Shuhrat G‘aniyev sudsiz jazolashni yo‘lga qo‘ydi...mi?
Jamiyat
−
30 Sentabr 2019
9641Qator xorijiy ommaviy axborot vositalarida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev o‘tgan hafta boshida o‘tgan selektor yig‘ilishida so‘zlagan nutqining audio yozuvi e’lon qilindi.
Audioyozuvda hokim selektor yig‘ilishida Rishtonda gologrammasiz diniy kitob sotayotganda qo‘lga tushganlarni 5 sutkadan qamashni buyurganini eshitish mumkin. Shuningdek, u hokim orqali sudyalarga ham topshiriq bergan.
“Ichki ishlar va sudyalarni ham chaqirib, hurmatli hokim. Mahalla fuqarolar raisini ham besh sutkaga jarima qilib qamaysizlar. Bunaqa mahalla raisi ham kerakmas, posponi ham kerakmas. Rishtonning xotin-qizlar qo‘mitasini ishdan olib tashlanglar”, deydi hokim.
Shuhrat G‘aniyev reklamalarni tanqid qilib, uchta reklama firmasini 300 million so‘mdan jarimaga tortishni buyuradi.
“Hozir uchchovini chaqirasan-da, tushuntirish xati olib, uchchala tashkilot har biriga 300 milliondan 900 million so‘m jarima solasan. Qonuniy jarima solasan”, deydi viloyat hokimi.
Jarima solish uchun sud qarori kerakligi haqida gap so‘z bormagan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida “Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas”, deb alohida belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, bosh qonunning 106-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi”, deb ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi