan miqdordan deyarli 2 marotaba ko‘p qo‘shimcha mablag‘ ajratilayapti! (raqamlardagi farqni osonroq tushunish uchun grafikka qarang).

Нет описания фото.

O‘zi Prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan avvalgi davrni tahlil qilsak, Toshkentda maktablar asosan yopilgan ekan. Sababi asosiy e’tibor kollejlarga bo‘lgan. Shu vaqtgacha 23 ta maktab yopilib, boshqa tashkilotlarga berib yuborilganini aniqladik. Shuning uchun, hozir Toshkentda maktablar uchun hech narsa qilinmayapti deb jar soluvchilar, biroz yolg‘on gapirishdan or qilsalar yaxshi bo‘lardi...

Toshkentdagi 81 ta maktabning birinchi sinfiga qabul jarayonining yangi tizimini joriy etishning ijobiy taraflari qolib, ba’zilar "qabul pullik bo‘ldi" deb noto‘g‘ri talqinga o‘tib ketdi. Natijada, "hukumat maktablarga pul ajratmayapti", "aholidan pul yig‘ishga o‘tib ketilayapti" va h.k. kabi noto‘g‘ri izohlar ko‘payib ketganiga ushbu masalaga biroz oydinlik kiritib qo‘yishni maqsadga muvofiq deb o‘yladim.

Birinchidan, Uchtepa tumanidagi 50 yildan beri kapital ta’mir qilinmagan, quvvatidan deyarli 3 barobar ko‘p o‘quvchi o‘qiyotgan maktabga Prezidentimiz tashrif buyurganlaridan keyin Toshkent shahridagi maktablarni ahvolini tubdan yaxshilash bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Natijada, shu ikki yil davomida Toshkent shahridagi maktablar ahvolini yaxshilash uchun qo‘shimcha 800 mlrd. ajratiladigan bo‘ldi. Hozir tegishli qaror loyihasi tayyorlanayapti. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan beri, bu birinchi marotaba Toshkentdagi maktablarga shuncha katta miqdordagi qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi. Natijada boshqa maktablardagi moddiy texnik ahvol ham anchagina yaxshilanishi kutilayapti. Bu aholisi o‘sib borayotgan poytaxtimiz uchun juda kerak. (yangi tizim va tanqid asosan Toshkent shahriga bog‘liq bo‘lganiga faqat Toshkent shahridagi mablag‘larni yozdim, boshqa hududlarda ham anchagina qo‘shimcha mablag‘lar ajratilmoqda).

Ikkinchidan, “prestijnыy” deb shu paytgacha aytilayotgan maktablarda ta’lim sifati zo‘r degani emas. Sinfda 40-50 nafar o‘quvchi bo‘lsa, ularni orasida ta’lim tilini bilmaydiganlari tushunmay o‘tirsa qanday sifat bo‘lsin?

Oddiy misol, yaqinda o‘tkazilgan respublika olimpiadasi g‘oliblarining atigi 9 foizi ushbu maktablarga to‘g‘ri kelayapti (22 nafar g‘olibdan 2 tasi ushbu maktablarda o‘qigan), vaholanki Toshkentdagi o‘quvchilarning deyarli 43,4 foizi shu maktablarga to‘g‘ri keladi (aslida 81 ta maktab Toshkentdagi maktablar sonining atigi 26 foizini tashkil etadi, ya’ni shaharning 26 foiz maktabida 43 foiz o‘quvchi o‘qiyapti!) Shunga boshqa maktablarda ta’lim sifati yomon degan iddao umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ishlab chiqilayotgan ta’lim sifatini ob’ektiv baholash bo‘yicha yangi tizim joriy etilsagina qaysi maktabda ta’lim sifati yuqori ekanligi aniq bo‘ladi (ikkinchi grafikdagi ulushlarga yaxshilab e’tibor bering!).

Нет описания фото.

Uchinchidan, qaror chiqqani bilan uni ijro mexanizmlari, tegishli dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishga va uni to‘g‘ri ishlashini tekshirishga, ayniqsa to‘lov bilan bog‘liq tizimlarga, qanchadir vaqt ketadi, shunga hozir faqat bepul qabul amalga oshiriladi.

Shuning uchun ayni paytda maktablarga pullik qabul haqida hech qanday gap yo‘q! Shu sababli ortiqcha ehtirosga berilmaslikni, “prestijnыy” maktabga bolangizni joylashtirish uchun tanish-bilish yoki pul qidirmaslikni tavsiya etaman.

P.S. Toshkentdagi qaysi maktablar birinchi navbatda ta’mirga muhtoj ekanligini izohlarda rasmlar bilan qoldirsangiz bizga yordam bo‘ladi. Mutaxassislar ro‘yxatlar tayyorlashgan, lekin ularni ham yana bir bor tekshirib olinsa foydadan holi emas. Rasmlar “avvalgi” va “hozirgi” holat uchun kelgusida foydalanishga ham qo‘l keladi, albatta", deydi vazir.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Sherzod Shermatov

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing