Shuhrat G‘aniyev judayam ziddiyatli shaxs – Deputat amakisi o‘zgarayotganini iddao qildi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev amakisi – tez-tez turli mojarolar markazida qoluvchi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev haqida fikrlarini bildirdi.

Doniyor G‘aniyev Farg‘ona viloyati hokimining jiyani (akasining o‘g‘li) ekaniga oid gap-so‘zlar rost ekanini ta’kidlab, amakisi haqiqatda ziddiyatli shaxs bo‘lib, jamoatchilikda u haqda yaxshi tasavvur shakllanmaganini ochiq e’tirof etdi. Biroq uning o‘ta mehnatkash, talabchan, yurtiga va davlat rahbariga sadoqati borasida hatto shubhaga o‘rin yo‘qligini alohida qayd etgan.

“Boricha aytish kerak. Shuhrat Madaminovich judayam ziddiyatli shaxs. Ijtimoiy tarmoqlarda turli audioyozuvlar natijasida xalq ko‘z o‘ngida noto‘g‘ri siymo shakllanib qolgan. Ammo men sizga ikki odam: Shuhrat Madaminovich va amakim haqida gapirishim mumkin. Birinchi navbatda Shuhrat Madaminovich haqida gapiradigan bo‘lsam, viloyat hokimiyatida ishladim, bu inson menga ustoz, undan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Odamlar har xil gaplarni gapiraveradi. Ammo oldin u bilan ishlab, keyin unga baho bersa, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki u bilan ishlagan vaqtlarimda, bu odamdek, vatanparvar va qattiq mehnat qiladigan insonni ko‘rmadim juda ko‘pchilik “sen jiyani bo‘lganing uchun yumshoq muaomala qiladi”, deyishgan. Lekin men viloyat hokimining qabulxonasidan qo‘ng‘iroq bo‘ladigan bo‘lsa, qo‘rqadigan bo‘lib qolganman. Shu darajada talabchan”, deya amakisi haqida gapirgan yosh deputat.

Shundan so‘ng, deputat hokim Shuhrat G‘aniyev eski boshqaruv shakliga moslashganini va o‘zini o‘zgartirib borayotganiin aytib o‘tdi. Shu bilan birga amakisining davlatga va Prezidentga sadoqatli ekanini alohida e’tirof etgan.

“To‘g‘ri ziddiyatli tomonlari bor. O‘zlarig ham ko‘p bor tanqidlarimni aytaman. Ular eski davrda ishlashgan. Ularning shaxsi shunday shakllangan. Lekin zamon o‘zgarganini biz ham aytyapmiz, o‘zlari ham tushunib yetyaptilar. Bundan buyog‘iga jamoatchilik bilan ishlash kerakligini tushunib, boshqaruv shakllarini o‘zgartiryapti.

Men bu insonning juda ko‘p yaxshi hislatlarini o‘rgandim. Yomon tomonlarini ham ko‘ryapmiz, takrorlamaslik uchun xulosa qilyapmiz. Lekin atrofdagi rahbarlarda bu insondagidek vatanparvarlik, mehnatsevarlik davlatga va davlat rahbariga sadoqatni ko‘rmadim”, yeydi deputat G‘aniyev.

U so‘zida davom etib, ko‘plab qahramon darajasiga olib chiqilgan, yangi formatda ishlashi aytiladigan rahbarlar aslida quruq gap bilan cheklanishi, amaliyotda no‘noq ekanini ta’kidlagan. 

“Shunaqa rahbarlarimiz bor, jamoatchilik ko‘z o‘ngida ular farishta. Chunki ular jamoatchilik bilan ishlashadi, yaxshi gaplar aytishadi va ko‘pchilikning nazdida ular yangi formatdagi yaxshi rahbar. Qahramon darajasiga ko‘tarilgan ko‘p rahbarlarning mehnat faoliyatini ko‘taradigan bo‘lsangiz, quruq gap xolos. Ya’ni, odamga yoqadigan gapni gapiradi, amalda hech narsa yo‘q. Lekin Shuhrat Madaminovichga o‘xshagan ko‘plab rahbarlar bor, to‘g‘ri, ular jaydari, qo‘pol, odamlarning qulog‘iga yoqadigan gapni gapirishni bilmaydi, ammo ular juda mehnatsevar. Agar bu odamni mehnati bo‘lmaganda, davlat rahbari ilk bor u haqda negativ fikrlar shakllanganda uni lavozimidan ozod etgan bo‘lardi”, deya fikrlarni bildirgan Doniyor G‘aniyev.

Doniyor G‘aniyev Oliy Majlis deputatligiga 11-Marg‘ilon saylov okrugidan saylangan. U parlament quyi palatasining yosh va eng faol sanoqli deputatlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, o‘zining bir qator tanqidiy chiqishlari bilan yaxshi tanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shuhrat G'aniev Doniyor G'aniev

Baholaganlar

413

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing