Shri-Lankada vertolyot qulashi oqibatida olti harbiy halok bo‘ldi (video)
Olam
−
10 may 3856 2 daqiqa
Kecha, 9 may kuni Shri-Lankaning markaziy qismidagi Maduru Oyya suv omboriga Bell 212 vertolyoti qulab tushdi va oqibatda vertolyot ichida bo‘lgan 6 nafar harbiy vafot etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Harbiy-havo kuchlari vakilining so‘zlariga ko‘ra, havo kemasi mamlakatda fuqarolar urushi tugaganining bir yilligiga bag‘ishlangan bo‘lajak harbiy paradga tayyorgarlik ko‘rish doirasida o‘quv parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgan.
Halokatdan so‘ng darhol olti nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, to‘rt nafar maxsus kuchlar jangchisi va ikki nafar havo kuchlari askari olgan jarohatlari tufayli vafot etgan.
Hodisaning rasmiy sababi hozircha aytilmagan. Harbiy havo kuchlari vakilining ta’kidlashicha, tergov davom etmoqda va hodisa tafsilotlari keyinroq e’lon qilinadi.
Halokat harbiy aviatsiya ishtirokidagi avariyalar ilgari qayd etilmagan hududda sodir bo‘lgan. Mamlakat rasmiylari halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan va mashg‘ulotlarga jalb qilingan vertolyotlarning texnik holatini har tomonlama tekshirishga va’da bergan.
Ma’lumot uchun, Bell 212 – ko‘p maqsadli vertolyot, Bell 204/205 ning ikki dvigatelli varianti. Amerikaning Bell Helicopter Textron va Pratt & Whitney firmalari tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan. Vertolyot dastlab Kanada qurolli kuchlari uchun CUH-1N sifatida ishlab chiqilgan, keyinchalik CH-135 deb o‘zgartirilgan.
Birinchi parvoz 1968 yil avgust oyida amalga oshirilgan. Seriyali ishlab chiqarish 1971 yilda yo‘lga qo‘yilgan. 2014 yil sentyabr oyida AQSH dengiz piyodalari ushbu turdagi so‘nggi vertolyotni hisobdan chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Uttarakxand shtatida vertolyot qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va ikki kishi jarohat olgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr